Ari chaqqanda

Yozning issiq kunlarida turli hasharotlarning, shu jumladan, arilarning ham faol hayoti boshlanadi. Asalari bo‘lsin yoki turli zaharli arilar, ular bir soniya ham tinmasdan uchib yuradi.

Ari chaqqanda

Shuning uchun ham yozning issiq kunlari odamlarni aksariyat hollarda bolalarni ham ari chaqib olish hollari ko‘p uchraydi. Darhaqiqat, bunday vaziyatlarga inson ko‘p ro‘para keladi.


Turli vaziyatlarda odamni va ko‘pincha bolalarni bitta yoki bir nechta ari chaqib oladi. Aslida arilar o‘zlarini himoya qilish maqsadida chaqishadi. Hatto, ba’zi arilar nish urganidan keyin o‘ladi. Arilar hayot uchun muhim vazifalarni bajaruvchi qon tomirlarga va asabga yaqin joydan chaqsa uning ta’siri yuqori va xavfli bo‘ladi.


Odatda arilar odamlarni ochiq joylarini chaqadi. Jumladan, qo‘llarini, yuzlarini, bo‘yin sohasini ba’zan esa oyoqdan chaqadi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, favqulodda bolalarning lablaridan hatto, tillaridan ari chaqib olgan holati ham kuzatiladi.


Ari nayzasining ostida zaharli bezi bo‘ladi. Hasharot chaqqanda zahari ta’sirida shu joy qattiq achishib og‘riydi. Og‘riq bir soniyada atrof to‘qimalarga tarqalib ketadi. Keyinchalik shu joyda shish, qizarish yuzaga keladi. Ba’zan eshakemsimon shishli toshma paydo bo‘ladi va qattiq qichishadi. Chaqilgan joy ko‘z atrofida bo‘lsa, bolaning yuzlari shishib, qovoqlari osilib qoladi. Xuddi shunga o‘xshab lablar atrofi yoki quloqlar terisida ham chaqilsa xuddi shunday holatlar kuzatiladi.


Agar arilar bolaning boshidan chaqsa, nafas olishi tezlashadi, tomir urishi bir daqiqada 150-180 martagacha uradi. Ayniqsa, o‘pkada shish paydo bo‘lishi og‘ir holatlarga olib kelishi mumkin. Bunday vaziyat ko‘pincha arining zahari ta’siriga sezuvchan bolalarda yoki ular o‘ynab yurganlarida favqulodda bir nechta yovvoyi katta (qovoqari, ammofila arisi) chaqqanida yuz beradi.


Xo‘sh, arilar chaqqanida nima qilish kerak yoki qanday birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish lozim?


Birinchidan, ari chaqqan teri sohasidan tezlik bilan uning qolib ketgan nishini olish zarur. Shu joyni ikki barmoq oralig‘iga olib siqib tashlang. Hech ikkilanmasdan zararlangan sohani so‘rib tupuring.


Ikkinchidan, zararlangan sohaga novshadil spirti yoki etil spirti bilan ho‘llangan doka bosing.


Uchinchidan, og‘riq kuchaysa ari chaqqan sohaga namakobga ho‘llangan doka bosing. Shunday qilsangiz shish unchalik katta bo‘lmaydi.


To‘rtinchidan, agar qo‘l ostingizda yuqorida tilga olingan dori vositalari bo‘lmasa shu joylarni ho‘llash kerak yoki loy bosish kerak.


Unutmang! Ari chaqishiga bee’tibor bo‘lmang. Hayotda ari chaqqanligi sababli o‘lim holatlari ham kuzatilgan.


Bir paytda bir nechta ari chaqsa bemorga aspirin bergan ma’qul. Unga ko‘p suyuqlik ichirish kerak va oqibatda bemor ko‘p terlaydi tanadan ari zahri ter va peshob bilan chiqib ketadi. Arilarning iniga to‘g‘ri kelib qolsa ko‘pchilik baqirib boshi oqqan tomonga qochadi. Natijada yiqilib jarohat oladi. Er bag‘ridagi yoki o‘simliklar tanasidagi ari inini bosib oldingiz deylik, bunday vaziyatda daraxtlar orasiga kirib ketish yoki suv bo‘lsa unga sho‘ng‘ish kerak. Imkon bo‘lmasa ustingizga mato yopinib chetga chiqing.


Keng tabiat bag‘rida yosh bolalarning jarlar oralig‘ida yoki tepaliklar, eski chirigan daraxtlar ustiga o‘ynashiga yo‘l qo‘ymang. Kattalar ham yalang bosh, yalang oyoq yoki engil-elpi kiyinib bu joylarda yurmasligi lozim. Siz yashayotgan xonadonda yoki dala hovliga arilar in solgan bo‘lsa yoki ularning chaqib olish xavfi oshsa hasharot inini saharda qaynoq suv quyib, buzib tashlang. Lekin ularning inlarini tutun yoki olov bilan buzishni xayolingizga keltirmang.


Diqqat!


Ari chaqqan odamga birinchi yordam ko‘rsatilgach, imkon bo‘lsa zudlik bilan shifokorga ham murojaat eting.


Manba: soglom.uz