“Temir daftar” nima?





«Temir daftar» — ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etish, muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.



Temir daftarga quyidagi toifadagi oilalar kiritiladi:
kam ta’minlangan oila, deb e’tirof etilgan oilalar;
ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar;
kam ta’minlangan yakka-yolg‘izlar va keksalar;
boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar;
ko‘p (4 va undan ortiq) farzandli moddiy ko‘makka muhtoj oilalar;
mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar;
tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar (surunkali yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan va nogironlik guruhi belgilanmagan a’zolari mavjud etarli daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalar);
noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar.

Bunda, agar yuqoridagi toifalarga mos keladigan oilalarning a’zolari mos ravishda «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlariga ham kiritilgan bo‘lsa, ushbu oilalar ro‘yxati «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlarida yuritiladi.





Oilalarning ishsiz a’zolari bandligini ta’minlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan investitsiya bo‘limlari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan birgalikda mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan qishloq ho‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda kooperativlarga jalb etish, g‘alladan bo‘shagan erlarda takroriy ekin ekish va oborotdan chiqib ketgan erlarni o‘zlashtirish hisobiga bandlikni ta’minlash va boshqalar.




Oilalarga tomorqadan foydalanishda quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatiladi:
engil konstruktsiyali issiqxonalar o‘rnatish;
parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yish;
«Tomorqa xizmati» tashkilotlari va «Dala do‘konlari»ni tashkil etish.




Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.





«Temir daftar»dan oilalar quyidagi hollarda chiqariladi:
bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish orqali muammosi hal etilganda oila a’zosining roziligi bilan;
malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
to‘liq davlat ta’minotiga olinganda («Mehribonlik», «Saxovat» va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalarga o‘tkazilganda);
aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
yolg‘iz yashaydigan ehtiyojmand fuqaro ozodlikdan mahrum etilganda yoki vafot etganda;
oila a’zosining murojaatiga asosan;
«Temir daftar»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda.




Temir daftarga kiritilgan oilalar farzandlariga birinchi o‘quv yili uchun kontrakti to‘lab beriladi.



«Temir daftar»ga ikki va undan ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan oilalarning barcha masalalari to‘liq hal etilishi daftardan chiqarish uchun asos bo‘ladi.
Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 kundan kechiktirmasdan «Temir daftar»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

«Temir daftar» yuritilishi bo‘yicha sxema.



Hayotiy misol:

Savol: Yu. ismli shaxs “Temir daftar”ga kiritilgan oilaning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlari uchun ta’lim kreditini to‘lashda qanday imtiyozlar borligi haqida tushuntirish berishni so‘ragan.



Javob: «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.