Asalari oilasi boqish bo‘yicha tavsiyalar

Asalari bejiz yetti xazinaning biri, deb hisoblanmaydi. Haqiqatan ham bu foydali hasharotning foydasi juda katta. Uning asali, zahri, suti propolisi, gulchangi ko‘pgina xastaliklarga davo. Shuningdek, uning mumi sanoatimizda muhim xomashyo hisoblanadi.


Asalarilar o‘simlik gulini chetdan changlantirishi natijasida, ularning turlarini sog‘lomlashtirish va yuqori mahsuldor navlarni vujudga keltirishga sharoit yaratadi va ularning hosilini ma’lum darajada oshiradi.

Asalari oilasi. Asalarilarning o‘rtacha oilasi 50–80 ming ishchi asalari, yuzlarcha erkak asalari va bitta ona asalaridan tashkil topadi. Shu bilan bir vaqtda, oilada tuxum, lichinka va g‘umbaklar ham bo‘ladi.

Uyaning ko‘p qismini ishchi asalarilar tashkil etadi. Ishchi asalarilar uya asalarilariga va uchadigan dala asalarilarga bo‘linadi. Bahor va kuzda, ya’ni tabiatda gulchangi va gulshira ko‘proq bo‘lganda ishchi asalarilar 40–45 kungacha yashay oladi. Kuz va qishlovdan oldin tuxumdan chiqqan asalarilar esa, olti-etti oy yashaydi.

Erkak asalarilar oilaning vaqtincha a’zosi hisoblanadi. Ularning birdan-bir vazifasi ona asalarini ko‘proq urug‘lantirishdir. Erkak asalarilar bahor o‘rtalarida vujudga keladi. Ishchi asalarilar erkak asalarini faqat shira yig‘ish paytidagina boqadilar. Shira yig‘ish ishi tugashi bilan, erkak asalarilar raxmsiz suratda, uyadan haydab chiqariladi.

Ona asalari uyadagi yagana urg‘ochi asalari bo‘lib, barcha asalarilarning onasidir. Yaxshi ona asalari kuniga 2000 tagacha tuxum qo‘yadi. Asalari oilasining sog‘lom bo‘lishi, ona asalarining sifatiga bog‘liq. Ona asalari besh yilgacha yashashi mumkin. Ammo ikki yoshga kirgach, uning tuxum qo‘yish qobiliti pasayadi va ko‘proq erkak asalari chiqadigan tuxum qo‘ya boshlaydi. Shuning uchun ham tajribali asalarichilar ona asalarini har yili almashtiradilar.

Asalari zotlarini tanlash. Asalari zotlarini tanlash, sizga asalari oilasi qanday maqsad uchun zarurligiga bog‘liq. Kimdir uning asaliga shaydo bo‘lsa, kimdir uning uchib yurishini, uning ishini ko‘rib zavqlanib yashaydi. Agarda asalarining asali uchun oladigan bo‘lsangiz, u holda ko‘p asal beradigan asalari zotlarini tanlang.

Asalarichilikda shu paytgacha ham hali inson tomonidan birorta ham asalari zotlari yaratilmagan. Shunga qaramasdan har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan asalari zotlari bor. Mana shu zotlarni aborigen zot deb ataladi.

Bugungi kunda yurtimizda ko‘p asal beradigan mahalliy zotli asalarilar bilan birga “O‘rta rus”, “Kulrang Kavkaz tog‘ asalarisi”, “Karpat” zotli asalarilar va boshqa joydan keltirilgan “Italiya” zotli asalari hamda Avstriyadan keltirilgan “Krainka” asalari zotlari tarqalgan.

Asalari oilasi qancha asal beradi? Asalari oilasining asal berish miqdori va sifati turli omillarga bog‘liq. Umuman olganda bitta asalari oilasi o‘rtacha 15–20 kg. gacha asal bera oladi. Agar asalari oilasi to‘g‘ri parvarishansa va qaralsa, undan ham ko‘p asal olish mumkin. Ayrim asalarichilar esa bunday asalarilarni ko‘z qorachig‘iday asrab vaqti-vaqti bilan oziqlantirib, mo‘l-ko‘l asal olishga erishayaptilar ham. Ammo qancha asal berish, har bir asalari oilasida turlicha bo‘ladi. Bular albatta, ularni yaxshi serasal o‘simliklar joylashgan joyga ko‘chirib turishga va asalari zotiga ham boqliqdir.

Yana o‘qing:  Urug‘chilik haqida 10 muhim savolga 10 javob
Foydasi birga-bir. Xullas, uy sharoitida 10 tagacha asalari oilasini boqish bemalol o‘zini oqlaydi. Xo‘sh, uy sharoitida asalari oilasini boqishni qanday yo‘lga qo‘yish mumkin? Agar hovlingizdagi tomorqada yetarli sharoit bo‘lsa, hech ikkilanmay, bu ishni boshlayverishingiz mumkin. Avvalo yaxshi asalari zotlarini tanlab, xarid qiling.

