Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aktsiyador bo‘lgan aktsiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami.