O’lkamizga fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Bahor fasli uyg’onish va go’zallik fasli. Borliq qaytadan uyg’onib, o’z-o’ziga oro berishga kirishadi. Tevarak atrof yashil libosini kiyib, inson ko’zini yanada quvnatib, gullarga burkanadi. Quyosh er yuzini yanada kuchliroq qizdirib, borliqqa o’z nurlarini sochadi. Shu bilan birga, biz ayollar ko’ngliga engil tashvish ham soladi. Quyosh nurlari yuzimizga o’z soyasini solib dog’ tushiradi va sepkillarni bo’rttiradi. Lekin bu biz uchun muammo emas. Yuzimizni to’g’ri parvarish qilib o’z muammolarimizning echimini topishimiz mumkin.
Closeup of a facial mask treatment being applied on a young happy lady
Tabiatning o’z ketma-ketligi bo’lganidek, yuz parvarishida ham ketma-ketlik bor, va u 5 bosqichdan iborat:
Yuzni gel yoki molochko bilan yuvish.
Yuzni tonikda artish.
Yuzga himoya qatlam (krem)ni surtish.
Yuzga ozuqa qatlam (krem)ni surtish.
Yuzga niqob yoki skrab qo’yish.
Gel yoki molochko – yuzni yuvish vositasi bo’lib, u yuz qatlamiga zarar etkazmaydi. Yuzdagi chang, kir va yog’larni eritadi. Yuz teshiklarini ochib keyingi bosqichga tayyorlaydi. Uni yuz terimiz turi va yoshimizga qarab tanlaymiz.
Tonik – yuzdagi teshiklar ichini chuqur tozalab, teshiklarni yopadi va yuz terisini tortadi. U yuz turi va yosh tanlamaydi.
Himoya qatlami – tozalangan yuzni kun davomida atrof muhitdagi zaharli va zararli chang-g’ubordan, quyoshdan saqlovchi himoya. Uni yuz turi va yoshga qarab tanlaymiz.
Ozuqa qatlami – asosan kechki uyqudan 2 soat oldin yuzga surtiladi. Yuzni oziqlantiradi, vitaminga to’yintiradi. Ajin va nuqsonlarni bartaraf etadi, muammolarni hal qiladi. Yuz turi va yoshga, yuzdagi muammolarga qarab tanlanadi. 25 yoshga to’lmaganlar uchun bu qatlam shart emas. Bu yoshgacha tanadagi ozuqa va himoya qatlami etarli bo’ladi.
Niqob – yuqoridagi jarayonlarni yanada tezlatib, o’z samarasini beradi. Faqat yuz teri va yuzdagi muammolarga qarab tanlanadi. Yosh tanlamaydi.
Skrab – yuz terini yangilab, eski teridan xalos etadi. Engil piling qiladi. Yangilangan teri o’ta sezuvchan va ta’sirchan bo’lgani uchun, skrab kechki soat 5 dan so’ng, ya’ni quyosh nurlari o’z kuchini yo’qota boshlagandan keyin ishlatiladi.
Ushbu mahsulotlar (molochko, tonik, himoya va ozuqa kremlari) bitta to’plam (firma)dan bo’lishi shart. Aks holda turli to’plamga mansub mahsulotlar tarkibidagi elementlar reaktsiyaga kirishib boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yana bir narsani bilishimiz lozim. Yuzimizdagi aksariyat nuqsonlarning asosiy sababi ichki a’zolardagi muammolardir. Bular quyidagilar:
Ichning ravon kelmasligi,
Jigar to’g’ri ishlamasligi, oshqozon-ichak yaralari, buyrakdagi toshlar mavjudligi,
Organizmga vitamin etishmasligi.
Hayotdagi orttirilgan stresslar.
Yaqin davr ichida boshdan kechirilgan jiddiy tibbiy muolajalar.
Agar sizda bunday muammolar mavjud bo’lsa, yuqorida aytilgan bosqichda parvarishni boshlashdan oldin ulardan xalos bo’lishingizni tavsiya etaman. Aks holda, parvarish siz kutgan natijani bermasligi ehtimoli juda yuqori. Xattoki, taniqli firmalarning qimmatbaho mahsulotlaridan foydalanganingizda ham.