Mast holda qilingan taloq hisobga o‘tadimi?

Savol:
Assalomu alaykum. Savolim bor edi. Er mastlik vaqtida ayoliga uch taloq bersa, ushbu taloq qabul bo‘ladimi? Dinimizda buning hukmi qanday? Bu holatda birga yashash mumkinmi?

Javob:
Va alaykumus salom. Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Barcha taloq joiz (ya’ni tushadi), faqat esi yo‘qning – aqlini yig‘a olmaydiganning talog‘i bundan mustasno” (Buxoriy va Termiziy rivoyat qilgan).

Agar odam tug‘ma aqli zaif bo‘lsa, nima qilganini, nima deganini ajrata olmasa, uning talog‘i tushmaydi. Ammo bir odamning esi o‘zi qilgan ish sababidan ketsa, masalan, mast qiluvchi ichimliklar ichgani, nasha, qora dori iste’mol qilgani uchun esini yo‘qotgan bo‘lsa, talog‘i tushadi.

Ulamolar aytishicha, davo uchun iste’mol qilingan narsadan mast bo‘lib, qilgan ishini, aytgan gapini eslay olmaydigan darajaga borib qolgan odamning og‘zidan “taloq” so‘zi chiqsa, talog‘i tushmaydi.

Ammo, mazkur mast qiluvchi narsalarni mast bo‘lish uchun iste’mol qilgan kimsaning talog‘i qay holda bo‘lsa ham tushadi. Bu borada to‘rt mazhab hamfikrdir. Biroq ayrim ulamolar, jumladan, hanafiy ulamolardan imom Zufar, imom Tahoviy, imom Karxiyga ko‘ra, aytgan gapini eslay olmaydigan darajadagi mastning talog‘i tushmaydi. Vallohu a’lam!

Manba: https://muxlis.uz/oz/blog/1623