Varikosele – urug‘ tizimchasidagi venalarning kengayishi bo‘lib, bunda urug‘donlarda vena oqimi buzilishi yuzaga chiqadi. Moyaklarda diskomfort, ba’zida og‘riq va ko‘z bilan ko‘rilganda kengaygan venalar bilan namoyon bo‘luvchi patologiyadir. Kengaygan venalar ba’zida yallig‘lanishi yoki yorilib ketib moyaklarga qon quyilishi ham mumkin. Varikoseleni o‘z vaqtida davolamasa, urug‘donlarning hajmi kichrayadi, spermatogenez jarayoni buziladi, bepushtlikka va erkaklarda “erta klimaks”ga sababchi bo‘ladi.
Varikosele – urug‘ tizimchasidagi venalarning kengayishi bo‘lib, kasallikning o‘zi inson hayoti uchun xavf tug‘dirmaydi va hech qanday diskomfort holatlariga sabab bo‘lmaydi. Lekin uning oqibatida erkaklarda “og‘rimas dard” bepushtlik kelib chiqishi mumkin. Varikosele bilan aziyat chekadigan bemorlarning sperma suyuqligi tekshirib ko‘rilganda, ularning 20-70 %ida spermatogenez jarayonining buzilganligi aniqlangan. Tibbiyotda spermogrammaga asoslanib, varikoselening darajasini belgilaydigan ko‘rsatkichlar ham bor. Varikosele kam hollarda og‘riq hissini chaqiradi.
JSST statistikasi bo‘yicha butun dunyo bo‘yicha 15-17 % erkaklar varikosele kasalligi bilan duch kelishgan. Varikoselening uchrash chastotasi erkaklarning yoshiga va yashash sharoitiga ham bog‘liq. 14-15 yoshlardagi o‘smirlarda 19,3 % gacha, harbiy xizmat chaqiruv paytlarida esa 5-7 % yoshlarda aniqlanadi. UTT (UZI) tekshiruvi o‘tkazilganda, 35 % jinsiy balog‘at yoshidagi erkaklarda varikosele aniqlanadi. Ko‘p hollarda chap urug‘ tizimchasi venalari kengayganligi aniqlanadi. Bu esa chap va o‘ng tomondagi urug‘ tizimchasi venalarining anatomik farqlanishi bilan tushuntiriladi. O‘ng tomonlama varikosele 3-8 % bemorlarda, ikki tomonlama varikosele esa 2-12 % bemorlarda uchraydi.
Varikosele sabablari
Varikosele kelib chiqishiga sabab vena qon tomirlarining klapanlari funksiyasi buzilishidir. Venoz klapanlar normada qonni ortga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi, lekin kuchli jismoniy zo‘riqish, vertikal holatda kuchli bosim tufayli qonni ortga oqishiga to‘sqinlik qila olmay qoladi. Bu holat davom etaversa vena qon tomirlari sekin astalik bilan kengaya boshlaydi va venoz chigallarning hajmi kattalashib qoladi.
Flebologiya sohasidagi zamonaviy ilmiy izlanishlar birlamchi (idiopatik) varikoselening sabablarini quyidagicha ta’riflaydi:
Venoz qon tomirlar devoridagi biriktiruvchi to‘qimaning yetishmasligi;
Urug‘ tizimchasidagi vena qomirlarining klapanlari rivojlanmaganligi yoki sustligi;
Homila vaqtida pastki kovak venalarining yaxshi shakllanmaganligi;
Buyrak venalaridagi bosimning oshishi hisobiga, urug‘ tizimichasiga venoz qonning qayta oqishi natijasida klapanlar yetishmovchiligi kelib chiqadi va vena tomirlari kengayib qoladi;
Qorin ichki bosimi oshishi urug‘ tizimichasidagi venoz chigallarda qon turib qolishiga va ularning devori kengayishiga sabab bo‘ladi. Masalan, ich qotganda, jismoniy mashqlar bilan zo‘riqish, vertikal holatda turganda kuchanish.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Bexterev kasalligi
Ikkilamchi (simptomatik) varikosele sabablari, boshqa bir a’zoda ketayotgan kasallik oqibatida kelib chiqadi. Masalan, buyraklar, kichik chanoq bo‘shlig‘I yoki qorin orti sohasida biror bir patologik holatlar bo‘lganda. Bunda urug‘ tizimchasi venalarida normal qon oqimi buzilishi kuzatiladi.
Varikosele klassifikatsiyasi
Varikoselening quyidagi darajalari farqlanadi:
0 daraja. Palpatsiya qilib ko‘rilganda varikosele belgilari aniqlanmaydi. Vena tomirlarining kengayishi faqatgina instrumental tekshiruv o‘tkazilganda bilinadi (UTT (UZI), doplerografiya);
1-daraja. Yotgan holda kengaygan venalar aniqlanmaydi. Turgan holda palpatsiya qilib ko‘rilganda varikosele belgilari seziladi;
2-daraja. Yotgan holda ham turgan holatda ham urug‘ tizimchasi venalari palpatsiya qilib ko‘rilganda kengayganligi aniqlanadi;
3-daraja. Uruga‘ tizimchasi va moyak venalari kengayganligi oddiy ko‘z bilan ham ko‘rinadi.
Varikosele belgilari
Varikoselening klinik belgilari uning darajasiga bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. 0 va 1 darajadagi varikoseleda belgilar bo‘lmaydi. Varikosele kasalligi faqatgina profilaktik tekshiruvlarda aniqlanadi.
