Yomg‘ir ostida

Darsdan shoshib chiqdim. “Ana xolos”, – deb yubordim yomg‘ir ayovciz quyayotganini ko‘rib. Aksiga olib, bugun bir ko‘rgazma tashkilotchilari bilan suhbat uyushtirishim kerak edi.

Shunday yomg‘irda borish shartmikan-a? Bugun bormay qo‘yaversam-chi?

Yo‘q, ertangi darsga biror “narsa” tayyor bo‘lishi kerak! Meni fik­rimdan qaytarmoqchi bo‘lganday yomg‘ir ham savalab quyardi. Soyabonimni ochdim-u, bekatga yugurdim. Biroz kutdim… Kutish asnosida bekatning ortida yomg‘ir ivitib yuborgan bir yigitga ko‘zim tushdi. Soyaboni ham yo‘q ekan, bekat ichkarisiga kirsa bo‘lmasmikin? Anchadan beri turibdiyov, qalin, qop-qora sochlari suvga yaxshigina bo‘kkan. Nigohi esa bir nuqtadan uzilmaydi – baland oppoq devor…

Devorda biror nima bormi, deb rosa tikildim – begard. Notanish oxiri zerikdimi yoki charchadimi, bekat o‘rindig‘iga – yonimga cho‘kdi. Shu payt ko‘rgazma tomon boruvchi avtobus ham keldi. Chiqishim kerak… O‘rnimdan turdim. Notanish xo‘rsindi… To‘xtadim. Avtobus ketdi. Men joyimga qaytib o‘tirdim. Shu damda menga ko‘rgazmadan ham ko‘proq notanish qiziq edi. Balki u ham bir dardkashga muhtojdir…

– Biror mushkul ishga ro‘para keldingizmi?

U “menga gapirayapsizmi” deganday qaradi. Biroz o‘tib so‘z qotdi:

– Nima, siz muammoga duch kelmaysizmi?

– Bo‘lib turadi. Lekin… uni engish kerak. Siz esa o‘zingizni…

– Xarob qilyapmanmi?

– O‘zingiz ham bilarkansiz-ku! Nega bunday bo‘ldi, deb o‘ylanavermay muammoni hal etish yo‘llarini izlash kerakdir, balki…

– Yo‘q, nega bunday bo‘ldi, deb o‘ylayman men. Chunki shunday bo‘lishi kerak edi. Uni hal etish yo‘li ham yo‘q. U endi yonimga qaytmaydi…

– Ha… demak, sevgi dardi deng?

– Sevgi! Ehtimol, sevgi bu tuyg‘um oldida ojizdir.

– Muhabbatingiz shunchalik kuchli ekan, nega undan ayrildingiz?

– Kim biladi? Bu faqat Yaratganga ma’lum. O‘zi shunday – go‘zal xilqat bevafo bo‘ladi.

– Demak, sevganingizga vafo etishmabdi-da?

– Ha… u meni jilmayibgina tashlab ketdi. Usiz yasholmasligimni bilardi… Sevgimizdan kechib ketdi-ya! Javohiringni tashlading-ketding!

Notanishning ko‘zlaridan ham tomchilar yog‘a boshladi, xuddi bugungi yomg‘irday… Yigit kishi yig‘laganini ko‘rmaganman. Nima deyarimni, nima qilarimni bilmay qoldim. “Bir qizga ham shunchalikmi?” – deb o‘yladim.

– Nega mana bu devorga tikilib turgandingiz?

– Chunki… devor ortida uning uyi bor.

– Chiqishini poyladingizmi?

– Yo‘q… U chiqmaydi. Yomg‘irni yaxshi ko‘rardi, shuning uchun yoniga keldim. Ammo devor ortiga o‘tish…

– Ha, odamlar ko‘rsa yaxshi bo‘lmaydi. Birovning uyiga beruxsat kirish…

– Menga ruxsat shart emas. Endi kerakmas… Shu paytgacha ikkimiz kimlarningdir ruxsatiyu buyruqlariga bo‘ysunib yashadik. Oxiri nima bo‘ldi?! Hatto biror marta qo‘lidan ham tutolmadim…

– U hozir… turmushga chiqqanmi?

– Turmushga chiqsayam roziydim. Axir bir kun qolgandi to‘yiga. Lekin u istamadi! Menga xiyonat qilolmadi…

– Unday bo‘lsa… Nega muncha qiynalasiz?

Notanish o‘rnidan turdi.

– Men undan xabar olib kelay…

– Mayli… Unga salom ayting.

Notanish ketdi. Devor yoqalab ketdi… Eshigi qaerdaykin, bilmadim. Men ham ketdim. Ko‘rgazmaga emas, uyimga. Biror “nima” ham yozdim: “Devor ortida”.

Menga hanuz jumboq edi, ne bor edi devor ortida? Notanishni esa bu erda boshqa uchratmadim. Balki yomg‘ir yana yoqqanida ko‘rarman uni? Javobsiz savollarimga javob berar u?

Yomg‘ir shu bo‘yi boshqa yog‘madi… Oradan bir oy o‘tdi. Havo issiq, o‘sha bekatdaman. Devor oqlanayapti. Hasharchilardan so‘radim:

– Devor ortida kim yashaydi?

– Hech kim yashamaydi. Bu er bezabonlar makoni. Qabriston…

“Qabriston?!”

Men bekatga qaytdim. O‘rindiqqa og‘irgina cho‘kdim. Yonimda bir onaxon. Devorga qarab og‘ir xo‘rsinadi: “Eh, bolam-a… nimalar qilib qo‘yding? To‘yingni ko‘rolmagan onang o‘lsa bo‘lmasmidi? Oh, Javohirim…”

Muyulishda avtobus ko‘rindi…

Nodirabegim Ibrohimova