“Kitob o`qishni juda xohlayman, lekin hech ham qo`limga bir kitob ololmayman yoki bir kitobni boshlasam, oxirigacha o`qiy olmayman. Kutubxonam boshlab qo`yib tugallanmagan kitoblar bilan to`lib ketgan. Qanday qilib kitob o`qishga odatlanish mumkin?” kabi savollar ko`pchilikni qiynab keladi.
Bunday holatda nima qilish mumkin? Ba’zilarimiz hatto kitob o`qishning ahamiyatini hali to`liq tushunib yetmagan bo`lsak, ba’zilarimiz buni bilsak ham, o`zimiz istagan saviyada kitob mutolaa qilolmayapmiz.
Kitob o`qish, avvalambor, qiziqishni talab qiladi. Biror narsaga qiziqmasdan turib kitob o`qib bo`lmaydi. Kitob, asosan, ikki sababga ko`ra o`qiladi. Birinchisi «Kitob o`qish men uchun juda muhim, kitob o`qimasam bo`lmaydi”, degan fikr bo`lsa, ikkinchisi «qiziqish”dir. Birinchi fikrni ikkinchi sabab qo`llab quvvatlamasa istalgan natijaga erishib bo`lmaydi. «Qiziqish”ning o`zi ham kitob o`qish uchun yetarli sabab bo`la oladi. Biroq «Kitob o`qimasam bo`lmaydi, chunki…” kabi fikrlar buning davomiyligini ta’minlay olmasligi mumkin.
Qiziquvchan odamlar kitob o`qishda qiynalmaydilar: «Bu masalada shu kitobda nima deyilgan ekan? Shu kishi bu mavzuda qanday fikr bildiribdi? Bu yozuvchi masalaga qanday yondashibdi?” va hokazo… Kitobxon biror bir mavzuga berilib, kitobning ichki olamiga cho`mib mutolaa qilsa, o`zini o`qishga majburlash u yoqda tursin, kitob o`qimasdan turolmay ham qoladi.
«Yoshlikda olingan ilm, toshga o`yilgan naqsh kabidir”, deb bejizga aytilmagan. Bolalar ota-onalari o`qib bergan ertaklari-yu, boshlang`ich sinfda o`zlari o`qishni boshlagan hikoyalari orqali kitob dunyosiga kirib boradilar. Shuning uchun bu yillar alohida e’tiborni talab qiladi. Chunki kitob o`qishga qiziqishning poydevori mana shu yillarda shakllana boshlaydi. Bog`chaga bormaydigan bolalarga uyda albatta hikoya va ertaklar o`qib berish kerak. Farzandimiz maktabga borishni boshlaganda esa maxsus oilaviy mutolaa soatlari belgilanib, bu soatlarda barcha oila a’zolari kitob o`qish bilan shug`ullanishlari lozim bo`ladi.
Bir ota yoki ona, qo`lida televizor pulti, bir kanaldan ikkinchisiga sakrab o`tarkan, bolasiga «Qani bolam, kitoblaringni olib, to`g`ri xonangga bor!” desa, sizningcha bu holat qanchalik ta’sirli bo`lishi mumkin. Shu o`rinda «Ishdan charchab kelib kitob o`qib bo`larmidi?” degan savol tug`ilishi yoki «kechqurunlari o`qishga qiynalaman” degan bahonalar xayolga kelishi tabiiy. Buning ham ilojisini topsa bo`ladi – nega endi oila a’zolaridan biri hamma uchun qiziqarli bir kitobni o`qib bermasin? Baribir vaqtimizni turli serial va filmlarga ajratyapmiz-ku. Kumush, Gvadelupe, yoki boshqalarning bu seriyadagi taqdiri biz uchun qiziq bo`ladi-yu, o`z taqdirimiz, farzandlarimizning kelajagi qiziq emasmi?
Oilaviy kitob o`qish soatlari orqali farzandimiz ham bizdan yaxshi o`rnak oladi, o`zimiz ham kitob o`qish uchun alohida belgilangan vaqtga ega bo`lamiz. Bu esa oilada kitob o`qish odati va madaniyatini yanada rivojlantiradi. Mutolaa uchun ajratilgan soat yakunida har bir kishi o`qigan kitobidagi o`zi yoqtirgan va qiziqarli bo`lgan joylarini boshqalar bilan baham ko`rishi ham mumkin. Bu orqali oiladagi birdamlik va samimiyat tuyg`ulari mustahkamlanadi, shu bilan birga, kitob o`qishga bo`lgan qiziqish ortib boradi.
Bu maqola balki «Oila” rukniga ko`proq mos kelar. Biroq ta’lim-tarbiya kabi mas’uliyatli ishni o`z zimmasiga olgan o`qituvchi, avvalambor, o`zi mutolaa zavqidan bahra olmay turib, boshqalarga kitob sevgisidan so`z ochishi va bu masalada ta’sirini o`tkaza olishi amri mahol. Qolaversa, hamma narsa oiladan boshlanadi. O`zi va oilasiga yordam berolmagan kishidan boshqalarga yordam berishni kutish ham biroz mushkul ish.
Kitob dunyosi jozibasi va go`zalligidan hech bir inson mahrum qolmasligi lozim.