Bexosdan ba’zan o‘zimiz yoki yaqinlarimiz biror joyimizni kesib olsak “dori quti”dagi dori – yod, brilliant yashili (“zelyonka”), steril bintdan foydalanishga harakat qilamiz.
Qon to‘xtagach esa agar qo‘l yoki oyoq barmoqlarimizdan birortasi shikastlangan bo‘lsa unga suv tegmasligi uchun maxsus steril va tibbiy qo‘lqopga o‘xshash, ammo barmoqlar uchun moslashgan, alohida yelim “qalpoqcha” kiydirib qo‘yamiz. Aslida shikastlangan sohani 3 foizli vodorod peroksid suyuqligi bilan yuvib, keyin yaraning chekkasiga yuqorida tilga olingan dorilarni surtsa bo‘ladi. Shikastlangan joyga havo tegib tursa, u tez tuzaladi. Faqat infeksiya tushishidan va suv tegishidan uni ehtiyot qilish lozim.
Ayrim holatlarda ayniqsa, qishloq joylarda ba’zi kishilar kesilgan joyga tuproq ham sepishadi. Ammo, bu zararli muolaja qonga qoqshol (stolbnyak) infeksiyasining tushishiga sabab bo‘ladi. Undan ko‘ra uyingizda shakar bo‘lsa jarohatga darhol seping. Bu shirinlik qonning suyuq qismini o‘ziga shimib oladi va asta-sekin qon oqishini to‘xtatadi. Oqqandni ham kukun holida maydalab, shakar o‘rnida qo‘llash mumkin.
Olimlarning fikriga ko‘ra uzoq vaqt to‘shakda yotgan bemorlarda paydo bo‘lgan yotoq yaralari, oyoqlardagi jarohatlar hamda oyoq va qo‘llardagi amputatsiya (kesib tashlanganligi) sababli nogiron bo‘lib qolgan xastalarning qonayotgan yara-chaqalariga ham shakar sepilsa zararli bakteriyalar sekinlik bilan rivojlanar ekan.