Kitob o’qishning siz bilmagan 21 foydasi

Mutolaa asabni tinchlantiradi.


Asabingizni tinchlantirish uchun sayr qilish yoki musiqa tinglashni afzal ko’rasizmi? Sasseks universiteti olimlari esa buning o’rniga kitob o’qishni tavsiya qilishadi. Kitob o’qish asabni tinchlantirishda eng samarali usul ekan. Atigi olti daqiqa kitob o’qish asabiylashishga barham beradi.


Mutolaa uyqusizlikdan qutulishga yordam beradi.


Xotirjam bo’lish va uxlashga yordam beradigan eng yaxshi usul kitob o’qishdir. Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uyg’onish kerakligi haqida signal yuboradi. Kitob o’qish esa aksincha ta’sir ko’rsatadi – miya uxlash vaqti bo’lganligini tushunadi.


Mutolaa qalbni yumshatadi.


Kitob o’qish jarayonida o’quvchi qahramonlar bilan birga bo’ladi. Ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo’ladi. Tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, badiiy asar o’qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg’ularini yaxshi tushunar ekan.


Mutolaa miya faoliyatini yaxshilaydi.


Emori universiteti olimlari kitob o’qigan insonning aqliy salohiyati bir necha kun davomida yuqori holatda bo’lishini isbotlashdi. Tadqiqot mualliflari kitob o’qish miyadagi asab tolalari sonini oshirishini ta’kidlashmoqda.


Mutolaa tushkunlikka qarshi kurashishga yordam beradi.


Shotlandiyalik olimlarning tadqiqotlariga qaraganda, kitob o’qish tushkunlikni davolashning eng samarali vositasidir. Tushkunlikka chalingan bemorlar kitob o’qishni boshlaganlaridan so’ng ularning tushkunlikka tushish holatlari kamaygan.


Mutolaa insonni go’zallashtiradi.


Yuqori darajadagi aqliy salohiyat insonning tashqi ko’rinishini ham go’zallashtiradi. Har qanday mavzuda qiziqarli suhbat qura olish va o’z bilimini namoyish etish suhbatdoshining mehrini qozonishga yordam beradi.


Mutolaa hayotdagi maqsadini anglashga va qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.


Ogayo shtati universiteti olimlari inson qancha ko’p kitob o’qisa, hayot yo’lini shunchalik aniq tanlashini ta’kidlashmoqda. Kitob o’qish hayotdagi to’siqlarni yengishga ham yordam beradi, deyishmoqda ular.


Kitob o’qiydigan insonlar hayotda faol bo’lishadi.


San’at milliy jamg’armasi tomonidan o’tkazilgan tadqiqotlar kitob o’qiydigan insonlar madaniy va ijtimoiy hayotda ham faol bo’lishlarini isbotladi.


Mutolaa xotirani va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.


Har safar kitob o’qilganida miya faol ishlaydi. U olinayotgan ma’lumotni saqlash uchun yangi tolalarni yaratadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, doimiy ravishda kitob o’qiydigan insonlarda fikrlash qobiliyati boshqalarga nisbatan sekinroq pasayar ekan.


Mutolaa so’z boyligini oshiradi.


Kitob o’qiyotgan paytda notanish so’zlar ham uchrab qoladi. Ularning ma’nosini umumiy mazmuni orqali ham tushunib olsa bo’ladi. Kitob o’qish nafaqat so’z boyligini ko’paytiradi, balki umumiy savodxonlikni ham oshiradi.


Mutolaa yozuvchilik qobiliyatini rivojlantiradi.


Kitob o’qish jarayonida muallifning yozish uslubi ham o’quvchiga ta’sir ko’rsatadi. Musiqa tinglash jarayonida musiqachining uslubi tinglovchiga o’tgani singari yozuvchining uslubi ham o’quvchining yozish uslubiga ta’sir o’tkazadi.


Mutolaa chet tilini o’rganishni osonlashtiradi.


Doimiy ravishda kitob o’qish boshqa tillarni o’rganishda yangi so’zlarni oson tushunishga va yodda saqlab qolishga yordam beradi.


Mutolaa tinglash qobiliyatini rivojlantiradi.


Qanchalik g’alati tuyulmasin, kitob o’qish tinglash qobiliyatini oshiradi, boshqalarni oson tushunishga yordam beradi. Bu ayniqsa, kitobni ovoz chiqarib o’qiganda yanada samarali bo’ladi.


Mutolaa ijodkorlik qobiliyatini rivojlantiradi.


Obafemi Avolau universiteti pedagoglari boshlang’ich sinf o’quvchilarining mashg’ulotlariga mavzuli komikslarni kiritishganida, suratlar va so’zlar aralashmasi bolalarning ijodkorlik qobiliyatlarini oshirishini aniqlashdi. Kitoblar kattalarga ham ana shunday ta’sir ko’rsatadi.


Mutolaa Al’tsgeymer xastaligiga chalinishning oldini oladi.


Qator tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, ko’p kitob o’qigan insonlar Al`tsgeymer kasalligiga kamroq chalinishar ekan. Miya ham xuddi boshqa a’zolar singari qo’llab-quvvatlashga va mashqlar yordamida mustahkamlanishga muhtoj bo’ladi. Kitob o’qish esa bu borada eng samarali usuldir.


Birgalikda kitob o’qish ota-onalar va bolalarning o’zaro munosabatlarini yaxshilaydi.


Psixologlar birgalikda kitob o’qish jarayonida ota-onalar va bolalar o’rtasida o’ziga xos munosabat o’rnatiladi deb hisoblashadi. Ularning aytishlaricha, bunday munosabat birgalikda televizor ko’rganda aslo paydo bo’lmaydi.


Mutolaa moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordam beradi.


Statistika ma’lumotlariga ko’ra, umuman kitob o’qimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi.


Ko’p kitob o’qiydigan bolalar darslarni yaxshi o’zlashtirishadi.


Tadqiqotlarda aniqlanishicha, kitob o’qishni xush ko’radigan bolalar maktabda ham yaxshi o’qishadi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o’zlashtirishadi.


Mutolaa jinoyatchilikning oldini oladi.


O’tkazilgan tadqiqotdan ma’lum bo’lishicha, panjara ortida savodxonligini oshirgan jinoyatchilar ozodlikka chiqqanlaridan so’ng boshqa jinoyatchilarga nisbatan jinoyatga 30 foiz kamroq qo’l uradilar.


Mutolaa yaxshi hikoyago’yga aylantiradi.


Inson kitobni qancha ko’p o’qisa, hikoya qilish qobiliyati shunchalik oshadi. Keraksiz gaplarni kamroq gapirib, keraklilarini yaxshiroq yetkazadigan bo’ladi.


Mutolaa yaxshilik qilishga undaydi


Faol kitobxonlar xayriya ishlari bilan boshqalarga nisbatan uch marta ko’proq shug’ullanishadi. Mutolaa muhtoj insonlarga yordam qo’lini cho’zishga undaydi



Manba: «AdMe.ru»

TAYYORLADI: Latofat Sherzodovna