Nos chekadigan oʼsmirlar oz boʼlsada uchrab turadi. Аyrimlari kashandalikka odatlanib qolishgan. Ular nosning sogʼliq uchun oʼta zararli ekanini albatta bilib qoʼyishlari lozim. Chunki, nos qoʼlbola usulda tayyorlanadigan zaharli kimyoviy aralashma boʼlib, tarkibining asosiy qismini tuyilmagan tamaki tashkil etadi.
Nosda soʼndirilgan ohak, kul, yelim va oʼsimlik yogʼi mavjud. Rang berish uchun tut yoki boshqa daraxtning bargini quritib, yanchib qoʼshiladi. Oʼsimlik yogʼidan tashqari, nosga qoʼshilgan moddalarning hammasi zaharli taʼsirga ega. Nos tarkibidagi tamaki, ohak va kulning zaharli moddalari soʼlakka aralashgach, qiziloʼngach orqali oshqozonga tushib, shilliq pardasini yalligʼlantiradi. Natijada surunkali gastrit, oshqozon va oʼn ikki barmoq ichak yarasi kasalliklari paydo boʼladi.
Til ostidan qonga soʼrilgan nos kukuni avvalo bosh miya, yurak, jigar, buyrak kabi hayotiy muhim aʼzolarni zararlaydi. Nosdagi tamaki, ohak va kulning koʼp yillar davomidagi zaharli taʼsiri natijasida chekuvchilar baʼzan ogʼiz boʼshligʼi, qiziloʼngach va meʼda saratoni kasalligiga duchor boʼlishadi.
Birinchi marta nos chekkanda, tarkibidagi zaharli moddalar taʼsiriga nisbatan odam organizmida himoya reaktsiyasi paydo boʼladi. Chekuvchining koʼngli ayniydi, qusadi, boshi aylanadi, yurak urishi tezlashadi, sovuq ter bosadi, mast odamdek gandiraklaydi. Bunday yoqimsiz holat tufayli koʼpchilik oʼsmirlar nos chekish odatidan voz kechadilar.
Аyrim oʼsmirlar nosga oʼrganib qoladilar. Natijada asta-sekin nosning zaharli taʼsiriga nisbatan organizmning himoya reaktsiyasi susayib, koʼngil aynishi, qusish, bosh aylanishi kabi nohush belgilar yoʼqoladi. Shundan soʼng odam har gal nos chekkanda kayfiyati koʼtariladi, chehrasi ochiladi, koʼp gapiradi, yuzlari qizaradi.
Oʼsmir nosni avvaliga 1-2, keyinchalik 10-20 daqiqa tili ostiga tashlaydi. Boshlanishida kuniga 1-2 marta, asta-sekin 10-20 martagacha chekadigan boʼladi. Oqibatda nos tarkibidagi zaharli moddalardan eng avvalo, miya nerv hujayralari zararlanadi. Shu tufayli kashandaning kayfiyati buziladi, ayniqsa, nos xumor qilgan paytlarda sal narsaga jahli chiqadi.
Chekuvchilarda fikrlash, aqliy mehnat qobiliyati, xotira ham yomonlashadi, oʼqigan, koʼrgan, eshitgan narsalar esda qolmaydi, oʼzlashtirish pasayadi. Oylar, yillar oʼtishi bilan ruhiy buzilishlarga jismoniy xastalik belgilari qoʼshiladi. Kashandaning yuragi, oʼpkasi, jigari, buyraklari zararlanishi tufayli harakat qilganda nafasi qisadi, yuragi oʼynaydi, arterial qon bosimi koʼtariladi, tomir urishi tezlashadi, rangi oqaradi, lablari koʼkaradi. Jigar sohasida (oʼng qovurgʼa ostida ham) ogʼriq paydo boʼladi. Buyraklari kasallanishi sababli oʼsmir ertalab uyqudan turganda koʼzlarining osti, kechqurun esa oyoqlari shishadi.
Koʼp yillar nos chekish natijasida odam asta-sekin aqliy va jismoniy jihatdan zaiflashadi, ish qobiliyatini yoʼqotadi, vaqtidan ilgari keksayadi, nogiron boʼlib qolishi ham mumkin. Shunday ekan, nos chekishdek zararli illatdan yuz oʼgirish salomatlik sari qoʼyilgan muhim qadam hisoblanadi.