Ba’zan “Qur’onni o‘pish bid’at, salafi solihlardan bunday qilganlari rivoyat qilinmagan, bunday qilish gunoh” degan so‘zlarni eshitib qolamiz. Bu masalaning shar’iy hukmi ne bo‘ladi? Haqiqatan ham Qur’onni o‘pish bid’at va gunohmi yoki shar’an joiz bo‘lgan mandub ishmi?
Hanafiy, shofe’iy, hanbaliy mazhabining jumhur fuqaholari shunday deyishadi: «Mushaf (Qur’on) ni o‘pish joizdir. Shofe’iylar esa bu mustahab amal», deb aytishgan.
Qur’onni ulug‘lashdagi asl qoida va komil ehtirom uni xushu’ va tadabbur ila doimiy tarzda tilovat qilish, unga amal qilishdir!
Qur’onni o‘pish amali ila mushafni ulug‘lash, ehtirom va muhabbatni qasd etilsa joiz va mustahabdir.
Misrlik alloma shayx Aliy Juma aytadi: «Ba’zi insonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’onni o‘pmaganlar, bu bid’at bo‘ladi, deyishadi. Biz aytamizki, bu noto‘g‘ri gap. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’onni o‘pishlari mumkin bo‘lmagan, zotan u zot alayhissalom hayot ekanlarida Qur’on jam qilinmagan edi”.
Qur’onni o‘pish bid’at deydiganlar bu so‘zlariga ibn Hanbal rahimahullohning jamodot (jonsiz narsalar) ni to shu ishga shar’iy dalil bo‘lmaguncha o‘pish harom degan qavlini dalil o‘laroq keltiradilar. Ibn Hanbal rahimahullohning ushbu fatvosi to‘g‘ri. Ammo bu qavl Hajarul asvad haqida aytilgan. Shuningdek, Qur’onni o‘pishga sahobiylar amalidan hujjatlar bor.
Usmon va Aliy roziyallohu anhumo Qur’onni o‘par edilar. Agar bu ish harom bo‘lsa bu sahobalar bu ishni aslo qilmagan bo‘lar edi».
Ba’zilar: «Qur’onni yuzga surtish bid’at», deyishadi.
Biz bunga ushbu dalilni keltiramiz:
Misr fatvo hay’atidan Qur’onni o‘pish hukmi haqida so‘ralganida ular bunday javob berishgan edi: «Ulamolar Qur’onning sha’nini ulug‘lash, hurmatini qadrlash qasdi ila o‘pish joizdir. Zotan, Qur’on Allohning kitobi va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ato etilgan ulkan mo‘’jizadir. Qur’onni o‘pish biron bir zarari bo‘lmagan yaxshi ishdir, deganlar”.
Hanafiy ulamolardan Muhammad Haskafiy «Durrul muxtor» kitobida bunday deydi: «Qunya» kitobida Qur’onni o‘pish bid’at deyilgan. Ammo, Umar roziyallohu anhuning har kun ertalab Qur’onni olib o‘pib:
«Robbimning ahdi, Robbim azza va jallaning risolasi», deb aytgani rivoyat qilingan.
Usmon roziyallohu anhu Qur’onni o‘par va yuziga surtar edi».
Shuningdek, Imom Navaviy «Tibyon» da buday aytgan: «Doramiy musnadi»da Abu Mulaykadan keltirishicha, Ikrima roziyallohu anhu Qur’onni yuziga qo‘yib, «Robbim kalomi, Robbim kalomi», der edi.
Ibn Hajar Haytamiy Shofe’iy “Tuhfatul muhtoj fiy sharhil manhaj” kitobi (1/155) da bunday keltirgan: «Imom Subkiy Qur’onni o‘pish joiz ekaniga Hajarul asvadni, olim, solih va ota-onaning qo‘lini o‘pish joizligini qiyosan keltiradi. Zotan bu ishlarning eng afzali Qur’onni o‘pish ekani ma’lum.
Demak, Qur’onni o‘pish mustahab amal va bu ishni sahobalar roziyallohu anhum qilishgan. Kimdir Qur’onni ehtirom ma’nosida o‘psa joiz amal. Mabodo o‘pmasa ham hech bir zarari yo‘q.
Ammo, Qur’onni o‘pish, yuzga surib ehtirom qilish bid’at deyishning o‘zi bid’atdir.
“Mavsuatul fiqhiyya”, “Sharh Sunan ibn Moja”, “At-tibyan fiy adab hamalatil Qur’an”, Dorul ifto al-Misriya va boshqa manbalar asosida tayyorlandi.