Gastrit

Oʼsmirlar orasida gastrit xastaligining koʼp uchrayotganligiga asosiy sabab ularning ovqatlanish tartibiga rioya etmasligidir. Kasallik kelib chiqishini oddiygina tushuntirish mumkin. Masalan qorin ochganda meʼda shirasi ajraladi, xuddi shu vaqtda oshqozonga ovqat tushmasa, bu shira meʼdaning shilliq qavatini (devorini) yalligʼlantiradi. Demak, doimiy ravishda oʼz vaqtida ovqatlanmaslik yoki quruq taomlar yeyish va koʼpincha och yurish natijasida oʼsmir gastritga chalinadi.


Xastalikning birinchi (ekzogen) sababi ovqatlanish tartibiga, meʼyoriga amal qilmaslik, taomni yaxshi chaynamasdan yutish, achchiq va oʼta issiq ovqatlarni isteʼmol qilish, turli dori-darmonlarni nazoratsiz qabul qilish, shuningdek tamaki chekish va spirtli ichimliklarga ruju qoʼyish, asabiy zoʼriqish singari holatlar bilan bogʼliq.

Gastritni yuzaga keltiruvchi endogen sabab esa quyidagi omillar bilan ifodalanadi:

surunkali yalligʼlanishlar (ogʼiz boʼshligʼi, halqum, nafas olish tizimidagi yalligʼlanishlar);

oʼpka sili, surunkali xoletsistit va pankreatit, enterokolit, bavosil kasalligi, paraproktit;

endokrin bezlar xastaliklari (gipotireoz, qandli diabet);

moddalar almashinuvining buzilishi (oʼta semizlik, organizmda temir yetishmasligi, podagra);

toʼqima gipoksiyasiga olib keluvchi dardlar (yurak-tomir, jigar va buyrak yetishmovchiligi);

koʼp asabiylashish, ruhiy tushkunlik holatlari;

baʼzi dori moddalarini pala-partish isteʼmol qilish.

Demak, aytish joiz, gastritni keltirib chiqaruvchi ekzogen sabablar ovqatlanish tartibining buzilishi bilan bogʼliq boʼlsa, endogen sabablar orasida qorin boʼshligʼi aʼzolari yalligʼlanishi asosiy oʼrinni egallaydi.


Xastalikning turlari koʼp

Gastritning kechishi xilma-xil boʼlib, har biri alohida xususiyatga ega. Masalan, gipertrofik gastritda yalligʼlanish tufayli oshqozon pardasi qatlamlari qalinlashadi. Erroziv gastritda oʼyuvchi moddalar (natriy, sirka kislota, sulema, qoʼrgʼoshin singarilar) taʼsirida oshqozon shilliq qavati shikastlanadi. Polipoz gastrit meʼda ichaklar devorida poliplar paydo boʼlishi bilan kechadi. Flegmonoz gastritda esa meʼda shilliq qavatida yiringli yalligʼlanish roʼy beradi. Gormonal gastrit ichki gormonal aʼzolar faoliyati buzilishi natijasida oshqozon shirasining asosini tashkil qilgan xlorid kislota ishlab chiqaruvchi hujayralar faoliyatini oshishi natijasida shilliq qavati jarohatlanadi. Dorili gastrit turli dorilarni, ayniqsa tarkibida steroid, aspirin, ogʼriq qoldiruvchi va boshqa moddasi koʼp boʼlgan dorilarini oʼzbilarmonlik bilan isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadi.

Bemor gastroskopiya qilingach, yaʼni gastroskop apparati qiziloʼngach orqali oshqozonga kiritilib, uning shilliq qavatlari holati sinchiklab koʼrilganda gastritning ushbu hamda boshqa bir qancha turlarini aniqlash mumkin.

Eroziv gastrit: shifokor nazorati juda muhim

Gastrit yoshlarning deyarli 40 foizida uchraydi, shular orasida eroziv gastrit bilan ogʼrigan oʼgʼil bolalar koʼpchilikni tashkil etadi. Kasallikning bu turi oshqozonda kislotali muhitning ortib ketishi tufayli paydo boʼladi.

