Sahnada bahor tarovatini ko`z-ko`z etuvchi manzara aks ettirilgan. Uzoq-uzoqlardan bulbul, sa’va kabi qushlarning xonishi eshitiladi. Ariqlarda suvlarning jildirab oqayotgani, qiyg`os ochilgan gullarning tasviri, ko`m-ko`k qir-adirlar, purviqor tog` manzaralari, gullagan dov-daraxtlarning chiroyi zalda o`tirganlarga bahoriy kayfiyat, ko`tarinki ruh baxsh etadi.
(Sahnaga jarchi chiqib keladi, barchani Navro`z sayliga chorlaydi).
Jarchi:
Odamlar-u odamlar,
Bog`da bitgan bodomlar!
Eshitmadim demanglar,
Navro`zni olqishlanglar,
Sayldan kech qolmanglar!
Bozorlar bo`lsin to`kin,
Xalqimiz eksin ekin,
Hunarmand-u kosiblar,
Chevar-u holvagirlar,
Barcha-barchangiz bu kun,
Sayldan kech qolmanglar!
Tun-u kun tenglashadi,
Hamma bir muchal oshadi,
Baxt keltirsin yangi yil,
Sevinchlarga to`lsin dil,
Sayldan kech qolmanglar!
(Jarchi bir aylanib, sahnadan chiqib ketadi. Sahnaga birin-ketin suxandonlar kirib kelishadi).
1-suxandon:
Assalom, ona yurt, tonglar o`lkasi!
Ta’rif-tavsifingning yo`q nihoyasi.
Senga bag`ishlanur muqaddas qo`shiq.
Bu o`zbek elining o`z madhiyasi.
2-suxandon:
Yana ko`k tubida sayraydi qo`shiq,
Yana ko`hna zamin yam-yashil ko`rpa.
Yana tandan ketdi mudrash-u tushlar,
Yana yoshdek dilda o`ynar ming turfa.
1-suxandon:
Tarixing, ta’rifing tillarda doston,
Quyosh charaqlaydi, moviydir osmon,
Hofiz qo`shiq aytar, raqs etar jonon,
Sevinch bag`ishlaysan, keksa-yu yoshga,
Navro`zjon, bu yilgi kelishing boshqa.
2-suxandon:
Bir yon katta kurash, bir yon ko`pkari,
Askiya, aytishar, o`lanlar bari.
Yangalarning aytgan avjli yor-yori,
Sevinch bag`ishlaysan keksa-yu yoshga
Navro`zjon, bu yilgi kelishing boshqa!
1-suxandon:
Assalomu alaykum, fan bog`ining bog`bonlari, mehribon ustozlar hamda ilmga chanqoq o`quvchi-yoshlar!
Yurtimizga o`zining zarrin sepini yoyib, husn-u tarovatini ko`z-ko`z qilib, fasllar kelinchagi – Bahoroy kirib keldi.
2-suxandon:
Ha, bahor-uyg`onish, yasharish fasli. Bu faslda ko`ngillarimiz shodlikka, zavq-u shavqqa oshufta bo`ladi. Bahor-bayramlar, shodyonalar fasli.
1-suxandon:
Yaqindagina 8-mart-Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlagan edik. Endi esa qadimiy va hamisha navqiron, ulug` ayyomimiz Navro`zi olam eshik qoqmoqda. Navro`zi olam muborak bo`lsin!
2-suxandon:
Har yil bahorda Navro`z tantana qiladi. Bahordagi an’analar, urf-odatlar xalqimizni hech qachon tark etmaydi, aksincha, Navro`z sayli yil sayin takomillashib, sayqallashib, boyib boraveradi. Darvoqe, Navro`z ko`p ming yillik tarixga ega.
Sharq xalqlarining azaliy va abadiy bayrami bo`lgan Navro`z to`rt ming yillik tarixga ega. Navro`zning kelib chiqishi va shakllanishiga oid qimmatbaho manbalar zardo’shtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto”, mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Abulqosim Firdavsiy, Nosiriddin Rabg`uziy, Yusuf Xos Xojib, Navoiy kabi mutafakkirlarimizning qimmatli ma’lumotlarida Navro`z muhabbat, do`stlik, poklik, va insonparvarlik ramzi sifatida ulug`lanadi.
