Rezident jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida valyuta qimmatliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga, o‘tkazishga va jo‘natishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishga, o‘tkazishga hamda jo‘natishga haqli.
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish 100 million so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi banklari mustasno.