Asosiy maqsad - jabrlanuvchilarning, guvohlarning va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud bo‘lganda qo‘llaniladigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga ko‘maklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini belgilashdan, shuningdek ularni qo‘llashning asoslari hamda tartibini aniqlashdan iboratdir.
Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagilardan iborat:
jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili;
guvoh;
jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari;
mahkum, oqlangan shaxs, o‘ziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan shaxs;
fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;
ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolis.
Ushbu shaxslarning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari ham himoya qilinuvchi shaxslar bo‘lishi mumkin. Himoya qilish choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar arizachiga, jinoyat shohidiga yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Xavfsizlik choralari quyidagilardan iborat:
1) himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;
2) shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qo‘riqlash;
3) himoya qilinuvchi shaxsga maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish;
4) vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish;
5) boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish;
6) hujjatlarni almashtirish;
7) himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilishini cheklash;
8) qamoqda yoki jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ta’minlash.
6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralari faqat og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishlari bo‘yicha zarur bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
Himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organning qaroriga binoan, operatorlarda turgan davlat axborot-ma’lumot fondlaridagi va boshqa axborot-ma’lumot fondlaridagi himoya qilinuvchi shaxs haqidagi ma’lumotlar berilishiga taqiq o‘rnatish, uning telefoni abonent raqamlarini hamda uning foydalanuvidagi yoki unga tegishli transport vositalarining davlat raqam belgilarini o‘zgartirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, voyaga etgan himoya qilinuvchi shaxslar o‘z roziligi bilan, voyaga etmagan shaxslar esa ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan o‘z xavfsizligi ta’minlanadigan joylarga joylashtirilishi mumkin. Mazkur joyda bo‘lish muddati himoya qilinuvchi shaxs va xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organ o‘rtasida kelishiladi.
Himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilishini cheklash jinoyat ishi materiallaridan shaxsning anketa ma’lumotlarini olib qo‘yishdan va ularni asosiy ish yurituvidan ajratib saqlashdan, shuningdek buning uchun taxallusdan foydalanishdan iboratdir.
Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta’minlashni talab qilish;
ijtimoiy himoya qilish choralari qo‘llanilishini talab qilish;
o‘ziga nisbatan, muayyan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralarining qo‘llanilishi va xususiyati haqida bilish;
qo‘shimcha xavfsizlik choralarini qo‘llash haqidagi yoxud ularni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etish;
himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilish;
xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organga psixologik yordam olish uchun murojaat etish.
Himoya qilinuvchi shaxslar majburiyatlari:
xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organ tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni, shuningdek uning qonuniy talablarini bajarishi;
o‘ziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud g‘ayriqonuniy harakatlar to‘g‘risida xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organni darhol xabardor qilishi;
xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘ziga berilgan mol-mulkni asrab-avaylashi;
o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan xavfsizlik choralari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmasligi shart.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida foydalanishga berilgan mol-mulk sotib yuborilgan, o‘zga shaxsga berib yuborilgan yoki unga shikast etkazilgan taqdirda, himoya qilinuvchi shaxs qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.