Buqoqni davolash shart

Tireoid gormonlar ishlab chiqarilishi uchun kerakli miqdordagi yod tashqi muhitdan qonga tushmasa, u holda, gipofizning tireotrop gormoni taʼsirida qalqonsimon bez hujayralari boʼlinib koʼpaya boshlaydi, natijada bez hajmi kattalashib buqoq paydo boʼladi.



Kattalashgan qalqonsimon bezning shakliga qarab, buqoq bir necha xilda (masalan tarqoq, yaʼni diffuz, tugunli va aralash, faoliyatiga koʼra gipertireoz – toksik, yaʼni faoliyati kuchaygan, gipotireoz, yaʼni faoliyati pasaygan va eutireoz yoki notoksik, yaʼni faoliyati buzilmagan) farqlanadi. Koʼpincha, endemik hududlarda tarqoq va aralash shakldagi, faoliyati jihatidan meʼyoriy yoki faoliyati pasaygan buqoqlar uchrasa, sporadik buqoqlar asosan tugunlar yoki aralash, faoliyati jihatidan esa toksik yoki notoksik boʼladi.

Tugunli notoksik buqoq onkologik nuqtai nazardan qaralganda eng xavfli kasalliklar qatoriga kiradi, chunki vaqt oʼtishi bilan qalqonsimon bez saratoniga aylanib ketishi ham mumkin.

Erta davrlarda saratonga xos belgilar boʼlmasligi mumkin. Koʼp hollarda, tugunli buqoq qalqonsimon bezning saraton kasalligi uchun “niqob” boʼlib xizmat qiladi. Shu sababdan, tugunli buqoqlar saraton oldi kasalliklari qatorida sanaladi va aniqlangan vaqtidan boshlab, ularni dori-darmonlar bilan davolashga harakat qilinmasdan balki jarrohlik yoʼli bilan davolanadi.

Buqoq tufayli qalqonsimon bez olib tashlanishi bemorni ancha qiynab qoʼyadi, yaʼni u operatsiya vaqtida koʼp qon yoʼqotadi, keyin esa muntazam ravishda dori-darmonlar ichib yurishiga toʼgʼri keladi. Аmmo barcha zarur dorilardan foydalanilsada, ular bari bir qalqonsimon bez oʼrnini bosolmaydi. Shuning uchun ham operatsiyadan keyin bemor oʼzini ehtiyot qilishi va maʼlum bir tavsiyalarga amal qilib yashashi kerak. Masalan oftobda koʼp vaqt toblanmasligi, sauna va hammomlar hamda suvi issiq vannalarda choʼmilmasligi, jismoniy va ruhiy zoʼriqishlardan saqlanib, ogʼir yuk koʼtarmasligi lozim. Bemor oʼz kayfiyatini koʼtarish maqsadida koʼngilochar tadbirlarda ishtirok etsa, oʼz sevgan mashgʼulot bilan tez-tez shugʼullanib tursa yanada yaxshi.

Bundan tashqari, qalqonsimon bezini operatsiya qildirgan bemorlar tarkibida yod boʼlgan mahsulotlar (dengiz baligʼi va dengiz mahsulotlari, yodlangan tuz, yongʼoq)ni kamroq isteʼmol qilishlari kerak. Chunki organizmga tushadigan yodni hazm qilib qayta ishlab beradigan qalqonsimon bez boʼlmagach, yodli mahsulotlar organizmga ogʼirlik qiladi.

Bemorlar kalьtsiy va vitamin D ga boy yeguliklar (yogʼsiz tvorog va pishloq, tuxum, undirilgan bugʼdoy maysasi, yogʼsiz goʼsht va baliq, meva-sabzavotlar)ni isteʼmol qilishlari lozim. Аgar odam tez-tez quvvatsizlanib lohaslansa, koʼp terlasa, havoga bogʼliq boʼlmagan holda isib ketsa yo sovuqqotsa, xotirasi susayib ish qobiliyati pasaysa, hid va taʼm bilish sezgisi kamaysa, qoʼl-oyoqlari uvishib qolaversa, oza boshlasa va yurak urishi tezlashsa oʼziga beparvo qaramasdan albatta endokrinologga murojat etishi, aniq tashxis qoʼyilgandan keyin uning tavsiyasiga koʼra muolajalar olib turishi lozim.

Dilorom NАJMUDDINOVА,

endokrinolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.