Farzandlarimiz uchun sun’iy basseyn tanlaymiz

Farzandlarimiz uchun sun’iy hovuzcha tanlaymiz

Jazirama yoz mavsumini suv havzalari bo‘yida o‘tkazganga nima yetsin?! Bu ayniqsa, bolajonlar uchun o‘zgacha zavqli mashg‘ulot. Qolaversa, cho‘milish shirintoy uchun foydalidir.


Ammo tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish uchun doim ham imkon topilavermaydi. Buni esa bolajonlarga tushuntirish amrimahol. Shunday paytlarda ota-onalar kichkintoylar uchun mo‘ljallangan maxsus basseynlarga ehtiyoj sezadi. Xarid qilishga kelganda esa ularni turli savollar qiynaydi. Quyida siz basseynlarni tanlash borasida qimmatli tavsiyalar bilan tanishasiz.

Basseyn tanlashda farzandingizni yoshi muhim ahamiyatga ega. Agar kichkintoyingiz 9 oylikdan 1 yarim yoshgacha bo‘lsa, ularga balandligi 15-17 sm bo‘lgan mini-basseynlarni tavsiya qilamiz. 1 yarim yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar esa devorining balandligi 50 sm bo‘lgan sun’iy hovuzchalarda mazza qilib cho‘miladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 70 smgacha bo‘lgan basseynlarni sotib olishni maslahat beramiz.


Shishirib ishlatishga mo‘ljallangan basseyn

Bu kabi sun’iy hovuzcha bolajonlarning cho‘milishi uchun qulay va xavfsiz sanaladi. Ammo uning o‘lchami kichkintoyning yoshiga mos bo‘lishi kerak. “Farzandim hademay katta bo‘ladi. So‘ng bu hovuzcha unga kichiklik qilishi mumkin. Yaxshisi, biroz kattarog‘idan tanlaymiz” deya o‘ylovchi ota-onalar tanlov borasida yanglishadi. Sababi katta basseynlar bolajonning cho‘milishi uchun noqulay bo‘lish bilan birga xavfli hamdir.


Osti shishiriladigan basseyn

Bunday sun’iy hovuzchalar asosan ikki xil shaklda bo‘ladi. Oddiy plyonkali va puflanadigan qismga ega basseynlar. Ularning ikkinchi turdagisi birinchisiga qaraganda ancha qulay sanaladi. Mazkur basseynlarni tekis bo‘lmagan joylarga o‘rnatish ham mumkin.


Qattiq devorli basseyn

3 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarda harakatlanish faoliyati yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sabab ular atrofdagi buyumlarni ushlab, o‘z muvozanatini saqlashga urinadi. Basseynni xarid qilishda devorining mustahkamligiga alohida e’tibor qarating. Boisi, kichkintoy unga bemalol suyana olishi, cho‘milish chog‘ida ichidagi suv tashqariga to‘kilib ketmasligi kerak.


Sirpanchiq bo‘lmagan sun’iy hovuzchalar

Bolajonning terisi nozik bo‘lgani bois, u sirpanishga moyil bo‘ladi. Bu esa cho‘milish paytida ko‘plab ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lish mumkin. Shu sabab basseyn ostining “g‘adir-budir” bo‘lishi ayni muddao.


Tikilgan basseynlar

Bu kabi sun’iy hovuzchalarni tanlashda ularning sifatli va mustahkam tikilganiga e’tibor bering. Bu bola terisining jarohat olishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  Yuzdagi husnbuzarlardan qutilish yo‘llari
Soyabon. U basseynni zararli quyosh nurlaridan, turli keraksiz buyumlarni suv ichiga tushishidan himoyalaydi. Hovuzcha ishlatib bo‘lingach, albatta, uning suvi to‘kib tashlanib, quritilgan holatda yig‘ib qo‘yilishi shart.

Bolalar uchun mo‘ljallangan basseynlar yorqin ranglarga ega, turli qiziqarli rasmlar bilan bezatilgan bo‘lsa ayni muddao. Ana shunda bolajonlar cho‘milish paytida tezda zerikib qolmaydi.


Unutmang!

Basseyn harorati 26 darajadan past, 34-36 darajadan yuqori bo‘lmasligi maqsadga muvofiq.

Xurshida HUSENOVA

soglom.uz/tavsiya/qaynoq-mavsumning-zavqli-mashguloti/