Kelinni o'zini roziligisiz "propiska"dan chiqarib yuborish mumkinmi?
Kelinim uydan ketib qolgan. Ajrashmoqchi. “Yashamasang, yashama”, deb uni “propiska”dan chiqarishga qaror qildim. Uy mening nomimda. Shunday qilishga haqqim bormi?
Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi raisi Mansur IMOMOV javob berdi:
— Uy-joy kodeksining 52-moddasiga muvofiq, uyda doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganlarida turar-joy olti oy muddat davomida uning hisobida saqlanadi.
Shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davr mobaynida uyda bo‘lmasligi oqibatida turar-joydan foydalanish huquqi manfaatdor shaxslarning da’vosi bo‘yicha sud yo‘li bilan yo‘qotgan deb topilishi mumkin.
Agar keliningiz olti oydan ortiq davr mobaynida uzrli sabablarsiz uyda yashamayotgan bo‘lsa, siz uni turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, deb topish haqidagi da’vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishingiz mumkin.
Manba: uzreport.news