Bir kuni ko‘chada sayr qilib yurgan kishi yo‘l chetida o‘tirgan keksa odamni ko‘rib qoldi. U mo‘ysafidning qarshisiga kelib, murojaat qildi:
– Otaxon, ulug‘ yoshli inson ekansiz, anchagina uzoq hayot yo‘lini bosib o‘tgansiz. Shubhasiz, juda dono bo‘lsangiz kerak. Ayting-chi, mana, men yosh va kuchliman-u, ammo hech qayerdan ish topa olmayapman, o‘g‘lim giyohvandlikka berildi, qizimni ham yaxshi tarbiyalay olmayapman, ayolim esa kun bo‘yi uyda o‘tirsa ham, hech qayerga qaramaydi. Xo‘sh, men bu vaziyatda qanday yo‘l tutishim kerak? Nima qilsam, bularning hammasini o‘zgartira olaman?
Qariya javob berdi:
– Eshiging ustiga kichkinagina taxtacha osib, unga “Hamisha shunday bo‘lavermaydi” deb yozib qo‘y.
– Shu xolosmi? – hayron bo‘ldi erkak.
– Shu xolos, – javob qildi keksa kishi.
U uyiga borib, qariya aytgandek qildi. Bir qancha vaqt o‘tgach, uning o‘g‘li giyohvandlikni tashladi va hatto qilgan ishi gunoh ekanini tan olib, tavba qila boshladi. Qizi yosh bilan yigit bilan yaxshi ko‘rishib, oila qurdi. Ayoli ham o‘zgardi va risoladagi bekaga aylandi. Erkakning o‘zi esa serdaromad ishga joylashdi va ko‘p o‘tmay, hatto mashina sotib oldi.
Kunlarning birida u tanish ko‘chadan o‘tib borayotib, ikki yilcha oldin keksa mo‘ysafidni uchratgan joyida to‘xtadi. Qariya hali ham shu yerda o‘tirgandi. Erkak uning oldiga yaqinlasharkan, mashinadan tushmagan holda, uning oynasini ochib, so‘z qotdi:
– Ha, boboy, haliyam o‘tiribsizmi? Men bo‘lsa, ko‘rib turganingizdek, ancha narsaga erishdim. O‘g‘lim giyohvandlikni tashladi, endi u taqvoli yigit, qizim sevib, sevilib turmushga chiqdi. Ayolim ham yaxshi rafiqaga aylandi. O‘zim ishga joylashdim va endi ishxonamda martabali boshliqman. Siz esa haliyam o‘shandek o‘tiribsiz, no‘noq chol! Xo‘sh, endi menga nima deb maslahat berasiz?
Bu gaplardan qariyaning chehrasi o‘zgarmadi, aksincha, u suhbatdoshiga xotirjam tikilgancha, dedi:
– Haligi taxtacha bor edi-ku, shuni olib tashlamagin…
Ruschadan Muhabbat Sharifova tarjimaci.