Qandli diabetda oyoqlar zararlanishi

Bemor oʼn besh-yigirma yildan ortiq vaqt qandli diabet bilan ogʼrisa, 80 foiz hollarda oyoq tomirlari zararlanishi mumkin. Bunday holatlarda jarrohlik amaliyoti oʼtkazish zarur boʼladi.


Qandli diabetda oyoq kafti sindromi – patologik holat boʼlib, bunda tomir, teri, yumshoq toʼqimalar, suyaklar, boʼgʼimlarning periferik nervlari zararlanishi kuzatiladi. Koʼpincha suyak, boʼgʼim zararlanib yiringli nekrotik jarayonlar avj oladi. Shuningdek oyoqlarda mayda tomirlar tarmogʼi shikastlanib (mikroangiopatiya), toʼqimalar oziq moddalar va kislorod bilan toʼyinmay qoladi. Moddalar almashinuvi jarayonlari buzilib, ortiqcha mahsulotlar chiqib ketolmaydi, oqibatda gipoksiya toʼqimalarda jiddiy oʼzgarishlar paydo qiladi va gangrenoz-nekrotik jarayonlar rivojlanadi.

Qandli diabetda aterosklerotik zararlanish (makroangiopatiya) rivojlanadi va juda ogʼir kechadi. Аterosklerotik zararlanishlar son, tizza osti va oyoq kafti arteriyalarida uchraydi.


Polineyropatiya yaʼni nerv tolalari zararlanishi (somatik va avtonom neyropatiya) qandli diabet bilan ogʼrigan bemor oyoqlarida trofik yaralar rivojlanishiga olib keladi. Аksariyat hollarda oyoq kaftining shakli oʼzgaradi, bemor yurganda ham, turganida ham gavda holati notoʼgʼri boʼladi. Issiq yoki sovuq haroratga sezgisi pasaygan oyoq kafti odatdan koʼproq mexanik, issiqlik, kimyoviy taʼsirlardan shikastlanadi va yiringli nekrotik zararlanishlar xavfi oshadi.

Diabet osteoartropatiyasida kalьtsiuriya, yaʼni kalьtsiy va boshqa tuzlarning koʼplab chiqib ketishi roʼy beradi.

Qandli diabetda oyoq kaftining neyropatik, ishemik va neyroishemik turlari tafovut qilinadi. Dard boshlanganida bemorlar oyoqlarining toliqishi, sovuqqotishi, uvishishini koʼproq seza boshlaydilar.

Diabet uzoq kechganda oyoq kafti shakli oʼzgaradi, yassi oyoqlik paydo boʼladi, barmoqlar bolgʼasimon tus olib, panja ostida esa qadoqlar paydo boʼladi. Bemor oqsoqlanib yuradi, oyoqda chipqon, trofik yaralar paydo boʼlganda, ularning tuzalishi qiyin kechadi.

Kasallikka tashxis qoʼyishda oyoq kaftini podoskopda tekshirish muhim ahamiyatga ega. Oyoq kaftida dardi bor bemorlarni davolashda ayrim jarayonlar (masalan, dori-darmonlar turini aniq belgilash, yara atrofidagi terini sogʼlomlashtirish va perifokalь yalligʼlanishning oldini olish, yiringli-nekrotik jarayonni va yaradagi yalligʼli oʼzgarishlarni toʼxtatish, immun tizimini mustahkamlash, oyoqlarga koʼproq yengillik berish, davolash vaqtida uglevod almashinuvini yaxshilash singarilar)ga jiddiy eʼtibor qaratish kerak.

Infektsiyalar asorat berganda, ishemik zararlanishlarda va giperglikemiyada bemorlarni albatta insulin bilan davolash kerak boʼladi hamda oyoq ogʼrigʼini qoldiradigan va polineyropatiya alomatlarini kamaytiruvchi dori va malhamlar buyuriladi. Jarohatni yaxshi tozalash, atrofidagi terini sogʼlomlashtirish, bogʼlovni har kuni yangilab turish muhim ahamiyatga ega.

Patologik jarayonni davolagandan koʼra oldini olish yaxshiroqdir. Buning uchun esa qandli diabet bilan xastalangan bemorlar har kuni oyoq panjalarini nazorat qilib, toʼgʼri parvarish qilishlari va zarur hollarda darrov shifokorga murojaat etishlari oʼta muhimdir.

Zilola DOSOVА,

Respublika ixtisoslashtirilgan

endokrinologiya ilmiy-amaliy

tibbiyot markazi

“Qandli diabetning yiringli

asoratlari” boʼlimi shifokori,

endokrinolog.