2-darajadagi varikoseleda bemorlar moyak sohasidagi og‘riqqa shikoyat qiladilar. Bunda og‘riq kuchi har xil ko‘rinishda bo‘ladi. Ayrim insonlarda yurganda diskomfort va og‘riq hissini sezsalar, ayrimlarda esa to‘satdan paydo bo‘ladigan nevralgik og‘riqlar kabi namoyon bo‘ladi. Moyak sohasida achishish va ko‘p ter ajralishi mumkin. Varikosele bilan kasallangan ko‘pchilik bemorlar jinsiy hayotning susayganligiga shikoyat qilishadi. Fizikal ko‘ruvda urug‘ tizimchasi venalarining kengayganligi va moyaklardan pastroqqa tushib turganligini ko‘rsa bo‘ladi, ya’ni moyakning ikkala tomoni assimetrik ko‘rinishda bo‘ladi.
3-darajadagi varikoseleda jismoniy harakat va og‘riq paydo bo‘lish bog‘liqligi yo‘qoladi, og‘riq doimiy xarakterga ega bo‘ladi. Bemorni tinch turganda ham uxlaganda ham og‘riq bezovta qiladi. Tashqi ko‘ruvda venoz chigallarning aniq kengayganligi aniqlanadi. Moyakning kattalashganligi va assimetriyaning kuchayganligi seziladi.
Varikosele kasalligi diagnostikasi
Odatda varikoseleni aniqlash flebolog uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bemordan patologiyaning qanchadan beri davom etayotgani va moyak sohasidagi olingan travmalar haqida ma’lumot yig‘iladi. Vizual ko‘ruv orqali moyakning assimetrikligi, venoz chigallarning kengayganligiga e’tibor qaratiladi.
Palpatsiya qilib ko‘rilganda yumshoq venoz chigallar chuvalchangsimon shaklda seziladi. Ba’zi bemorlarda varikosele kuzatilgan moyakning kichrayganligi aniq bilinadi.
Varikoseleni aniqlashda palpatsiya, albatta bemorning yotgan holatida va turgan holatida ham tekshiriladi. Agar o‘ng tomonlama venoz qon tomirlar turgan holda ham kengaymaganligi aniqlansa, bu birlamchi varikoseledan dalolat beradi. Bemor yotgan holda ikkala tomon yoki o‘ng tomonlama venalarning kengayganligi aniqlansa, bu ikkilamchi (simptomatik) varikoseledan darak beradi. Bunday holatlarda kasallikning asl sababini aniqlash kerak bo‘ladi, ya’ni buyraklar va qorin orti bo‘shlig‘I UTT tekshiruvi o‘tkaziladi. Qon tomirlar trombozi hamda ikkilamchi varikoselega sabab bo‘luvchi boshqa patologiyalar UTT tekshiruvida aniqlanmasa, kompyuter tomografiyasi yoki MRT tekshiruvi o‘tkaziladi. Balog‘atga yetgan bemorlarda spermogramma tekshiruvi ham buyuriladi. Bunda spermogrammada astenoospermiya (spermatozoidlar aktivligi kamaygan) va oligospermiya (spermatozoidlar miqodrining kamayishi) aniqlanadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Varikotsele tezkor jarrohlikka muhtojmi
Termometriya, moyaklarning UTT (UZI), doplerografiya tekshiruvi, teplografiya va reografiya tekshiruvlari qo‘shimcha diagnostik usul hisoblanadi. UTT (UZI) va doplerografiya tekshiruvi subklinik varikoseleni aniqlashda ancha yaxshi ma’lumotlar beradi.
Varikoseleni davolash
Ikkilamchi (simptomatik) varikoselening davosi, asosiy kasallikni bartaraf etishdir. Birlamchi varikoselening 0 va 1 darajasida operativ-xirurgik muolaja talab etilmaydi. Bunday holatda faqatgina kichik chanoq sohasida qon oqishi to‘xtab qolmasligi uchun profilaktik chora tadbirlar o‘tkaziladi (jismoniy zo‘riqishni kamaytirish, surunkali ich qotishlarni bartaraf etish va boshqalar). 2 va 3 darajali varikoselening davosi faqatgina jarrohlik amaliyotidir, chunki bu darajada inson og‘riq va diskomfort hissini sezadi, normal hayot faoliyatiga ta’sir etishi ham mumkin. Jarrohlik amaliyotiga ko‘rsatma, quyidagi hollarda bo‘ladi:
Og‘riq sindromi;
Astenoospermiya va oligospermiya;
Jinsiy balog‘at yoshiga yetganda zararlangan tomondagi moyakning o‘lchami kichiklashishi;
Kosmetik deffekt bo‘lsa.
Varikoselening operativ davosida 3 xil tip farqlanadi:
Moyakni ko‘tarish;
Varikoseleni embolizatsiya qilish;
Venalarni toraytirish.
Venalarni toraytirish amaliyoti subingvinal (chov kanalga kirishda), ingvinal (chov kanalining o‘zida) va retroperitoneal (chov kanalidan chiqishda) sohalarda bajariladi. So‘ngi yillarda varikoseleni mikroxirurgik va laproskopik usullar bilan davolash keng qo‘llanilmoqda, ya’ni venalarni bog‘lash. Bunda asoratlar va qaytalanishlar xavfi ancha kamayadi. Bundan tashqari bolalarda va kattalarda urug‘donlarni rentgenoendovaskulyar okklyuziya usulini o‘tkazish yaxshi samara beradi.
Varikosele profilaktikasi
Varikoselening oldini olish uchun, uning erta darajalarida jismoniy zo‘riqishni kamaytirish, surunkali ich qotishini bartaraf qilish, spirtli ichimlik ichish va tamaki mahsulotlar chekishni to‘xtatish, vitaminlar qabul qilish, jinsiy hayot bilan muntazam shug‘ullanish va o‘z vaqtida dam olib turish kerak bo‘ladi.
avitsenna.uz/varikotsele-kasalligi/