Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ijrosini tashkil etish


Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ijrosini tashkil etish



Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tergov hibsxonasining ma’muriyati hukm qonuniy kuchga kirganligi to‘g‘risida sud xabarnomasini olgan kundan boshlab 10 kunlik muddat ichida jazoni o‘tash uchun jo‘natiladi.





Ushbu muddat davomida mahkum:
qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan bir marta qisqa muddatli uchrashish;
o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan, 15 daqiqa davom etadigan bir marta telefon orqali so‘zlashish huquqiga ega.


Tergov hibsxonasining ma’muriyati mahkum jazoni o‘tash uchun jo‘nab ketganligi to‘g‘risida uning oilasiga 3 kunlik muddat ichida xabar yuborishi shart.
Jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati mahkum etib kelgan kundan boshlab 3 kunlik muddat ichida bu haqda hukm chiqargan sudni xabardor qilishi, shuningdek mahkumning oilasiga muassasa manzilini ko‘rsatib hamda mahkumning yozishma olib borish, uchrashuv, posilka, yo‘qlov va banderollar olish, telefon orqali so‘zlashuv huquqlarini tushuntirib, xabarnoma yuborishi shart.

Muassasaga etib kelgan mahkumlar ularning shaxsini o‘rganish va sharoitga moslashib olishlari uchun 15 sutkagacha muddatga, odatda, qabul bo‘limiga joylashtiriladi, manzil-koloniyaga kelgan hamda xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun tergov hibsxonalari va turmalarda qoldirilgan shaxslar bundan mustasno.



Muassasaga etib kelganlaridan so‘ng mahkumlarga jazoni o‘tash tartibi va shartlari to‘g‘risida kerakli axborot beriladi, shuningdek ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi.




Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs butun jazo muddatini, odatda, bitta muassasada o‘taydi.




Mahkumni bir koloniyadan ayni shu turdagi boshqa koloniyaga jazoni o‘tashni davom ettirish uchun o‘tkazishga uning xavfsizligini ta’minlash maqsadida uning roziligini olgan holda, shuningdek mahkumning mazkur muassasada qolishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa hollarda yo‘l qo‘yiladi.


Mahkum kasal bo‘lib qolgan taqdirda uni koloniyadan yoki turmadan ixtisoslashgan davolash muassasiga o‘tkazishga tibbiy xulosa asosida yo‘l qo‘yiladi.
Jazoni ijro etish muassasalarida erkaklar va ayollar, voyaga etmaganlar va katta yoshlilar, ozodlikdan mahrum etishga birinchi marta hukm qilingan shaxslar va ilgari bu jazo turini o‘tagan mahkumlar alohida-alohida saqlanadi.


Quyidagilar boshqa mahkumlardan batamom ajratilib, alohida saqlanadi:
o‘ta xavfli retsidivistlar;
umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan mahkumlar;
mahkum ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
sud va huquq-tartibotni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlariga mansub mahkumlar;
turli yuqumli kasalliklarga chalingan mahkumlar.


Mahkumlarni ko‘chirish tartibi
Mahkumlarni saqlash sharoitining o‘zgartirilishi