Madina:
Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarida keltirilishicha. Jamshid (qadimgi Eron shohlaridan biri) temir eritib, qurol yasashni, ip yigirib, kiyim tikishni, uy, hammomlar qurishni ixtiro qildi. So`ng kishilarni o`z qobiliyati, hunariga qarab guruhlarga ajratadi.
Nihoyat, bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko`tariladi, bu farvardinning birinchi kuni edi. Hamma juda baxtiyor, shu kuni yangi yil boshi bo`lib, an’anaga aylanib qoladi. (“Farvariddin” pahlaviycha so`z bo`lib, u hamal burjiga oiddir, ya’ni 21-martdan 22-aprelgacha bo`lgan davrdir)
Laziza:
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida quyidagilarni yozgan. “U kunni “Navro`z” deb atashining sababi Jamshid podshoh bo`lgach, majusiylar dinini yangiladi va bu kun “Navro`z” – “Yangi kun” deb ataldi”.
Sobirjon:
Sharqning buyuk donishmandi, falakiyot bilimdoni Umar Hayyom o`zining “Navro`znoma” asarida “Navro`z” so`zi birinchi marta zardo’shtiylik dinining muqaddas kitobi (eramizdan avvalgi III-II asrlar) “Avesto”da tilga olinganligini qayd etadi. Navro`z bayram sifatida tilga olingan “Avesto”da inson hayotining mazmuni uch ma’noda mujassam topmog`i lozimligi ham qayd etilgan. Bular – ezgu fikr, ezgu so`z, ezgu amallardir.
G`anisher:
Navro`z kunida bir soat bor. Shu soatda Feruz (baxt falagi) ruhlarni, maxluqotni yaratishga haydaydi. U kunning eng saodatli soatlari – quyosh soatlaridir. Uning tongida yorug`lik imkoni boricha yerga yaqinlashadi. Odamlar unga qarashi bilan o`zlarini baxtli sanaydilar.
Nozima:
Biz ko`hna tarix sahifalariga Navro`zni izlab sayr etar ekanmiz, nigohimiz XII asrning mashhur tilshunos olimi M.Qoshg`ariyning “Devonu lug`atit-turk” sahifalariga tushadi. Chunki jahonga mashhur bu asarida muallif Navro`zni insonlar qalbidan joy olgan qo`shiqlarini tahlil etadi.
Dilnavoz:
Tarix, zamonlar, asrlar guvohki, Navro`z ezgulik, poklik, muhabbat timsoli sifatida ulug`lanib, nishonlanib kelinmoqda. Hamisha shoirlar Navro`zni madh etib keladilar.
Bejizga biz Navro`zni milliy bayramimiz deya qadrlamaymiz. Chunki Navro`z-biz bilan, xalqimiz bilan birga ming-ming yillarni yashab kelayotgan bayram. Unda buyuk ajdodlarimizning ulug` ruhlari bor.
(Birin-ketin davraga ulug` allomalar kirib keladi va o`zlarining Navro`z haqidagi she’rlaridan parchalar aytadilar).
Hofiz Sheroziy:
Gul jamoli dilga yoqmas beginor,
Zavqi yo`qdir bodasiz bo`lsa bahor.
Bahrasi yo`q bog`-u bo`ston sayrini,
Bo`lmasa bir lola yuzli guluzor.
Umar Hayyom:
Gul chehrasida nasmi Navro`z na go`zal!
Kezganda chaman bo`lsa dilafruz na go`zal!
Shod bo`lsang-u har lahza bugun zavqi bilan,
O`tgan kundan hech ochmasang so`z na go`zal!
A.Navoiy:
Muvofiq kiydilar, bo`lmish magar Navro`z ila bayram,
Chaman sarvi yashil xilqat, mening sarvi ravonim ham.
Z.M.Bobur:
Yuzi Navro`zi-yu vasl iydini Bobur g`animat tut,
Ki mundin yaxshi bo`lmas bo`lsa yuz Navro`z-u bayramlar.
Nodirabegim:
Ey mehri jamoli olamafruz,
Ayrjomi visoling – iydi Navro`z.
Z.X.Furqat:
Fasli navbahor o`ldi, ketibon zimistonlar,
Do`stlar, g`animatdur, sayr eting gulistonlar.
