Qo‘l terlashi sabablari

Qo‘lning terlashi erkaklarni ko‘p hollarda noqulay holga solib qo‘yadi. Bu kuchli jins vakillari ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi albatta. Doimiy stress, o‘ziga ishonchsizlik, imkoniyatlariga past baho bilan qarash kabi omillar oila boshliqlari bo‘lmish erkaklarning kasbiy muvaffaqiyatga erishishlariga ham to‘sqinlik qilishi mumkin. Bunday odamlar boshqalar bilan qo‘l berib ko‘rishishdan qochishadi. Bu esa o‘zgalar bilan ish va boshqa masalalar yuzasidan bo‘lib o‘tuvchi uchrashuvlarning samimiyat, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tishiga xalal bermasdan qolmaydi.

Qo‘l terlashi sabablari

Shu bilan birga, ayrim kishilar qo‘li terlaydigan odam bilan bir marta ko‘rishganidan so‘ng boshqa u bilan salomlashmaslikka ham harakat qiladi. Xo‘sh, bunday vaziyatda kafti doimo nam bo‘lib yuruvchilar qanday yo‘l tutishlari lozim? Buning sabablari qanday va oqibatlarini qay tarzda bartaraf etish mumkin?

Umumiy ma’lumot

Avvalo aytish kerakki, inson organizmida taxminan 2-5 million dona ter ajratuvchi bezlar bo‘lib, ularning eng katta qismi qo‘l va oyoq kaftlari (tovon)da joylashgan. Ter ajralib chiqish jarayoni organizm uchun juda muhim hisoblanadi. Jumladan, mazkur jarayon orqali organizmdan ortiqcha issiqlik energiyasi hamda zararli moddalar chiqarib yuboriladi. Biroq ayrim insonlarda ter ajralib chiqishi me’yori buzilgan bo‘lib, bu ularga ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi.

Tibbiyotda ter chiqishining me’yoridan ortishi gipergidroz deb nomlanadi. Gipergidroz umumiy yoki lokallashgan bo‘lishi mumkin. Umumiy gipergidroz kuchli ruhiy zo‘riqish, jismoniy mashg‘ulotlar va issiq sharoitda kuzatilishi odatiy hol hisoblanadi. Shuningdek, organizm kuchsizlanganida, turli kasalliklarga chalinganda ham gipergidroz ro‘y beradi. Lokallashgan gipergidroz esa asosan qo‘l va oyoq kaftlarining terlashida ko‘zga tashlanadi.

Qo‘l terlashi sabablari

Buning sababi avvalo fiziologik omillarga borib taqalishi mumkin. Eng ko‘p hollarda qon-tomir distoniyasi, buyrak usti bezlarining intensiv ishlashi hamda qalqonsimon bezlar faoliyatining buzilishi natijasi bo‘ladi. Shu sababdan ham kuchli kaft terlashiga duchor bo‘lganlar zudlik bilan terapevt, nevropotolog yoki endokrinolog ko‘rigidan o‘tishlari va gipergidroz sabablarini aniqlashtirib, tegishli choralarni ko‘rishlari shart.

Organizm sog‘lom bo‘lgan holda kaftlarning terlashi esa asosan turli stress, asabiy vaziyatda organizmda ko‘p miqdorda adrenalin ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq.

Davolash choralari

Psixoterapevtlarning qayd etishlaricha, qo‘l terlashidan davolanish tashqi ta’siru vositalar orqali amalga oshirilishi qiyin. Buning uchun avvalo inson ruhiyatini davolash talab etiladi. Agarda inson qo‘rquv va hayajonini o‘z vaqtida jilovlay olsa, kaftlar terlashidan xalos bo‘la oladi.

Shifokorlar esa kaftlar terlashiga qarshi turli dori vositalarini tavsiya etadilar… Masalan, formalin yoki tanin eritmasi, alyumin geksaxlorid yoki glutaraldegid singari preparatlarni yozib berishlari mumkin. Biroq unutmaslik kerakki, bunday vositalar qo‘l terlashini vaqtinchaga to‘xtatishi, qisman kamaytiradi. Aks ta’sir ko‘rsatganda kaftlarda turli allergik asoratlarni keltirib chiqaradi ham.

So‘nggi vaqtlarda shifoxonalarda mazkur muammoga qarshi jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda. Masalan, simpatektomiya yoki ter bezlariga boruvchi simpatik asab tolalarini kesish amaliyoti mavjud. 95 foiz holatda bu ijobiy samara beradi. Biroq ayrim bemorlarda bu tananing boshqa a’zolari terlashini oshirib yuborishi ham ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, ayrim mamlakatlarda botoks dori vositasi yordamida kaft terlashiga qarshi kurashilmoqda. Organizmga igna orqali yuboriluvchi mazkur preparat kaft terisidagi ter bezlariga borayotgan asab impulslari tartibini buzib yuboradi. Natijada ter ajralib chiqishi to‘xtaydi. Bitta botoks in’eksiyasi olti oygacha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shundan so‘ng kaft terlashi yana davom etadi.

Xalq tabobati

Xalq tabobatida ham qo‘lning terlashiga qarshi turli choralar mavjud. Masalan, kuniga ikki mahal qo‘llarni sirka eritmasi bilan yuvish yoki limon sharbati surtish foyda beradi. Shuningdek, eman daraxti po‘stlog‘i, marvarak (shalfey), kalendula, qoncho‘p (chistotel) va boshqa dorivor giyohlar damlamasidan foydalanish mumkin. Olma sirkasi, achchiqtosh, salitsil kislotasi yoki kamforali spirt ham qo‘l terlashidan yordam beradi.

Ayrim foydali tavsiyalar

Qo‘llarni tez-tez yuving va sochiq bilan yaxshilab arting. Qo‘l uchun mo‘ljallangan spirtli antiseptik vositalarni doimo o‘zingiz bilan olib yuring, yoningizda ro‘molcha va quruq salfetkalar bo‘lsin. Terlashga olib keladigan buyumlarni qo‘lingizda ko‘tarib yurmang, kaft terisiga havo o‘tkazmaydigan qo‘lqop va boshqalardan zaruratsiz foydalanmang. Muhim uchrashuvlardan oldin asablaringizni tinchlantirib oling. Buning uchun qo‘l terlashiga asosan asabiylashish sabab bo‘lishi haqida o‘ylang, ko‘zlaringizni yumib, uch-to‘rt marotaba chuqur nafas oling.

Manba: Erkak.uz