18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini qo‘llash taqiqlanadigan ishlar





18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, er osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sog‘lig‘iga, xavfsizligiga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qo‘llash taqiqlanadi.




18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ular uchun belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalardan ortiq bo‘lgan og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarishi va tashishi taqiqlanadi.




18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatining qo‘llanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga etmaganlarning sog‘lig‘iga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning og‘ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog‘ida yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalar O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.




18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari sohasida esa ular uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadi.




Ota-onadan biri (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxs), shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar hamda bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, agar ishni davom ettirish 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning hayotiga va sog‘lig‘iga, xavfsizligiga hamda ma’naviy jihatdan kamol topishiga tahdid solayotgan bo‘lsa yoki ularga boshqacha tarzda ziyon etkazishi mumkin bo‘lsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.





Ro‘yxatga ko‘ra, quyidagi ishlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi, jumladan:
Ko‘mirni boyitish apparatchisi;
Qimmatbaho metallar ishlab chiqarish apparatchisi;
Er osti kon ishchisi;
Tarkibida olmos bo‘lgan kontsentratlarni me’yoriga etkazuvchi;
Qora metallar ishlab chiqarish nazoratchisi;
Olmoslar va o‘ta qattiq materiallarni silliqlovchi;
Issiqlik tarmog‘idagi uskunalarni ta’mirlash bo‘yicha chilangar;
Neftь va gaz qazib olish bo‘yicha operator;
Gaz taqsimlash stantsiyasi operatori;
Tibbiy preparatlarni dozalovchi;
Tibbiy mahsulotlarni taxlovchi;
Yuqori chastotali tok qurilmalarida payvandchi;
Gipsni qizdiruvchi;
Asfalьtbetonchi;
Novvoy;
Xamir qoruvchi;
Go‘sht mahsulotlarini kesuvchi;
Muzqaymoq tayyorlovchi;
Naqqosh;
Yo‘lovchi tashuvchi poezd mexanigi-brigadiri;
Tez tibbiy yordam stantsiyalarining navbatchi tibbiyot xodimi. Batafsil.