Subhidam tushib shabnam, bo`ldi sabzalar xurram,
Gul uza tomib kam-kam, yog`di abri naysonlar!
A.Avloniy:
Bahor ayyomidir ayyom,
Demish shoir Umar Xayyom.
Ketur ey soqi, gulgun jom,
Bo`lur hijron chunon bulbul.
(Allomalar sahnani asta-sekin tark etishadi), “Bahor vasli” kuyi yangraydi. Kichkinagina qizaloq o`z o`rtoqlari bilan ko`m-ko`k o`tlar uzra chopib boychechak izlaydi. Nihoyat, boychechakni topadi. “Urey, mana boychechakni topdim. Yuringlar, qizlar, uni buvijonimga olib boramiz”. (Yugurishib sahnadan chiqib ketishadi).
1-suxandon:
Taklif etilgan barcha mehmonlar kelib bo`lishdi. Negadir Dono buvimiz biroz kechikishyapti. Endi nima qildik – a?
Balki biroz kutarmiz.
2-suxandon:
Ana qarang, gapingiz og`zingizda qoldi. 100 yoshli buvijonimiz kelyaptilar. Kelinglar, ularni olqishlar bilan kutib olaylik.
(Bolalar qarsak chalishadi).
1-suxandon:
Assalomu alaykum, buvijon!
Buvi:
Va alaykum assalom, bolajonlarim! Kechirasizlar. Nevaram Xolidaxon bilan bir bemor o`rtog`imning ahvolini so`rab o`taylik degan edik. O`sha yerda biroz ushlanib qoldik. Kela-kela qabristonga kirib, o`tgan ajdodlarimizning ruhini shod etish uchun fotiha ham o`qib keldik. Voy o`zim aylanay sizlardan!
Rahmat, buvijon, doimo bardam-baquvvat bo`ling, yana uzoq yillar yashang, bizlar xizmatingizda bo`laylik!
(Shu payt qo`lida boychechak ushlagan qizcha yugurib kelib, boychechakni buvisiga tutadi).
Nasiba:
Buvijon, boychechakni topdim-u, siz tomonga yugurdim.
Buvi:
“Rahmat qizalog`im. Mana, bahor boshlanibdi. Omonlik-somonlik, yanagi yilga ham yetaylik”, — deb duo qilibdi.
Bolajonim, endi sen ham o`rtoqlaring bilan o`tirib, bayramni tomosha qilinglar.
1-suxandon:
Bugungi bayramingizga Bahoroy, Navro`zjon, Dehqonbobo va Cho`ponbobolar ham mehmon bo`lib kelishgan.
(Shu payt mayin kuy ohanglari ostida sahnaga Bahoroy va Navro`zjon kirib kelishadi)
Bahoroy:
Mana, men go`zal bahor,
Yetib keldim sizlarga.
Jon kiritdim daraxtlarga,
G`unchalar ildizlarga.
Oppoq o`rik gullarim bilan,
Iliq quyosh nurlarim bilan.
Yashillanib, dam olovlanib,
Kamalakdek ming xil tovlanib,
Mehmon bo`lib keldimsizlarga.
Navro`zjon:
Assalomu alaykum, beg`ubor qalblari o`yin-kulgiga, qo`shig`-u raqsga, san’atga ixlosmand, qadrli yoshlar! Mana, o`lkamizda so`lim bahor. Hamma yerda go`zallik, yangilanish, yasharish. Yurtimizning har bir go`shasida, mahallalarda bayram shodyonalari.
Menimcha, bugundan boshlab, dehqonchilik ishlari ham boshlansa kerak-a?
2-suxandon:
Ha, albatta. Bugun davramizga Dehqonbobo ham mehmon bo`lib kelganlar. Bugun dehqonbobo dalaga chiqib, ilk marta yerga ketmon urmoqchi. Marhamat, Dehqonbobo, dala ishlarini boshlab bersangiz.
Dehqonbobo:
Bismillohir rohmanir rohim!
Eshi yil ketdi,
Yangi yil keldi.
Doshqozonlar tizilsin,
Sumalaklar suzilsin!
Bug`doy pishib chosh bo`lsin!
Rizq-u, ro`zimiz tog` bo`lsin!
Omin, Ollohu akbar!
