Aynan sizga to‘g‘ri keladigan shampunni qanday tanlasa bo‘ladi? Bu juda oddiy — qadoqdagi matnni diqqat bilan o‘qib chiqing. Birinchi qoida — aynan sizning soch turingizga to‘g‘ri keladigan shampundan foydalaning. Xo‘sh, soch turini qanday aniqlasa bo‘ladi?
Sochlarni to‘g‘ri parvarishlash uchun, avvalo, o‘z soch turingizni to‘g‘ri aniqlashingiz lozim. Sochlar to‘rt guruhga bo‘linadi: quruq, yog‘li, normal va aralash. Aynan mana shu xususiyatlarga qarab parvarish vositalari tanlanadi.
Shunday qilib, o‘z sochingizni yaxshilab o‘rganib chiqing.
Quruq sochlar
Agarda sochlaringiz quruq bo‘lsa, bir tomondan hursand bo‘lsangiz ham bo‘laveradi. Negaki, bunday sochlar yuvilgandan so‘ng uzoq vaqtgacha yog‘lanmaydi. Siz ularni bir hafta mobaynida yuvmay yursangiz ham, ular toza ko‘rinadi. Biroq, bunday sochlarning uchlari nihoyatda quruq bo‘ladi va tez-tez sinadi. Sochlarni yuvib chiqqandan so‘ng esa bosh terisida tirishish seziladi. Bunday turdagi sochlarga fen yordamida quritish salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki fen sochlaringizning sinuvchanlik xususiyatini kuchaytirib yuborishi mumkin.
Sochingiz turini aniqlashning yana bir usuli — soch ildizlarini o‘rganish. Agarda yuvilgandan so‘ng ildizlar quruq, 3-4 kundan so‘ng esa — normal, hafta oxiriga kelib esa — yog‘li bo‘lib qolsa, qo‘rqmay quruq sochlar uchun mo‘ljallangan vositalardan foydalanishingiz mumkin!
Yog‘li sochlar
Xo‘sh, yog‘li sochlarni qanday aniqlasa bo‘ladi? Bunday sochlarni aniqlashda yanglishish qiyin. Chunki bunday sochlar deyarli yuvilgan kunning oxiriga kelib yog‘lanib qoladi. Bu ayniqsa soch ildizlariga tegishli. Lekin bunday sochlarning uchlari hech qachon sinmaydi va fendan cho‘chimaydi. Yog‘li soch egalarida soch yuvilgandan so‘ng bosh terisida tirishish holati kuzatilmaydi.
Normal sochlar
Normal sochlar boshqa soch turlardan shunisi bilan farqlanadiki, ular yuvilgandan so‘ng 2-3 kun o‘tgach yog‘lanadi.Normal sochlar uchlari sog‘lom ko‘rinadi, deyarli sinmaydi (faqat noto‘g‘ri parvarish natijasida). Noto‘g‘ri tanlangan yuvish vositasi natijasida bunday soch egalari ham ba’zida bosh terisida tirishishni sezishlari mumkin. Bunday soch ildizlari yuvilgandan so‘ng normal holatda bo‘ladi. Faqatgina uchinchi kun oxiriga kelib ular yog‘lana boshlaydi. Bu turdagi sochlarni bemalol fen yordamida quritish mumkin.
Aralash sochlar.
Aralash sochlarning ildizlari yog‘li, uchlari quruq bo‘ladi. Bunday sochlar parvarishi eng murakkab hisoblanadi. Qanday qilib uni aniqlash mumkin? Juda oddiy — sochlar yuvilgan zahoti ildizlar normal holatda bo‘ladi, 2-3 kunga kelib esa yog‘li bo‘lib qoladi. Bunday sochlar uchlari esa doim quruq va sinuvchan bo‘ladi. Aralash sochlar yuvilgandan so‘ng 3-4 kunga kelib kirlanadi. (sochlar yuvilgandan so‘ng bosh terisining tirishish holati kamdan kam kuzatiladi). Ikkinchi qoida — aynan sizning soch turingizga to‘g‘ri keladigan yuvish vositasini tanlash oson ish emas. Turli ishlab chiqaruvchilarning shampunlaridan foydalanib ko‘ring, natijasiga qarab o‘zingizga mosini tanlang.
Bu eng qimmat shampun bo‘lishi shart emas, ba’zida mashhur shampun markalaridan ko‘ra oddiy do‘kondan olingan shampun ham sizga ideal ravishda to‘g‘ri kelishi mumkin.
Shampun sizga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi, qanday aniqlasa bo‘ladi?
Shampun sizning soch turingizga mos tushganini qanday aniqlasa bo‘ladi? Natijaga qarang! Agarda yuvilgandan so‘ng sochlar yog‘lardan xalos bo‘lsa va toza ko‘rinsa unda ijobiy natijaga erishdim deb o‘ylayvering. Shampun bilan yuvish jarayonida va undan so‘ng bosh terisida hech qanday ta’sirlanish va qichishish kuzatilmasligi lozim, sochlar qurigandan so‘ng esa yaltirab turishi darkor. Sifatli shampun vositasi sochlardagi statik elektrni yo‘qotadi. Va, nihoyat, sochlar to‘g‘ri shampun bilan yuvilgandan so‘ng, ular itoatkor, jilovdor va silliq bo‘lib qoladi, oson taraladi va turmaklanadi.
Shampun sifati
Shampun sifatini qanday aniqlasa bo‘ladi? Bu nima uchun zarur? Birinchidan, shampun tarkibidagi ma’lum bir qo‘shimchalar ba’zi odamlarda allergiyani qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun, siz uchun yangi bo‘lgan shampundan foydalanishdan avval uni sinab ko‘ring. Bilakka bir oz shampundan surting, 15 daqiqadan so‘ng yuvib tashlang. Agarda terida hech qanday ta’sirlanish bo‘lmasa, demak hammasi joyida.
Shampun xarid qilayotganda uning ko‘rinishi va rangi bir maromda ekanligiga ahamiyat bering. Agarda bir maromda bo‘lmasa, bu sifatsiz shampun.