Davlat subsidiyasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan beriladigan hamda aniq loyihalar bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko‘makdir.
Davlat subsidiyalaridan faqat nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy foydali maqsadlarga erishish uchungina foydalaniladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat subsidiyasini olish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga buyurtmalar bilan murojaat etadi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining buyurtmalarini umumlashtiradi, subsidiyalash hajmlariga doir takliflarni tayyorlaydi hamda ularni Parlament komissiyasiga kiritadi.
Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, subsidiyalashning maqsadga muvofiqligi va zarur hajmlari to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti tasdiqlanganidan keyin Parlament komissiyasiga davlat subsidiyalarini taqsimlashga doir takliflarni taqdim etadi.
Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining takliflari olinganidan keyin nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ajratiladigan davlat subsidiyalarining hajmlarini aniqlaydi.
Davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun davlat tomonidan subsidiyalashning boshqacha tartibi ham nazarda tutilishi mumkin.