Baliqni muntazam tanovul qiling!

Baliq go‘shtini tanovul qilishni ko‘pchilik xush ko‘radi. Ayniqsa, kuz fasli ushbu mahsulotni iste’mol qilishning ayni pallasi hisoblanadi.


Shu o‘rinda shifobaxsh baliqning xususiyatlariga to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik.

Ma’lumki, baliqdan pishirilgan taom parhezbop bo‘lib, u organizmda xolesterin miqdorini kamaytiradi, ateroskleroz, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti kabi xastaliklarning oldini oladi. Baliq yog‘ida pishirlgan taomlarni tanovul qilish charchoqni yengishda yordam beradi, aqliy hamda jismoniy qobiliyatni oshiradi.


Baliq xarid qilayotganda nimalarga e’tibor berish zarur?


Imkon qadar tirik baliqni sotib olgan ma’qul. Chunki, tozalanganda ajralib chiqqan qon uning tanasini tozalab o‘tadi, bu esa baliqning mazali bo‘lishini ta’minlaydi. Sifatli mahsulotni tanlashdan oldin, uni barmoq bilan bosib ko‘rish mumkin, ezilgan joyida o‘yiq bo‘lmasligi lozim. Baliqda sariq, kulrang dog‘lar bo‘lsa, uni xarid qilmagan ma’qul. Agar u o‘lchamidan cho‘zilgan yoki o‘zgargan bo‘lsa, demak, bu baliq bir necha marta muzlatilgan bo‘ladi.



Uni qanday pishirgan ma’qul?

Baliqni yog‘da qovurib olgandan ko‘ra, dimlab pishirilgani organizm uchun foydalidir. Sababi, baliq qo‘y yoki mol go‘shti singari yuqori haroratga chidamli emas. Qovurayotganda undagi turli narsalarning o‘z tarkibini o‘zgartiradi va foydalilik xususiyati kamayadi.

Ba’zi ayollar baliqni qovurishdan oldin unga belab olishadi. Bu ham noto‘g‘ri, umuman baliqni non va un mahsulotlariga aralashtirish ma’qul emas.

Pishirilgan baliqni salat va nondan biroz keyin iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Shuningdek, uni shirinliklarga qo‘shib yeyish ham mumkin emas. Bundan tashqari, unga belab pishirilgan yoki yog‘da qovurilgan baliq kishini tez chanqatadi, ko‘p suv ichilgach, me’da shirasi suyulib, hazm jarayoni yomonlashadi. Qaynatilgan yoki dimlangan baliq kishini chanqatmaydi.

Baliq sovuq mijozli odamlarga yoqmaydi. Chunki, uning o‘zi sovuqlik va namlik xususiyatiga ega. Shu tufayli ham bunday mijozli kishilar baliqni murch, qalampir, kashnich urug‘i, shivit, bosh piyoz, sarimsoqpiyoz, pomidor qaylasi qo‘shib pishirishsa va iste’mol qilishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Baliqli sho‘rvalarni uy bekalariga, ayniqsa, keksalar va emizikli ayollarga ko‘proq ichishni tavsiya etamiz. Chunki, bunday taom kishini bardam qiladi, onalarning sutini ko‘paytiradi, shuningdek, noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli yuzaga kelgan zaharlanishlarni tarqatib yuboradi.


Baliqni boshqa go‘shtlar (mol, qo‘y, parranda go‘shtlari) bilan bir idishda dasturxonga tortish mumkin emas. Sababi, uning o‘ziga xos hidi, biokimyoviy tarkibi mavjud bo‘lib, boshqa taomlarga aralashganda, hazm qilish jarayonini buzadi. Bundan tashqari uni sut va sut mahsulotlari tuxum, asal bilan birgalikda iste’mol qilish ham yaramaydi. Shunday qilinsa ular bir-birining hazm bo‘lishiga halaqit beradi va kishi mijozini buzadi.

Yana o‘qing:  Shokoladli tvorog
Zog‘ora (sazan) balig‘i natriy va temirga boy. Shuning uchun u tuzsiz parhez uchun mos. Do‘ngpeshana balig‘ini podagra, gipertoniya, revmatizmda iste’mol qilish foydali. Tunets esa artritdan xalos qilish, ozish, ko‘z va miya faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, kalsiy moddasi baliqning bosh va dum qismida ko‘proq bo‘lar ekan.

Ta’kidlab o‘tish joizki, baliqdagi omega – 3 yog‘ kislotalari inson sog‘lig‘ida muhim o‘rin egallaydi. U organizmning quvvat darajasini oshirib, diqqatini jamlashga, xotirani mustahkamlashga yordamlashadi.


Mayna HASANOVA tayyorladi

soglom.uz/tavsiya/baliqni-muntazam-tanovul-qiling/