Ayrim fuqarolarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya beriladi





“Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (204-son, 16.04.2024-y.) qabul qilindi




Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:


2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi;
2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining “bazaviy me’yorlari”.

2024-yil 1-maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.




Qarorga muvofiq, quyidagi toifadagi iste’molchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi:


“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
Yagona reestrga kiritilmagan, “mahalla ettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar.

Shuningdek, isitish mavsumida (noyabrь – fevralь oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensatsiya turlari taqdim etiladi:


noyabrь oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi;
elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.