Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlash tartibi





Ish izlovchi shaxs (talabgor) — mos keladigan ish joyini tanlash va xorijda ishga joylashishga ko‘maklashish xizmatlaridan foydalanish uchun yuboruvchi tashkilotga murojaat qilgan jismoniy shaxs, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xisoblanadi.




Uyushgan holda tanlash tartibida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tegishli litsenziya asosida xorijiy davlatga ishga yuborish faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxs O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun chet ellik ish beruvchi va (yoki) chet ellik sherik bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzadi.




Uyushgan holda tanlash tartibida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tegishli litsenziya asosida xorijiy davlatga ishga yuborish faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha chet ellik ish beruvchi va (yoki) chet ellik sherik bilan hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomani tuzmasdan, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi taqiqlanadi.




Xodimlar yagona ma’lumotlar bazasi talabgor to‘g‘risida quyidagi axborotni o‘z ichiga oladi: F.I.O., pasport ma’lumotlari, tug‘ilgan sanasi va yili, yashash joyi, telefon raqamlari, ma’lumoti, mutaxassisligi, ish tajribasi, boshqa ko‘nikmalari, fotosuratlari.




Quyidagilar ma’lumotlar bazasiga kiritiladigan axborot manbalari hisoblanadi:
talabgor tomonidan mustaqil tarzda kiritilgan axborot;
talabgorning roziligi bilan yuboruvchi tashkilot tomonidan kiritilgan axborot;
Talabgorning roziligi bilan bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazlari tomonidan kiritilgan axborot.




Yagona ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan har bir talabgorga ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsiy raqam beriladi.



O‘zbekiston Respublikasining talabgorlarini xorijda ishga ish beruvchilar reestriga kiritilgan ish beruvchilar bilan birgalikda joylashtirish tavsiya etiladi.




Ish beruvchilar reestri Agentlik tomonidan yuritiladi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hamda Agentlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.


Uyushgan holda mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan talabgorlar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi, xorijiy ish beruvchining malaka talablariga javob beradigan talabgorlar bundan mustasno.
Agentlik talabgorning chet tilini bilishini va kasbga yaroqliligini ushbu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatni olmay turib tekshirishi mumkin.
Guruh tuzish yakunlari bo‘yicha yuboruvchi tashkilot xorijda ishga joylashtirish yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida talabgor bilan shartnoma tuzadi.

Yuboruvchi tashkilot tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «labor-migration» axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.