“Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-257-son, 16.07.2024-y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, Nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
2024-yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1 sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida:
fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;
“Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funktsionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025-yil 1 sentyabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega bo‘lmaganda sog‘lig‘ining holati va funktsionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi;
2024-yil 1 oktyabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulьmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
Qarorga muvofiq, 2025-yil 1 apreldan:
fuqarolarni TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;
TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi;
TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funktsiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi;
18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
2025-yil 1 sentyabrdan tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati va funktsionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.