O‘z-o‘zini anglash va burch tuyg‘usi haqida

Eng qiyini o‘zingni anglay bilishingdir.

FALES

Kishi o‘zini qanday anglashi mumkin? Harqalay, xayolparastlik bilan emas, faqat faoliyatda anglashi mumkin. O‘z burchingni ado et, o‘sha zahoti o‘zingni anglaysan.

I. GYoTE

Inson mushohada bilan emas, balki harakatda o‘z-o‘zini anglaydi. Qilinishi lozim bo‘lgan ishga kuch-g‘ayrat sarflagandagina u o‘zining kimligini biladi.

I. GYoTE

Burchingni ado etishga harakat qil, shunda darhol o‘zingning kimligingni bilib olasan.

L. N. TOLSTOY

Kishi o‘z qobiliyatlarini amalda tatbiq etgan taqdirdagina bilishi mumkin.

SENEKA

Insonning haqiqiy fazilati kerak bo‘lgan chog‘ida, uni ish bilan ko‘rsatib, ishda isbotlagan taqdirdagina namoyon bo‘ladi.

L. FEYERBAX

Qalbimizning go‘zal intilishlariga, agar ular faqat intilish bo‘lib qolaverar ekan, biz hech qachon amaliy ahamiyat bermaymiz; ha, biz faqat faktlarni qadrlaymiz va faqat qilgan ishiga qarab odamlarning fazilatini belgilaymiz.

N. A. DOBROLYuBOV

Ko‘zga tashlanib turmagan saxovatni hech kim axtarib o‘tirmaydi.

O.BALZAK

Jamiyat amalda isbotlangan yaxshi fazilatlarnigina e’tirof etadi va hurmatlaydi… Kimda-kim o‘z bahosini aniq bilmoqchi bo‘lsa, uni faqat xalqdan bilishi mumkin, binobarin, o‘zini xalq hukmiga havola qilishi kerak.

K. GELVESIY

Eski gumanizm bunday der edi: «Sen nima bilan shug‘ullansang ham menga baribir, menga sening insonliging muhim». Sotsialistik gumanizm bunday deydi: «Agar sen hech narsa bilan shug‘ullanmasang va hech ish qilmasang, sen qanchalik aqlli va yaxshi bo‘lsang ham seni inson deyolmayman».

A. A. FADEEV

…Odamga u o‘zi haqida nima deyishi yoki nima o‘ylashiga qarab emas, balki qilayotgan ishiga qarab baho beriladi.

V. I. LENIN

Na o‘zingizning, na birovning gapiga emas, o‘zingizning va boshqalarning ishiga ishoning.

L. N. TOLSTOY

Hammamizning yagona langarimiz borki, agar o‘zimiz xohlamasak, hech qachon undan yiqilmaymiz: u bizning burchimiz.

I. S. TURGENEV

Burchingni unutma, u birdan-bir dil navosidir. Burchsiz hayot ham, ehtiros ham yo‘q.

A. BLOK

O‘z burchini bajarishdan mamnun odamgina erkin yashaydi.

SISERON

Insonni o‘z majburiyatlariga bog‘lab turgan burch hissi,— mayda manfaatlar ustidan g‘olib chiquvchi yuksak manfaatlarni anglab yetganidan boshqa narsa emas.

N. BENTAM

Burch! Sen avj pardadagi buyuk so‘zsan… Bu shunday buyuklikki, chindan ham insonni o‘zidan ham yuksaklikka ko‘taruvchi buyuklikdir.

I. KANT

Burchga sodiqlik shaxsiy manfaatlardan voz kechishni talab qiladi.

V.GYuGO

Kichik bo‘lsa ham har kuni biron-bir burchni ado etish — ajoyib ish.

E. DELAKRUA

Ado etilgan burch ulug‘vorligidan ko‘ra zo‘rroq ulug‘vorlik yo‘q, undan zo‘rroq quvonch qam yo‘q.

E. RENAN

Inson o‘z burchini bajarar ekan, o‘zi majburan qilayotgan ishiga muhabbat bilan qaraydi.

I. GYoTE

Burchini sevmay turib, uni bajarib bo‘lmaydi.

I. A. GONChAROV

Mas’uliyat hissidan nur olmagan hayot aslida hech narsaga arzimagan bo‘lur edi.

S. SMAYLS

Burchdan voz kechib va o‘z vazifasini tan olmagan holda, yana o‘zi uchun hamma huquqlarni talab qilish to‘ng‘izlikdan boshqa narsa emas.

F. M. DOSTOEVSKIY

Hayotdagi eng zo‘r huzur-halovat ado etilgan burchdan zavqlanishdir.

U. GEZLITT

Burchga sadoqat xarakter gultojidir.

N. V. ShELGUNOV

Umumaxloq qoidalariga nisbatan hurmatimiz ayni shu burch tuyg‘usining o‘zidir.

A. SMIT

Burch va nomus yo‘lini hech vaqt tark etmang, bu bizni baxtga erishtiradigan yagona yo‘ldir.

J. BUFFON

Baxtsizlikda burchga sodiq qolish buyuk xislatdir.

DEMOKRIT

Har doim o‘z burchingizni ado etishga intiling, shunday qilsangiz, muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdiringizda ham insoniyat sizni kechiradi.

T. JEFFERSON

O‘z burchini sidqidildan ado etgan odam o‘z quvonchi bilan o‘zini mukofotlaydi va birovlarning maqtovi, izzat-ikromi, minnatdorchiligiga ham zor bo‘lib o‘tirmaydi.

J. LABRUER

ziyouz.uz