O‘smirlardagi ortiqcha vazn

Muammoni bartaraf etish uchun parhez qilsa bo‘ladimi?

So‘nggi paytlarda o‘smirlar ortiqcha vazn muammosidan tobora ko‘proq aziyat chekishmoqda. Bu esa bola sog‘lig‘iga jiddiy tahdid soladigan surunkali kasallikdir. Xo‘sh, qanday qilib rivojlanayotgan organizmga zarar yetkazmasdan, ortiqcha vaznga qarshi kurashish mumkin?


Afsuski, keyingi vaqtlarda o‘smirlar sport bilan shug‘ullanish va harakatli o‘yinlarni o‘ynash o‘rniga televizor tomosha qilish, mobil telefon va kompyuterga ko‘proq vaqt ajratmoqda. Aytmoqchimizki, ayrim yoshlarda ortiqcha kaloriyani yo‘qotish uchun jismoniy faollik yetishmaydi. Qolaversa, ularning ko‘pchiligi chips, kartoshka frisi, gamburger kabi yog‘ moddasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qiladilar. Bu esa o‘z-o‘zidan salomatlikka salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Hatto, ko‘plab ota-onalar farzandining to‘lishganligini o‘sib kelayotgan organizmning sog‘lomligi, deb hisoblaydi. Aslida maktab o‘quvchilarining ovqatlanishi me’yorida bo‘lmog‘i lozim.

Bolalar va o‘smirlar jismoniy rivojlanish davomida muayyan bosqichlardan o‘tadi. Masalan, ma’lum bosqichda ular odatdagidan ko‘proq ovqat yeyishlari mumkin. Agar farzandingizni ortiqcha taomlanayotganini sezsangiz, uning xulq-atvorini kuzating. U ma’lum bir voqea-hodisadan so‘ng ortiqcha ovqat yeya boshladimi? Demak, bola yegulik yordamida stress (ruhiy zo‘riqish) holatidan chiqishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Shu bois, shifokor yoki psixolog bilan maslahatlashing.

Semirishdan aziyat chekayotgan o‘smirlar odatda kam harakatlanadi va o‘zlariga ko‘p ham ishonmaydi. Aksariyat hollarda ular emotsional nizolarga moyil bo‘lishadi. Bularning barchasi markaziy asab tizimi faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bolalarda mushaklar, ayniqsa, qorin sohasidagi mushaklarda rivojlanishi sekinlashadi. Bu esa o‘z navbatida me’da-ichak tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi. Tananing pastki sohalari va bo‘g‘imlar (tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘im, tizzalar, boldir bilan tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘imlar)da o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Negaki, ortiqcha vazn tayanch-harakat tizimiga qo‘shimcha zo‘riqish beradi. Bunday o‘smirlar qon-tomir tizimi jismoniy yuklamalariga zaif ravishda moslashadi. Shu bois, ularda gipertoniya va yurak xastaliklariga moyillik kuzatiladi.

Sog‘lom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va iste’mol qilinayotgan va sarflanayotgan kaloriya me’yorini ushlash sog‘lom vaznga erishish va uni saqlab qolishning kalitidir. Bu borada ota-onalarning o‘rni beqiyos. Agar ortiqcha vazn biror bir kasallik bilan bog‘liq bo‘lsa, unda shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul.


O‘smir ozish uchun parhez qilishi mumkinmi? degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Yo‘q. O‘smirlar sog‘lom o‘sishlari uchun yetarli miqdorda kaloriya va oziqlantiruvchi moddalarni iste’mol qilishlari lozim. Agar farzandingizda ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo borligini sezsangiz, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.

Yana o‘qing:  Men uchun unutilmas kun
O‘smir yoshidagilardagi ortiqcha vaznni kamaytirish uchun har kunlik muntazam jismoniy faollik tanadagi kaloriyalarni eritib, mushaklarni mustahkamlaydi. Mashqlar ko‘rkam ko‘rinishga, kayfiyatni ko‘tarishga hamda vaznni bir me’yorda saqlashga yordam beradi. Sayr qilish, futbol o‘ynash, velosiped uchish, suzish va raqsga tushish kabi mashg‘ulotlar kunlik jismoniy faollik darajasini oshiradi.


Vasila PO‘LATOVA

soglom.uz/tavsiya/osmirlardagi-ortiqcha-vazn/