O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari bojxona organlaridir.
Bojxona organlari o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi shart.
Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organ hisoblanadi.
Bojxona organlarining asosiy vazifalari:
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va o‘z vakolati doirasida uning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash;
bojxona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish va boshqalar.
Bojxona organlari huquqlari:
tovarlar va transport vositalarini, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, jismoniy shaxslarning o‘zini ko‘zdan kechirish;
yuridik va jismoniy shaxslardan ko‘zdan kechirish uchun tovarlar va transport vositalarini, shuningdek zarur hujjatlarni taqdim etishni talab qilish;
valyuta nazoratini amalga oshirish;
moliya, bank va boshqa tashkilotlardan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan axborot va hujjatlarni hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa axborotni olish va boshqalar.
Bojxona organlarining majburiyatlari:
yagona davlat bojxona siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishga;
bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, bojlar to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilishga;
davlat xavfsizligini, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish chora-tadbirlari amalga oshirilishiga ko‘maklashishga;
bojxona haqidagi qonun hujjatlarini qo‘llanish bo‘yicha belgilangan tartibda uslubiy ko‘rsatmalar va normativ hujjatlar ishlab chiqish hamda ularni nashr etishga;
yuridik va jismoniy shaxslarni tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish hamda bojxona chegarasidan o‘tish vaqtidagi huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishga;
faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berishga;
o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari natijasida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan davlat siri va tijorat siri hisoblangan axborotni oshkor etmaslikka majburdirlar.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizliklari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.