Har yilning oxirida barcha gullar bir joyga to‘planib, bir-birlariga o‘zlarining eng yaxshi ishlari haqida gapirib berar edilar.
Qaysi gul eng yaxshi, oliyjanob ishni qilgan bo‘lsa, o‘sha mukofotlanar edi.
Bu safar ham barcha gullar juda katta va soya salqin bog‘da to‘plandilar. Bu safar rais Xrizantemaxonim bo‘ldi. Barcha gullar allaqachon kelib bo‘lganiga qaramasdan, dastargul, nargis, lolaqizg‘aldoq negadir ko‘rinmas edilar.
– Ularsiz boshlashga to‘g‘ri keladi – dedi Xrizantemaxonim.
Shunday qilib bahs-munozara boshlandi va har bir gul o‘zi haqida so‘zlay boshladi.
Birinchi atirgul boshladi:
– Shu yil men maktab bog‘ida ochilib turdim. Bitiruv imtihonlarida esa maktab zalini bezadim va o‘quvchilarni xursand qildim.
– Yaxshi, bu yomon emas – deb xitob qildi gullar.
Jasmin to‘yda edi. U to‘y bazmini bezar edi.
Gullar buni ham maqtadilar.
– Men esa – dedi binafsha – Amir ziyofatida bo‘ldim! To‘rt tomonda oltin, kumushlar… Shunday suhbatlar bo‘ldi-ki?! Barchasi urush va jang haqida…
– Bo‘ldi, bo‘ldi, hoy xosiyatsiz gul!
– Biz seni ortiq eshitishni xohlamaymiz! Bo‘ldi, bas!!!
Hamma gullar o‘zlari haqidagi hikoyalarini tugatgach, sovrinni kimga berishni muhokama qila boshladilar:
Shu payt dastargul, nargis, lolaqizg‘aldoq kirib keldilar. «Kechikkanimiz uchun uzr so‘raymiz, kechiringlar» deyishdi ular. Biz uzoqdan kelyapmiz, jang maydonida uchta o‘lgan jangchini ko‘rib qoldik. Ular o‘z xalqining baxti va ozodligi uchun kurashib halok bo‘ldilar. Biz ularning yuzini jazirama issiqdan soya qilib turdik. Keyin o‘rtoqlari kelib, qahramonlarni dafn etdilar.
– Ajoyib, ajoyib – xitob qildilar barcha gullar – Shu yilning yuksak mukofoti sizga bo‘lsin!