Oddiy misol, uy sharoitida bitta asalari oilasidan bir yilda o‘rtacha 15 kg asal olindi, deylik. Demak, bir yilda ro‘zg‘oringizda boqilayotgan 10 ta asalari oilasidan 150 kg. dan ziyod asal olinadi. Bir kg asalning o‘rtacha narxi bozorda 18 ming so‘m deb hisoblasak, bu bir yilda uy sharoitida har bir asalari oilasidan 324 ming so‘mni yoki 10 ta asalari oilasidan esa 2,7 million so‘m qo‘shimcha daromad keladi demakdir.

Agar asalari oilasini xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo, uning sog‘lomligiga e’tibor bering. Asalari oilasiga chetdan turib razm soling, asalarilarning uyadan uchish va qaytib kelishiga e’tibor bering. Ularning uchish parvozi bir tekisda, ittifoq bo‘lishi kerak. Negaki, ba’zi asalari oilalarida asalari parvozi ancha sust bo‘ladi. Bu esa bunday asalari oilalarida ona asalari keksa yoshli va kammahsulligidan darak beradi.

Bundan tashqari, uyadagi ona asalari yoshiga e’tibor bering. Yosh ona asalarilar tez harakatchan bo‘ladi, keksa ona asalarilar esa sekin harakat qilib, uning qanotlarining uchki qismi bir oz qirqilgan bo‘ladi.

Uyadagi ramkalardagi naslni joylashishiga e’tibor qarating. Ramkadagi ochiq va yopiq nasl bir tekis joylashgan bo‘lsa, demak ona asalari yosh, serpusht bo‘ladi. Oilada erkak asalari soni ko‘p bo‘lsa, bilingki, oiladagi ona asalarining yoshi kattadir. Bunday ona asalarini almashtirishga to‘g‘ri keladi. Shu belgilar bilan oiladagi ona asalarining yoshi aniqlanadi.

Ko‘p asal beradigan asalari oilasini qanday aniqlasa bo‘ladi? Asalari oilasini kuchiga qarab, albatta. Ko‘p asal beradigan asalari oilasida ramkalar soni 10–15 ta va undan ham ko‘p bo‘ladi. Bu ramkalarda 8–10 ta gacha ochiq va yopiq nasllar bo‘lishi lozim. Ramkalar orasidagi yo‘lakchalar asalari bilan zich joylashgan bo‘lishi kerak. Bu belgilar, albatta asalari oilasi kuchli va ko‘p asal to‘plashidan dalolat beradi.

Asalari oilasining tekshirish qoidalari. Asalari oilasini tashqi harorat salqin joyda +14oS dan past bo‘lmaganda, umumiy tekshirishga kirishiladi. Ammo asalari oilasining umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, u holda to‘liq tekshirish ishlari havo harorati 16–18oS bo‘lguncha qoldiriladi.

Yana o‘qing:  Kungaboqar mag‘zi yoshartirish xususiyatiga ega
Asalari oilasini tekshirayotgan vaqtda asalarichining qo‘li toza, oq yoki qora xalat hamda qo‘lansa (atir, upa, piyoz, sarimsoqpiyoz, benzin, kerosin, ter) hid kelmaydigan kiyimlarni kiygan bo‘lishi kerak. Shunday qilinganda asalarilar kam bezovtalanadi va chaqishga harakat qilmaydi.

Asalari oilasini tekshirishda tutatgich yordamida asalari uyasiga asalari kiradigan tuynukcha orqali 2–3 marta tutun tutatilada, oradan 1–1,5 daqiqa o‘tgach uya qopqog‘i ochilib, ustki yopqichning bir chekkasini qaytarib, sekin-asta ramkalarni asalarichi iskanasi yordamida sug‘urib olib, tekshirishga kirishiladi.

Uyani tekshirish vaqtida asalarilar bilan ishlash qoidasiga (uyani taqillatmay, asalarilarni bezovtalantirmay) amal qilish kerak. Oilani tekshirish vaqtida asalarichi asalari kiradigan tuynukcha oldini to‘sib qo‘ymasligi lozim, u uyaning yon tarafida turib ishlashi zarur, aks holda asalarilar bezovtalanishi mumkin. Bundan tashqari, asalari uyasi tekshirilayotgan paytda, qo‘shni uya asalarilari o‘g‘irlikka kirayotganini sezsa ham asalarilar bezovtalanadi. Shuning uchun ham tekshirishni darhol narigi chetdagi qatordan boshlash kerak.

Asalarichi ish bajarishga kirishishda, avval ishlash uchun kerakli asboblar: asalarichi ko‘chma qutisi, chirigan to‘nka, daraxt po‘kagi, va tutatgich asbobini tayyorlab qo‘yishi lozim. Asalarizorda asalari oilasi bilan ish boshlashda, oldin oq xalat va boshga kiyiladigan to‘rli yuz niqobini kiyib ishga kirishish kerak.

Uyadan sug‘urib olingan ramkalarni uya ustida kuzatish tavsiya etiladi, shunday qilinganda ramkadan to‘qilgan yosh asalarilar uyaga tushadi va nobud bo‘lmaydi.

