Kunlar isishi bilan istaymizmi-yoʼqmi, terlay boshlaymiz. Аslida organizmdan ajraladigan ter rangsiz va hidsiz boʼlib, bizga muammo keltirmaydi. Yoqimsiz hid paydo boʼlishiga esa terida yashovchi bakteriyalar sababchi boʼladi. Terlashdan butunlay qutulib boʼlmasa ham uni nazorat qilish, badboʼy hidning oldini olish mumkin.
Eng ommaviy vosita — dezodorantlar
Dezodorant — teridagi bakteriyalar bilan kurashib, ular tomonidan chaqirilgan yoqimsiz hidlarni bartaraf etuvchi vosita. Uning tarkibida infektsiya va bakteriyalardan xalos etuvchi talk, spirt va triklozan kabi moddalar mavjud.
Dezodorant-antipersperantlar oddiy dezodorantlardan farqli ravishda hidni yoʼqotish bilan birga, ter ajralishini ham maʼlum muddat toʼxtatib turadi. Buning sababi vosita tarkibidagi alyuminiy tuzi teridagi teshikchalarni berkitishida. Bu muddat qisqa boʼlib, vositadan oddiy dezodorantga qaraganda koʼproq foydalanish talab etiladi.
Turlari
Dezodorantlarning sepiladigan (sprey), stik, rolikli turlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilib kelinmoqda. Sprey taʼsir etish vaqti juda qisqa, koʼp hollarda kiyimda oʼz «iz»ini qoldiradigan vosita. Shunga qaramasdan, foydalanish uchun eng qulay va ommabop dezodorant turi hisoblanadi. Rolikli turdagi dezodorantlar odatda emulsiya yoki geldan tashkil topadi. Bu vosita teriga tezda singib, uzoq vaqtgacha terlash bilan bogʼliq muammolardan xalos etadi. Qattiq turdagi dezodorantlarning asosiy afzalliklaridan biri kiyimda hech qanday dogʼ qoldirmasligidir. Ular yuqori taʼsirga ega boʼlib, odatda kuchli terlashdan aziyat chekayotgan kishilarga tavsiya etiladi. Аgar siz taʼsirchan teri sohibasi boʼlsangiz, tarkibida spirt miqdori kam boʼlgan yoki umuman boʼlmagan turdagi vositalarni tanlang. Va yana dezodorant tanlashda, umuman hidga ega boʼlmagan turdagisini tavsiya etamiz. Shunda vositaning ifori atiringiz bilan aralashib ketmaydi.
Xalq tabobati
Terlash bilan bogʼliq muammoning ajoyib yechimi moychechak damlamasi hisoblanadi. Bunda 5 osh qoshiq gullarni 2 l suvda damlab, 1 soatcha oʼrab olib qoʼying. Shundan soʼng 2 osh qoshiq ichimlik sodasini solib, har kuni 6-8 marta damlama bilan qoʼltiq ostini yuvish tavsiya etiladi.
Yomon hiddan qutulish uchun esa eman daraxti poʼstlogʼini qaynatib, suviga limon sharbatini qoʼshamiz va qoʼltiq ostini har kuni bir necha bor artib turamiz. Bu muolaja ortiqcha terlashning oldini olib, xushboʼy limon ifori taralib turishiga sababchi boʼladi.
Issiq-sovuq (kontrast) dush ham muammoni yechishda samarali muolaja hisoblanadi. Аmmo bu muolajani muntazam — ertalab va kechqurun bajarib turish talab etiladi.