Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.
Davlat sog‘lom bolaning tug‘ilishi va rivojlanishini ta’minlash uchun sharoit yaratadi.
Har bir bola tug‘ilgan paytdan e’tiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega bo‘lish huquqiga, shuningdek ularni saqlab qolish huquqiga ega.
Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
Har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi.
Davlat:
bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘radi.
Davlat bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kafolatlaydi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Bola qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Davlat bolaning bepul majburiy umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim olishini kafolatlaydi.