Ijtimoiy himoya yagona reestri





18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 3 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun har oylik pulli kompensatsiyani tayinlash «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali aniqlanadi.




«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan oilalarga quyidagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladi.




Ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro‘yxati
davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash;
umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;
ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
san’at maktablari, musiqa maktablari, «Barkamol avlod» markazlari va boshqa maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘qish xarajatlaridan ozod etish;
kam ta’minlangan oilalarning nogironligi bo‘lgan a’zolarini protez — ortopediya moslamalari bilan ta’minlash;
ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma (order) olish. Batafsil


2021-yil 1 yanvardan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyida nazarda tutilgan hujjatlar va ma’lumotlar fuqarolardan talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2022-yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlaridan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni yoki hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.


Hayotiy misol:

Savol: Y. ismli shaxs “Ijtimoiy himoya yagona tizimi” qanday tizim ekanligi va uning qanaqa ijobiy tomonlari borligi haqida tushuntirish berishni so‘radi.



Javob: “Ijtimoiy himoya yagona tizimi” – ijtimoiy himoyani amalga oshirish uchun inson omilisiz oilaning (fuqaro) ijtimoiy himoyaga muhtojligini o‘zi aniqlaydigan, ijtimoiy himoyani amalga oshiradigan va uni nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan axborot tizimidir.



O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ushbu axborot tizimining egasi va foydalanuvchisi hisoblanadi.



Mazkur axborot tizimi tajriba - sinov tariqasida Sirdaryo viloyati hududida 2019-yilning 1 oktyabridan boshlab ishga tushirilgan va 2021-yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida ishlamoqda.



Hozirda bu tizim orqali 21 vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida elektron almashuv asosida 40 dan ortiq turdagi ma’lumot olinmoqda.



Ushbu tizimning afzalligi shundaki, birinchidan, fuqarolarning ijtimoiy himoyadan foydalanishlari uchun zarur ma’lumotlar avtomatik tarzda yig‘iladi va bu borada fuqarolar sarson bo‘lishining oldi olinadi.



Ikkinchidan, kam ta’minlanganlikni e’tirof etish va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad etish jarayoni maksimal darajada shaffoflashadi. Nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror faqat ushbu axborot tizimi tomonidan (unga kiritilgan mezonlar asosida) qabul qilinadi, bunda hech qanday inson omili mavjud bo‘lmaydi.



Uchinchidan esa, ushbu tizim ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoya choralarining ma’lumotlar bazasiga aylanadi va ushbu baza orqali avtomatik tarzda barcha ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish imkonini beradi.