Jahon Sogʼliqni Saqlash Tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, dunyoda oʼlim va nogironlikka olib keluvchi qon tomir kasalliklari (shuningdek stenokardiya, surunkali yurak yetishmovchiligi va miokard infarkti singarilar ham) birinchi oʼrinni egallaydi. Insulьt rivojlanishi uchun bosh miya qon tomirlari devorlaridagi oʼzgarishlar muhim rolь oʼynaydi, vaqt oʼtishi bilan bu aʼzolarda elastiklik va chidamlilik kamayib boradi va yoʼqoladi. Bundan tashqari, baʼzi bir metabolik kasalliklar, asosan semizlik va ateroskleroz ham xavfli hisoblanib, birinchisi tanaga umumiy yuklamani oshiradi, ikkinchisi esa tomirlar devorlaridagi oʼzgarishlarni yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari, qon bosimining doimiy koʼtarilishi yoki arterial gipertenziya ham insulьt xavfini oshiradi.
Buyraklar tanada asosiy siydik ajratuvchi aʼzolardir. Ular qonni filьtrlaydi, moddalar almashinuvi va baʼzi zaharli moddalar mahsulotlarini siydik orqali tanadan tashqariga ajratib chiqaradi. Ilgarilari bu hol buyraklarning yagona asosiy vazifasi va uning boshqa vazifalari ikkilamchi hisoblanardi. Аmmo, ilmiy-tadqiqotlar natijalarida koʼrsatilishicha, inson tanasining ayrim hayotiy vazifalarini nazorat qilishda buyraklar roli oʼta muhim ekan. Masalan, birinchidan, yukstaglomerulyar apparat (buyrak nefronlari atrofidagi murakkab shakl) ning maxsus gormon – reninni ishlab chiqarish hisobiga arterial qon bosimini nazorat qilish qobiliyati aniqlandi. Tanada ushbu modda bir qator reaktsiyalar orqali qon bosimi oshishiga olib keladi. Ikkinchidan, shu apparat yana bir gormon – eritropoetin – suyak iligida qizil qon xujayralari (eritrotsitlar) shakllanishini stimulyatsiya qiladi. Bu buyraklarning qon ishlab chiqarish (gemopoez) jarayonida faol ishtirok etishini anglatadi. Uchinchidan, siydik hosil boʼlish jarayonida buyraklar organizmda ionlar almashuviga taʼsir koʼrsatadi, ayniqsa, kaliy, natriy va kalьtsiy – ushbu kationlarning har biri koʼp biologik jarayonlarda faol ishtirok etadi.
Buyraklarning yuqoridagi singari turli vazifalarini hisobga olgan holda ular insulьt rivojlanishi soni oshishiga qay darajada taʼsir koʼrsatishiga eʼtibor qaratildi. Vaqt oʼtishi bilan bemorlarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga koʼra buyraklari zararlangan bemorlarda qon tomir kasalliklari bir necha bor koʼproq uchrashi aniqlandi. Bu kashfiyotning ahamiyati shundaki, endilikda urologik xastaliklari bor bemorlarda ham insulьtning oldini olish mumkin. Bu esa ushbu ogʼir kasallik havfini va undan kelib chiqadigan erta oʼlim koʼrsatkichlarini kamaytirishga imkon yaratadi.
Koʼp shifokorlar uchun buyrak kasalliklari va insulьt oʼrtasida bogʼliqlik borligi kutilmagan xodisa boʼldi. Chunki ilgari xasta buyraklar qon tomir kasalliklarida ikkilamchi rolni oʼynaydi deb hisoblanardi. Shuning uchun, baʼzi ilmiy-tadqiqotlardan soʼng olimlar bu xodisani isbotlash uchun yangi izlanishlar olib borishdi. Umumiy fikrlarga koʼra, buyrak kasalliklari tufayli kishida insulьt rivojlanishi oshib boradi. Demak, organizmda buyrak kasalliklari tufayli paydo boʼlgan quyidagi oʼzgarishlar insulьt rivojlanishining xavfini oshirishi mumkin:
yukstaglomerulyar apparat shikastlanishi natijasida arterial qon bosimining oshishi va oʼzgarib turishi;
eritropoetinning yuqori sintezi eritrotsitoz (qonda eritrotsitlar sonini oshib ketishi) ga olib keladi va natijada qon yopishqoqligini va tromblar hosil boʼlishini oshiradi;
buyraklar tanada kalьtsiyni ushlab qolib, u qon tomir devorlari xususiyatlarini yomonlashtiradi va aterosklerotik blyashkalar (pilikchalar) hosil boʼlishiga imkon yaratadi;
suv almashuvi buzilishi tanada suyuqlikning ushlab qolinishiga olib keladi, natijada yurakqon tomir tizimida bosim oshadi va toʼqimalar shishi rivojlanadi.
Buyrak kasalliklarida ushbu omillar majmuasi bosh miya qon tomirlarida turli hil oʼzgarishlar va patologiyalarga olib keladi. Yuqori qon bosimi va ortiqcha suyuqlik taʼsiri ostida tomirlar devorida qarshilik kuchi taʼsiri oshadi.
Qondagi kalьtsiyning yuqori darajada boʼlishi boshqa tomondan arteriolalarning spazmi (torayishi) ni kuchaytiradi, bu esa bosh miya toʼqimalarida kislorodga boy boʼlgan qon oqimini yanada cheklaydi. Yuqori stress va toliqishlar (emotsional stress va boshqalar meteosezuvchanlik) va boshqalar sababida) davrida insulьt rivojlanadi, (spazm yoki qon quyilishi oqibatida bosh miya ishemiyasi keskin rivojlanadi).
Siydik ajratuvchi tizim kasalliklarida insulьt ogʼirroq kechib uni davolash qiyinlashadi. Undan keyin bemor holatini yanada sezilarli darajada yomonlashtiradigan miya shishi rivojlanishi kuzatilgan. Аgar buyraklar yomon ishlasa – shish sekin bartaraf boʼladi va kuchayib borishi ham mumkin.
Hozirgi kunda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ishemik insulьtda qon tomirlar, bosh miya va buyraklar faoliyatlari buzilishlari oʼrtasidagi bogʼliqlikni oʼrganish boʼyicha klinik va eksperimental ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu ogʼir xastalikda yangi boʼlgan angiotserebro-renal sindromining klinik koʼrinishlari, xavf omillari, tashxislash, prognozlash va davolash choralari haqidagi yangi maʼlumotlar koʼpchilikda qiziqish uygʼotmoqda.