Davlat granti va uni ajratish tartibi





Davlat granti ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek jamoat fondlarining mablag‘lari hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ularning buyurtmalari bo‘yicha tanlov asosida beriladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslardir.




Davlat grantlarini ajratish Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari orqali amalga oshiriladi.



Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari davlat grantini taqsimlash maqsadida grant tanlovlarini tashkil etadi.




Grant tanlovlarida ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni taqdim etgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etishga haqlidir.




Grant tanlovlariga taqdim etilgan loyihalarni tanlab olish va g‘oliblarni aniqlash Parlament komissiyasi, jamoat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.



Davlat granti ajratilayotganda grant beruvchi va grant oluvchi o‘rtasida grant ajratilganligi to‘g‘risida shartnoma tuziladi.




Nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat grantlarini ajratish tartibi hamda shartlari Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.