Qabziyatni xalq tabobati usulida davolash

Ich kotishidan ko‘proq keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda kam harakatli insonlar aziyat chekishadi. Bu xastalikning oldini olish uchun tez-tez ochiq havoda piyoda sayr qilish zarur. Ayniqsa, yer qiziganda tuproq, shag‘al va asfaltda hamda o‘rilgan maysalar ustida oyoq yalang yurish foydali. Chunki, oyoq tagida qo‘l kaftlari hamda quloq suprasida bo‘lgani kabi biologik faol nuqtalar mavjud. Ular esa organizmning barcha ichki a’zolari bilan uzviy bog‘langan. Inson oyoq yalang yurgan payti ular ta’sirlanadi. Bu shifobaxsh ta’sir esa bemorga ijobiy kayfiyat bag‘ishlaydi. Ammo qandli diabet bilan og‘riyotgan bemorlarga oyoq yalang yurish tavsiya etilmaydi. Oyoq terisi shikastlansa unga infeksiya tushib, diabet to‘pig‘i rivojlanish ehtimoli juda yuqori.


Serharakat hamda sifatli va to‘g‘ri ovqatlanuvchi odamlarni qabziyat bezovta qilmaydi. Ichaklar peristaltikasi (harakati)ni yaxshilashda tarkibida dag‘al tola (kletchatka) bo‘lgan kepakli qora non iste’mol qilish hamda javdar unidan tayyorlangan mahsulotlar ham foydali. Bir osh qoshiq yuvilgan kepakni bir stakan (200 ml) qatiqqa ivitib kun davomida 3 mahal (600 ml. qatiq zarur)dan och qoringa tanovul etish ham qabziyatdan tez xalos etadi.

Achchiq choy, kofe, kakao, shokolad, oq non, yog‘siz manniy bo‘tqasi, quyuq taomlar, qattiq pishirilgan tuxum, uzoq qaynatilgan sergo‘sht sho‘rva, qaynatilgan guruch, shirguruch, achigan qatiq, qurt, suvi qochgan non, xom nok, chala pishgan xurmo, doni qotgan makkajo‘xori so‘tasi, anor kabi oziq-ovqat mahsulotlarini yeyish ham ichni qotiradi. Yana homiladorlik davrida bo‘lajak ona kamqonlik (anemiya) dardiga chalingan bo‘lsa, u shifokor tavsiyasiga asosan tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarini ichishga majbur bo‘ladi. Bu dori vositalari ham qabziyatni keltirib chiqaradi. Shu sababli homilador ayollarga ham toza havoda ko‘proq sayr etishni hamda sabzavotlarni dimlab iste’mol etishni, o‘rik qoqisiga arpabodiyon solib damlab, ichish, sabzi, qovoq, achitilgan karam kabi sabzavotlar sharbati ham tavsiya qilinadi. O‘tgan sondagi maqolamizda bayon etilgan qabziyatning zarari haqidagi ma’lumotlarimizga qo‘shimcha ravishda homiladorlik davrida ich qotishi sababli kuchanish venalarning varikoz kengayishiga hamda homila tushish xavfini ham keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqchimiz.

Yana o‘qing:  Ruxshunoslardan o‘zingiz va atrofdagilarni tushunishingiz uchun 12 fakt
Meva qoqilari solingan bo‘tqalar, qaynatilgan va dimlangan taomlar hamda kurka, quyon, uy tovug‘i, tuyaqush go‘shti, chala qaynatilgan tuxum, baliq, ko‘katlar, yangi ivitilgan qatiq, tvorog zardobi, shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan choy (arpabodiyon damlamasi yel (gaz) haydaydi), sarxil va yaxshi pishgan meva-sabzavotlar bemor uchun foydali ozuqalardan sanaladi. Gazli va rangli ichimliklar esa ichni dam qiladi.

Ich qotganda bajariladigan maxsus mashqlar

Soat mili yo‘nalishida 10 daqiqa davomida qorinni yengil uqalash ichaklar faoliyatini yaxshilaydi. Qorinni uqalash homilador ayollarga, hayz davrida, me’da yarasi mavjud bemorlarga, xafaqon (gipertoniya) bilan og‘rigan xasta kishilarga, kindik churrasi bor odamlarga tavsiya etilmaydi. Osmonga qarab yotgan holatda 7-10 daqiqa davomida velosiped haydayotgandek mashq bajaring. Yana bir mashq. Oyoqlaringizni tizzadan bukib, qorningizga torting va ularni qarama-qarshi tomonga cho‘zing. So‘ngra tizzalab o‘tiring hamda dastlab o‘ng oyog‘ingizni uzatib, o‘zingizga tortib oling. Undan so‘ng esa chap oyog‘ingiz bilan ham shu mashqni takrorlang.

Tik turgan holatda qo‘llaringizni yonboshga tushiring va qorningizni dam ichingizga torting, dam uni shishiring. Ushbu holatda tizzalaringizni baland ko‘tarib, tushirib atrofni 10-15 daqiqa davomida aylanib chiqing. Diqqat! Mashqlar to‘q qoringa bajarilmaydi.

Gulchehra ShIRINOVA

soglom.uz/tavsiya/qabziyatni-xalq-tabobati-usulida-davolash-2/