Ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yosh





Ishga qabul qilishga ushbu Kodeksning 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lishi bilan, 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi.




Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotlarining, kasb-hunar maktablarining, kollejlar va texnikumlarning o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy kamol topishiga ziyon etkazmaydigan, o‘qitish jarayonini buzmaydigan engil mehnatni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga — ular 15 yoshga to‘lishi bilan ota-onadan birining (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.


Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televidenie, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sog‘lig‘iga va ma’naviy kamol topishiga ziyon etkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (ko‘rgazmaga qo‘yishda) ishtirok etish uchun o‘n besh yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yo‘l qo‘yiladi. Ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan shaxslar qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxs) imzolaydi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin bo‘lgan boshqa shartlar ko‘rsatiladi.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish va ularning mehnatini qo‘llash ushbu Kodeksning 411 — 422-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.