(Dehqonbobo dalaga ketmon urib, urug` sochadi).
1-suxandon:
Marhamat, do`stlar, navbat Navro`z qo`shiqlariga!
Niyoz:
Dehqon dala aylandi,
Ho`kiz shoxi moylandi.
Omoch, mola, cho`nqa tish.
Dehqonbobo shaylandi.
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Adiz:
Arpa-bug`doy sepilsin,
Maysa unib yetilsin,
Dehqon ishi o`ng kelsin,
Omborlarga don to`lsin.
Yangi yil qutli bo`lsin,
Qozonlar sutli bo`lsin.
Um uf, jaqala, um uf, jaqala
Zohid:
Bugun bayram – yilboshi,
Yilboshiga el oshi.
Har ro`zg`orning himmati.
Palovmi yo sut oshi,
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Asqar:
Qattiq oshi, sut oshi,
Qo’noq bo`tqa, so`k oshi.
Shovla pishgan ilikday
Kichirining zo`r moshi
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Shuhrat:
Ochligimiz yo`q bo`lsin,
Momo, qorin to`q bo`lsin,
Rizqimiz butun bo`lsin,
Umrimiz uzun bo`lsin.
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Sanjar:
Tog`da bulbul sayraydi,
Tol bag`rini chaynaydi.
Shu ukamdan so`rsangiz,
Qo`zichoqday sakraydi.
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Ulug`bek:
Omad bizga jo`r bo`lsin,
Noz-u ne’mat ko`p bo`lsin.
Baxtimizga tinch zamon,
Davr-u davron zo`r bo`lsin-
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
Jamshid:
Gul lolalar ochilsin,
El-u yurtga sochilsin.
Doim tinch zamon bo`lsin,
El-u yurt omon bo`lsin.
Um uf, jaqala, um uf, jaqala.
2-suxandon:
Bugungi davramizda Cho`pon bobo ham mehmon bo`lib turibdilar, endi u kishidan tilaklarini eshitamiz.
Cho`pon bobo:
Yangi yilimiz barakali yil bo`lsin-u qo`zilarimiz faqat egiz qo`zilasin.
1-suxandon:
Rahmat, bobojon, yaxshi tilaklaringiz uchun. Azizlar, Navro`zning o`z an’analari, urf-odatlari bor. Navro`z urf-odatlariga rioya qilgan kishi kam bo`lmaydi. Qani, kim qanday Navro`z urf-odatlarini biladi?
Fotima:
Navro`zga tayyorgarlik ko`radilar. Hovli, uylarni tozalaydilar.
Tohir:
Navro`zga qadar daraxt tanalarini oqlaydilar.
Shahboz:
Navro`zga qadar bog`lardagi xazonlarini yig`ib, yoqadilar.
Dilfuza:
Navro`zda bug`doy undirib, sumalak pishiradilar.
Farhod:
Navro`zda yangi kiyim-bosh kiyishadilar.
Xurshid:
Navro`zda qiz-javonlarga yangi kiyim-kechak olib berib, ularni xursand qiladilar.
Navro`z kuni bemorlarga bayram taomlari jo`natiladi.
1-suxandon:
Rahmat, bolalar, mana, javoblaringizdan bildikki, sizlar Navro`z urf-odatlarini yaxshi o`rganib olibsizlar. Ularga amal qilsangiz, nur ustiga bur bo`lardi.
2-suxandon:
Endi sizlarning e’tiborlaringizga o`zbek milliy raqsi “Lazgi”ni qizlarmiz ijrosida havola etamiz.
1-suxandon:
Xalqimiz orasida Navro`z haqida juda ko`p afsonalar yaratilgan. Ular haqida nimalar deya olasizlar?
Yulduz:
Men hozir sizlarga “Jamshid mo`jiza yaratgan kun” afsonasini aytib beraman.
Jamshid podshoh bo`lgach, majusiylar dinini yangiladi va bu ish qilingan kunni Navro`z ya’ni yangi kun deb ataydi. Bu kun garchi Jamshiddan oldin ham hurmat qilingan bo`lsa-da, hayitga aylantirilmagan edi.
