Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
2024-yil 1-iyundan:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro‘yxatga olinadi;
tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga etmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.
Tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi:
2024-yil 1-iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
2024-yil 1 oktyabrdan respublikaning qolgan barcha hududlarida.
Birlamchi ko‘mak xonalarida:
jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga etmagan farzandlari 3 sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi;
shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi, shuningdek, yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi.
2024-yil 1 oktyabrdan himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
2025-yil 1 yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reestri yuritiladi;
2024-yil 1 dekabrdan bir kalendarь yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.