Chernogoriya Respublikasi

Maydoni: 13 812 kv. km.

Aholisi: 626 000dan ortiq.

Poytaxti: Podgoritsa shahri.

Boshqaruv shakli: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 21 ta jamoaga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Nikshich, Plevlya, Biyelo Pole, Xerseg Novi, Berane, Setine, Budva.

Pul birligi: yevro.



Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubi-sharqiy Yevropada, Bolqon yarimorolida joylashgan. Janubi-gʻarbiy qir­gʻoqlarini Adriatika de­ngi­zi yuvib turadi. Quruqlikda: gʻarbda Xorvatiya, shimoli-gʻarbda Bosniya va Gersegovina, shimoli-sharqda Serbiya, janubi-sharqda Albaniya bilan chegaradosh.

Mamlakat hududini shartli ravishda uch qismga ajratish mumkin: Adriatika dengizi sohillari, markazdagi tekisliklar va shimoldagi togʻ hududlari. Dengiz suvlari harorati yetti oy davomida +12 – +26 daraja atrofida boʻladi. Eng uzun daryolari: Tara ­(144 km), Lim (123 km), Cheotina (100 km), Moracha (99 km), Zeta (65 km) va Boyana (30 km). Daryolarning yarmidan koʻpi Qora dengizga, qolganlari Adriatikaga quyiladi. Chernogoriyaning va butun Bolqon yarimorolining eng katta koʻli – Shkoder. Oʻlka hududining 41 foizini oʻrmon va daraxtzorlar, 39,58 foizini oʻtloqlar tashkil etadi. Oʻsimlik dunyosi xilma-xil, mamlakat hududida salkam uch ming turdagi oʻsimlik qayd etilgan.

Iqlimi – shimolda moʻ­tadil-kontinental, Ad­ria­tika sohillarida Oʻrtayer dengiziga xos. Dengizga yaqin hududlarda yoz issiq (+23 – +25 daraja) va quruq, qish qisqa va sovuq (+3 – +7 daraja). Togʻli hududlarda esa, yozgi harorat +19 – +25 daraja atrofida, qishki harorat +5 darajadan –10 darajagacha boʻladi. Yillik yogʻin miqdori 500–1500 mm, dengizoldi hududlarida bu koʻrsatkich 3000 mm gacha yetadi.

Tarixiy sanalari. Mamlakat nomi “qora togʻ” degan maʼnoni anglatadi. Chernogoriya mustaqil davlat sifatida XVIII asrda vujudga keldi. Usmonli sultonligidan ajrab chiqqan bu yangi davlatning poytaxti Setine shahri boʻldi. Birinchi jahon urushidan soʻng u serb, xorvat va slovenlar qirolligi tarkibiga kirdi. 1941–1944 yillarda Italiya va Germaniya istilosiga uchradi. 1946 yil 31 yanvarda Chernogoriya Sotsialistik Respublikasi sifatida Yugoslaviya So­sialistik Federativ Res­publikasiga qoʻshildi. 1991 yili Yugoslaviya parchalangach, Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya uning tarkibidan chiqib ketdi, Serbiya bilan Chernogoriya esa Yugoslaviya Ittifoq Respublikasini tuzdi. 2003 yil 4 fevraldan bu davlat Serbiya va Chernogoriya Dav­latlar Ittifoqi deb atala boshladi. 2006 yil 1 mayda referendum oʻtkazildi, uning natijalariga koʻra, oʻsha yil 3 iyunda mamlakat parlamenti Chernogoriya mustaqilligini eʼlon qildi. 2007 yil 20 oktyabr­da Konstitutsiya qabul qilindi.

Mamlakat 2006 yil 28 iyundan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi.

Iqtisodi. Mamlakat iq­tisodi qora metallurgiya, alyuminiyni qayta ishlash, elektrotexnika, toʻqimachilik, kemasozlik, yogʻochni qayta ishlash kabi sohalarga asoslangan. Alyuminiy va temir rudasi, koʻmir qazib olinadi. Ishlab chiqarish asosan tamaki yetishtirish, tuz qazib olish va alyuminiy sanoati bilan bogʻlangan. Qishloq xoʻjaligida gʻalla, kartoshka, tamaki, uzum, sitrus mevalar, zaytun va anjir yetishtiriladi.

Chernogoriya Yugoslaviya tarkibida iqtisodi qoloq davlatlardan biri edi. Mustaqillikdan soʻng, 2000 yillarning boshlariga kelib, mamlakat sayyoh­lik sohasi salohiyatidan keng foydalana boshladi. Natijada iqtisodiyot yildan yilga oʻsdi.

Aholisi. Mamlakat aholisi tarkibida chernogorlar (44,98 foiz) va serblar (28,73) koʻpchilikni tashkil etadi. Bundan tashqari, oʻlkada bosniyaliklar (8,65), albanlar (4,91), musulmon slavyanlar (3,31), xorvatlar (0,97) va boshqa millat vakillari (8,45) ham yashaydi. Asosan serb (42,88 foiz) va chernogor (36,97) tillarida gaplashiladi.

Dini. Aholining 74 foizdan ortiqrogʻi pravoslavlar. Bundan tashqari, katoliklar (3,5 foiz) va protestantlar (0,06 foiz) ham bor.

Musulmonlar soni boʻyicha mamlakatda ik­kinchi oʻrinda turadi. Musulmonlar aholining 19 foizdan ortiq qismini tashkil etadi. Ular sun­niylardir.

Islom dini bu oʻlkaga asosan XV asrdan boshlab tarqaldi. Bu davrda mamlakat hududi Usmonli sultonligi tarkibiga kirgan edi.

Musulmonlar orasida bosh­noqlar va albanlar koʻp. Musulmon aholi asosan Sanjoq viloyatida yashaydi. Mamlakatda Chernogoriya musulmonlari uyushmasi faoliyat yuritadi. Joylarda uning 13 ta boʻlimi bor.


Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

oriftolib.uz

“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 11-sonida chop etilgan.