Navro`zni hayit qilish to`g`risida bunday ham deyilgan. Jamshid o`ziga arava yasattirib olgach, o`sha kuni aravaga chiqdi. Jinlar va shaytonlar uni havoga ko`tarib, bir kunda Dunbovanddan Bobilga olib bordilar. Odamlar bu ajoyib voqeani ko`rgach, o`sha kunni hayit qildilar va Jamshidning aravada uchishiga taqlid qilib, arg`umchoqlarda uchdilar.
Men “Sulaymonning uzugi” afsonasini so`zlab beraman.
Sulaymon ibn Dovud o`zining sehrli uzugini yo`qotib qo`yibdi. Taxti poyi qo`lidan ketgan podsho ko`p xafa bo`lib, aziyat chekibdi. Ammo oradan 40 kun o`tgach, uning uzugi topilib, avvalgi ravnaqi yana o`ziga qaytib kelibdi. O`sha kuni olamdagi barcha xonlar, jonivorlar-u qushlar, devlar-u ajdarholar Sulaymonning yoniga bosh egib kelibdilar. Buni ko`rgan eronliklar: “Navro`z omaded, ya’ni yangi kun keldi”,- deyishibdi. Shu-shu o`sha kun Navro`z deb ataladigan bo`libdi.
Sehrli uzugi topilgach, Sulaymon shamolga buyuribdi. Shamol uni taxti bilan ko`tarib, uchurib ketayotgan ekan, bir qaldirg`ochning uyasiga duch kelib qolibdi.
Shunda qaldirg`och: “Ey podshoh, uyimda bir necha tuxumim bor edi. Ularga ozor berma”,- debdi.
Shunda Sulaymon qaldirg`ochning uyasini chetlab o`tib, bir xushmanzara joyga borib qolibdi. Shu payt haligi qaldirg`och og`zida suv olib kelibdi va Sulaymonga chigirtkaning oyog`ini hadya qilibdi.
Navro`z kuni suv sepib, sovg`alar berish udumi ana shundan qolgan ekan.
(O`quvchilar “Olov kashf etilgan kun”, “Jamshidning taxti” kabi Navro`z bayrami bilan bog`liq afsonalarni ham so`zlab berishadi).
1-suxandon:
Endi yigitlarimiz ijrosida o`zbek shoiri Muhammad Yusuf so`zi bilan aytiladigan “Navro`z” ashulasini tinglaymiz. Marhamat, tinglang.
Navro`zda Navro`zni ko`ming deyishdi,
Ko`ming va sukutga cho`ming, deyishdi.
Eskilik sarqiti asli bu sayil,
Ey bandayi mo`min deyishdi.
Mo`minlarning boshi egildi yerga,
G`alat qirg`inbarot boshlandi, do`stim.
Go`daklar jang qildi, oqsoqollar jim,
Shaxsan men bir yilda o`n yilga o`sdim.
Birov demadiki, ey gulira’no,
Navro`zlarsiz axir senda ne ma’no?
Xushomad yog`ildi iblis iziga
Shaytonga o`qildi ming hamdu sano.
Xo`sh, keyin ne bo`ldi, dersiz keyin-chi?
Mo`tabar sahnadan tushdi “o`yinchi”,
Qayga g`oyib bo`ldi, xudo biladi,
O`sha xudosizni izlab ko`ringchi.
Joningdan aylanay, Navro`z, kel endi,
Qirq yil qirg`indan ham omon qolganim.
Men seni hech kimga bermayman endi,
Yalmo`giz qo`ynidan tortib olganim.
2-suxandon:
Xalq maqollarida ham Navro`z ulug`langan. Sizlar Navro`z haqida qanday maqollarni bilasizlar?
Fotima:
Navro`zdan so`ng qish bo`lmas,
Mezondang so`ng yoz bo`lmas.
Tohir:
Hut kirdi, yer ostiga dud kirdi.
Sanjar:
Ulus kuni baraka bersin,
Yomonlik yerga kirsin.
Shuhrat:
Hamal yig`loq-savr yig`loq.
(“Andijon polkasi” raqsii ijro etiladi).
1-suxandon:
Bizning elda bu ayyom,
Sumalaksiz o`tmaydi.
Yalpiz, somsa yopmasdan,
Aziz mehmon kutmaydi.
Ha, azizlar, Navro`zni halim, halisa, go`ja va sumalaksiz tasavvur eta olmaymiz. Endi Aziz mehmonimiz Dono buvidan sumalak tayyorlash haqidagi fikrlarni eshitsak.
(Dono buvi sumalakning tayyorlashnishi haqidagi tajribalarini gapirib beradilar).
2-suxandon:
Rahmat, Dono buvi! Sizdan sumalak tayyorlashni bilib oldik. Qani, bolalar, sizlar sumalak va uni tayyorlanishi haqida qanday fikrlar bilasizlar?
Shahboz:
Sumalak bug`doyi undurilayotgan uyga begona kishi kiritilmaydi, tahorat qilib poklangan, ko`ngli toza odam bug`doy undurilayotgan uyga: “Bismillohir rohmanir rohim”,-deb kirib, maysaga suv sepadi.
Dinora:
Bug`doy maysasini odamlar ko`zlariga surtadilar.
Eldor:
Sumalak pishiriladigan kuni hamma ohorlik kiyim kiyadi. Yangi kiyimi bo`lmagan kishi barmog`iga ohorli mato bo`lagini bog`lab qo`ysa ham savob bo`ladi deyishadi.
Sanjar:
Sumalak pisiriladigan kuni otinoyilar avval qur’on o`qib, o`choq atrofiga chiroq yoqadilar, arvohlarga is chiqaradilar.
Jamshid:
Sumalak sharbatini qozonga solishdan avval doshqozondagi yog` qizdiriladi va tuzsiz xamirdan bog`irsoq pishirib, is chiqariladi.
Anvar:
Doshqozon tagiga o`tin qalayotgan ayol ko`nglida nima niyati bo`lsa, sumalak oldida aytsa, orzusi amalga osharmish.
Dilfuza:
Nopok odamlar sumalak qozon atrofiga yaqinlashtirilmaydi. Ular tahoratsiz qozonga yaqinlashsalar, qozon toshadi.
Maftuna:
Farzandtalab ayol sumalak pishirilayotgan qazon atrofini uch marta aylanib, niyatini aytsalar, murodlari hosil bo`ladi.
Luiza:
Sumalak tarqatilgandan keyin yaxshi niyat qilgan ayol doshqozonni yuvadi. So`ngra duo o`qib, qozon ichidagi suvni biror mevali daraxt tagiga to`kadi.
1-suxandon:
Rahmat, bolalar!
Hammamizga ma’lumki, o`zbek xalqi qadim-qadimdan o`yin-kulgiga o`ch. Navro`zni o`yin-kulgisiz tasavvur etish qiyin. Navbat, Navro`z qo`shiqlariga.
(“Boychechak”, “Kim oladi-ya”, “Sust xotin”, “Sumalakjon, sumalak” kabi ashula va raqslar ijro etiladi).
2-suxandon:
Navro`zni milliy o`yinlarsiz ham tasavvur etish qiyin. “Kurash”, “Xo`roz va qo`chqor uyushtirish”, “Ko`pkari”, “Ahug”, “Do`ppi tushurdi”, “Tuxum yorar”, “Varrak uchurish” kabi milliy o`yinlarimiz mavjud. Hozir sizlarni “Arqon tortish” o`yiniga taklif etamiz. Yigitlarimiz ikki guruhga bo`linib, arqon tortishadi.
1-suxandon:
Odatingni tark etma, Navro`z,
Yangi yilim – bahorim bahor.
Ta’rifingga topilgaymi so`z,
Hur diyorim, mangu iftixor!
2-suxandon:
Baxtimizga Navro`z bor bo`lsin,
Katta-kichik baxtiyor bo`lsin.
Omon bo`lsin, el-u yurt omon,
Omon bo`lsin turguncha zamon!
1-suxandon:
Xalqim, bayramlardan chiqmasin boshing,
Ushbu kun farqlay bil, yaxshi-yomonni.
Ogohlik doimo bo`lsin yo`ldoshing,
Ko`kka ko`taraylik O`zbekistonni.
El-u yurtim, Navro`zday uzaysin yoshing,
Mangu porlayversin hurlik quyoshing!
2-suxandon:
Shuning bilan Navro`z bayramiga bag`ishlangan “Odatingni tark etma, Navro`z!” deb nomlangan tadbirimiz o`z nihoyasiga yetdi.