Dogʼlardan asar qolmaydi

Koʼngilochar bazmdan soʼng sevimli libosingizdagi dogʼlarni qanday ketkazishni bilmay, xunob boʼlyapsizmi?! Koʼylagingizga tekkan sharbat, lab boʼyogʼi yoki shokoladdan qolgan izlar endi kayfiyatingizni aslo buza olmaydi! Negaki, turli dogʼlar bilan kurashuvchi sodda va samarali taʼsir kuchiga ega boʼlgan koʼmakchilaringiz bor.


Limon

Siz uchun eng ishonchli vosita boʼlib, tarkibidagi kislotali ishqor oqartiruvchi xususiyatga ega. Kiyimlardagi sargʼish ter izini ketkazish uchun limon kislotasini qaynoq suv bilan aralashtiring va xuddi shu aralashmada kiyimlarni bir soat mobaynida ivitib qoʼying, soʼng odatdagiday yuvib tashlaysiz. Shuning­dek, sharbat toʼkilgan joyni limon poʼsti bilan yaxshilab ishqalab, ustidan tuz seping. Tuz qizil suyuqlikni oʼziga shimib olgandan soʼng yuvib tashlaysiz.

Tavsiya: qoramtir va toʼq rangli kiyim dogʼlarini limon bilan ketkazishdan oldin tajribani matoning koʼzga tashlanmaydigan qismida sinab koʼring.

Kir yuvuvchi kukun

Tarkibidagi karbonat natrit yogʼ qoldiqlari va kirni parchalovchi xususiyaga ega. Аgar kiyimdagi kirlangan joy katta boʼlsa, kirlarni yuvishdan oldin sodali suvda ivitib qoʼying. Yoki dogʼ tushgan qism­ga biroz kukun sepib, choʼtka yordamida ishqalab, sekin harakatlar bilan dogʼni ketkazing.

Аspirin

Sizni nafaqat bosh ogʼrigʼi, tanadagi ogʼriqdan xalos etadi, balki uning koʼmagida qon dogʼidan ham qutulishingiz mumkin. Vaholanki, tarkibidagi atsetilsalitsil kislotaning mavjudligi, qon xujayralaridagi trombotsitlarni tola devorlariga yopishishiga toʼsqinlik qila oladi. Shuningdek, aspirin uzoq vaqt qolib ketgan dogʼlarni ham parchalaydi. Buning uchun dori donalarini suvda eriting va xuddi shu aralashma bilan dogʼli qismlarni namlab chiqing, soʼng sovuq suvda yuvib tashlaysiz. Yoki aspirinni yaxshilab ezib, kukun holiga keltiring va kirlangan joyga sepib, ustidan suv bilan namlang hamda biroz muddatga qoldiring. Soʼng kirlarni odatdagidek yuvib tashlaysiz.

Maktab boʼrlari

Gips (kaltsiy sulьfati) yoki magniy oksididan iborat oddiy koʼrinishdagi boʼrdan mayonez, oʼsimlik moyi, sariyogʼ va boshqa yogʼli mahsulotlardan qolgan dogʼlarni ketkazishda foydalanishingiz mumkin. Buning uchun dogʼlangan joyni boʼr bilan yaxshilab ishqalang va yogʼni oʼziga shimib olgunicha kuting, soʼng choʼtka yordamida ehtiyotkorlik bilan tozalash ishlarini boshlang. Kir yuvish mashinasi yoki qoʼlda yuvib tashlaysiz. Xuddi shu usulni charm matolarda qolgan dogʼlarni ketkazishda ham qoʼllashingiz mumkin. Faqat charm ustidagi boʼr qoldigʼini namlangan mato bilan artishingiz lozim.

Muz boʼlaklari

Qon va shokoladdan qolgan dogʼlar bilan ajoyib ravishda «kurashuvchi» vosita sanaladi. Barchamizga maʼlumki, bunday dogʼlar sovuq suvda darhol yuvib tashlanmasa, matoda ketkazib boʼlmas iz qoldirishi mumkin. Аmmo muz boʼlaklari esa, undan-da yaxshi chora hisoblanadi. Shuningdek, istalgan vaqt muzlatgichingizda xizmatga hozir. Аgar harakatni yanada tezroq amalga oshirsangiz, yaxshiroq natijaga erishasiz.

Osh sodasi

Pazanda bekajonlar uchun yaxshi tanish boʼlgan razrixlitel — tarkibidagi natriy oksid sharofati bilan ki­yimlaringiz xuddi qordek oqarishi mumkin. Sargʼaygan va quyosh nurlarida rangi oʼchgan darparda-yu, kiyimlaringiz yana asl holiga qaytishini istasangiz, bir-ikki quti razrixlitelni kir yuvish kukuni bilan aralashtirib, kir yuvish mashinasining kukun soluvchi maxsus qismiga soling va yuving. Shuningdek, ter hamda yogʼlardan qolgan dogʼlarni ketkazmoqchi boʼlsangiz, dogʼ ustiga kukundan sepib, biroz suv purkang. Soʼng odatdagidek yuvib tashlaysiz.

Sut

Koni foyda boʼlgan ushbu mahsulot turli dogʼlarni bartaraf etishda ham sizga koʼmakchi boʼladi. Sut tarkibidagi tola devorlariga toʼliq singish xususiyatiga ega boʼlgan turli mikroorganizm va enzima (ferment, yaʼni tirik hujayrada ishlab chiqariladigan va organizmda modda almashinuvini tartibga soladigan organik modda) sharofati bilan vino, qahva, choy, koka-kola, meva-sabzavot, sharbat hamda koʼkatlardan qolgan dogʼlarni oʼziga yaxshi singdiradi. Buning uchun koʼp mehnat talab qilinmaydi, bor-yoʼgʼi bartaraf etilishi lozim boʼlgan dogʼli libosni bir kecha sutga botirib qoʼying, soʼng libosingizni odatdagi usulda yuvib tashlaysiz.