Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishi





1. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari, shu jumladan “xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” umume’tirof etilgan institutlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash orqali sezilarli kuchaytirildi.




Xususan, ilk marotaba Asosiy qonunda quyidagilar belgilandi:


aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Bu, o‘z navbatida, eng muhim bo‘lgan “aybsizlik prezumptsiyasi” printsipining amalda ro‘yobga chiqarilishining kafolati hisoblanadi;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin;
hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Bunda, Konstitutsiyada quyidagilar aniq belgilanmoqda: agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas;
hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi;
hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek, unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi;
shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas, shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart;
ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega;
shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas va boshqalar.

2. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilandi.


3. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlandi. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning himoyalanishi, odil sudlovdan foydalanishini ta’minlash va ularga etkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishning davlat kafolatlari kuchaytirildi.


4. Har kimning o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish huquqi belgilandi.



Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.
Har kimga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish konstitutsiyaviy huquqi berildi.