Ramkalarni asalarilardan tozalash kerak bo‘lsa, g‘oz patidan tayyorlangan supurgi yoki boylangan bir tutam o‘t yordamida, asalarilar supurib tushiriladi. Agar o‘sha ramkada yosh asalari qurtchalari va yangi keltirilgan gul shirasi bo‘lmasa, u holda ramkaning ikki chetidan mahkam ushlab, asalarilarni silkitib tushirish mumkin.

Oilaning ichki hajmi kengaytirilayotganda yuzaki tekshiriladi va chekkadagi ramkalarni bir oz chetga surib, ularning o‘rniga kengaytirishga mo‘ljallangan ramkalar qo‘yiladi. Agar tabiatdan shira kelayotgan bo‘lsa, u holda asalari uyasining kerakli joylariga mumpardali ramkalar beriladi.

Parvarishlash. Uy sharoitida asalari oilasini parvarish qilayotganingizda, daladan yaxshigina shira kelayotgan bo‘lsa, yangi berilgan mumpardali ramkalarni bir kunda to‘qiydi. Uyadagi ramkalarni ustki qismi oqarib ketadi, hatto uyadagi ramkalar ustidagi surp-matoni ham mum bilan yopishtirib tashlaydi, shunda ularni ramkalar ustidan zo‘rg‘a ko‘tarib olish mumkin. Bu belgilar, asal tortish davri boshlanishini bildiradi.

Yana o‘qing:  Yer noki diabet xastaligida shifo
Uyadan asalli ramkalarni olishdan oldin, tutatgich asbobi bilan asalari uyasiga bir oz tutun kiritiladi. So‘ngra asalli ramkalar olinadi. Bunda ochiq naslli ramkalar olinmaydi va ona asalari ohistalik bilan boshqa ramkaga olib qo‘yiladi.

Asalli ramkalar ustidagi mum qopqoqchalar, o‘tkir va issiq pichoq yordamida kesib olinadi. Bunday ramkalardagi asal maxsus asbob asaltortkich yordamida ajratib olinadi. Asali olingan ramkalarga bir oz suv sepib, asalari oilasiga berilsa, uni asalarilar tez va oson tozalab qo‘yadi.

Asal tortish mavsumi yil davomida 2–3 marotaba, ayrim yillarda esa undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Asal tortish mavsumi tugagach, asalari oilasini qishlovga tayyorlanadi. Buning uchun qishlovga ketadigan asalari oilalariga ko‘p miqdorda yosh asalarilar bo‘lishi ta’minlanadi va har bir asalari oilasiga qishlov uchun, uning kuchiga qarab 10–15 kg. gacha sifatli ozuqa asal qoldirish lozim.

Qishlovga ketadigan asalari uyasidagi ramkalarning ustiga va yon tomonida isitish yostiqchalari bilan o‘rab qo‘yiladi. Asalari qutisidagi ustki va ostki uchish tuynuklari hajmi bitta asalari qirib chiqadigan tarzda, toraytirib qo‘yiladi. Qishlov davrida onda-sonda qelib, qishlov qanday o‘tishini tekshirib turiladi.

Asalari kasalliklari va ularning oldini olish. Asalari oilasini rivojlanishiga asosan varroatoz, akarapidoz, amerika va yevropa chirish, nozematoz, askosferoz, pestitsidlar bilan zaharlanish va boshqa bir necha infeksion va invozion kasalliklar to‘sqinlik qiladi. Varroatoz kasalligi bugungi kunda asalarilarning eng xavfli kasalligi bo‘lib, kanalar ishchi, erkak va yosh asalari nasli tanasida parazitlik qilib yashaydi. Agar yil davomida varroatozga qarshi kurashilmasa asalari oilasi nobud bo‘lishi mumkin.

Asalarining kasalliklari har xil bo‘ladi. Ularni ikki guruhga; yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga bo‘lish mumkin.

Asalari kasalliklarining oldini olishning eng asosiy yo‘llaridan biri – baquvvat oilalarning yaxshi, zooveterinariya qoidalariga asosan har yili barcha asalari oilalarini veterinariya vrachi ko‘rigidan o‘tkazish va asalarilarga bahorda antibiotik dorilar qo‘shilgan qo‘shimcha oziqalar berishdir. Asalarilarni normal boqish tadbirlari ko‘rilgan joylarda asalarilar juda kam kasallanadi.

Asalarilardagi ko‘pgina kasalliklar deyarli bir xil belgiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham faqat mutaxassislargina kasallikni aniqlay olishlari va unga qarshi muvaffaqiyatli davolash tadbirlarini qo‘llashlari mumkin. Kasallikni aniqlash, ko‘pincha turli tashxislar qo‘yish yordamida amalga oshiriladi. Shuning uchun ham kasallikning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilanoq, kasallangan asalarilardan va uning naslidan namuna olib, yaqin oradagi veterinariya laboratoriyalariga murojaat qilish kerak.


O. To‘rayev


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti