Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya beriladi.
Ish beruvchilar nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilgandan keyin subsidiya olish uchun tegishli mahalliy mehnat organiga yozma ravishda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Mahalliy mehnat organi ish beruvchi tomonidan subsidiya olishni so‘rab taqdim etilgan hujjatlarni 3 ish kuni ichida o‘rganib chiqadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan ro‘yxatdan o‘tkazilganligi va ushbu shaxs «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimida ro‘yxatda turganligi subsidiya berish uchun asos hisoblanadi.
Ish beruvchi tomonidan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan, barcha zarur ma’lumotlar ko‘rsatilgan va nogironligi bo‘lgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi «YaMMT» IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi tasdiqlangan taqdirda, mahalliy mehnat organi ish beruvchiga nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilganligi uchun subsidiya berish to‘g‘risidagi buyruqni rasmiylashtiradi. Buyruqda subsidiya miqdori va uni ajratish muddati ko‘rsatilishi lozim.
Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan yoki nogironligi bo‘lgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi YaMMTda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi yoxud «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimida ro‘yxatda turmaganligi aniqlansa, mahalliy mehnat organi subsidiya ajratishni rad etadi va murojaatchiga rad etishning sabablari asoslangan xabarnomani yuboradi.
Ish beruvchi mahalliy mehnat organining subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘idan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi organga yoki sud organlariga shikoyat qilishi mumkin.
Mahalliy mehnat organining subsidiya ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan ish beruvchiga nogironligi bo‘lgan har bir shaxsni ishga qabul qilganligi uchun 6 oy davomida ishlangan har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya beriladi.
Bunda «YaMMT» IDAKda nogironligi bo‘lgan shaxs va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi amalda ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotga asosan har bir oy uchun keyingi oyda belgilangan subsidiya summasi to‘lab beriladi.
Agar «YaMMT» IDAKdan nogironligi bo‘lgan shaxs va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot olinsa, ushbu ma’lumot olingan vaqtdan boshlab ish beruvchiga subsidiya to‘lab berish to‘xtatiladi.