Eroziv gastritning kelib chiqishiga quyidagi omillar ham sababchidir. Masalan:

doimiy ravishda yoʼl-yoʼlakay quruq holda ovqatlanish;

qattiq ruhiy iztirob chekish (asabiylashishi);

oʼta achchiq, nordon va juda shoʼr narsalarni koʼp isteʼmol qilish;

infektsion kasalliklar bilan tez-tez ogʼrib turish;

organizmda intoksikatsiya (zaharlanish) tez-tez roʼy berishi;

turli xil dori-darmonlarni oʼzbilarmonlik bilan ichib yurish;

gepatit, zotiljam, buyrak va yurak kasalligi revmatizmning surunkali turlariga va boshqa kasalliklarga chalinish singarilar eroziv gastritni yuzaga keltiruvchi omillardan hisoblanadi.

Eroziv gastrit paydo boʼlishida nos, tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish asosiy rol oʼynaydigan omillardan hisoblanadi. Аslida bu kasallik oʼgʼil bolalar oʼrtasida koʼp uchrayotganining sababi ham shunda. Chunki tamaki tutuni taʼsiri natijasida meʼda shilliq qavati avvaliga birmuncha qalin tortadi, yaʼni koʼp miqdorda shira ishlab chiqaradi, soʼng esa atrofiyaga uchrab zaiflashadi. Bu holat eroziv gastrit uchun qulaylik tugʼdiradi.

Oʼz nomiga koʼra eroziv gastrit meʼda shilliq qavati yuza qavatida eroziyalar (shilinish, yorilishlar) paydo boʼlishi bilan kechadi. Аgar davo kechiktirilsa kasallik asorat beradi, yaʼni eroziyalar yaraga aylanadi va ular qon tomirlari teshilib ichaklardan qon oqishi mumkin va bu bemorlarning axlati qora boʼlib kelishi bilan namoyon boʼladi.

Bemorlarni dastlab doimiy ogʼriqlar bezovta qiladi. Аgar eroziya meʼda shilliq qavatida boʼlsa ogʼriq ovqatlangandan keyin 20-25 daqiqa oʼtgach boshlanadi. Oʼn ikki barmoqli ichak sohasidagi eroziyada esa bemor ovqatlangandan 1,5-2 soat oʼtib ogʼriq turadi.

Eroziyalar yaraga aylanib ketmasligi uchun bemor muolajani tezroq boshlashi lozim. Аks holda shilliq qavatda yaralar koʼpaya boradi, ular teshilib qonagan joylardan keyinchalik oʼsmalar paydo boʼlishi mumkin. Kasallik shifokor nazorati ostida dori-darmonlar bilan davolanishi kerak. Bemorlar parhezga qatʼiy amal qilishlari zarur. Kundalik ovqatlar yumshoq, mayin, asosan boʼtqa va suyuq shoʼrvalardan iborat boʼlgani maʼqul. Muolajalar qunt bilan oxiriga yetkazilsa bemor qisqa vaqt mobaynida batamom sogʼayib ketadi.

Toʼsh sohasidagi ogʼriqlar

Bemorlar qorin yoki toʼsh osti sohasida doimiy vaqti-vaqti bilan ogʼriqlardan shikoyat qiladilar. Soʼrab-surishtirilganda ular ishtaha pasaygani, ogʼizda yoqimsiz taʼm boʼlishi, kekirganda achchiq-nordon suyuqlik chiqishi, baʼzan qusish bezovta qilayotganini aytishadi. Taʼkidlash joizki, gastritning hamma turlari ovqatlangandan keyin jigʼildon qaynashi bilan boshlanadi. Buning sababi shundaki, gastritga chalingan bemorning meʼda mushaklari tez-tez qisqaradigan boʼladi, ular qisqarganda oshqozon shirasi, xususan xlorid kislota qiziloʼngachning pastki qismiga otilib chiqadi va qiziloʼngachning shilliq pardasini taʼsirlantiradi. Bunday vaqtda jigʼildon qaynashidan tashqari achchiq kekirish va shundan soʼng qayt qilish kuzatiladi. Koʼpincha toʼsh osti sohasida ogʼirlik sezgisi boʼladi, bemor kekirganda ogʼzida palagʼda tuxum taʼmi seziladi. Bemorning umumiy ahvoli unchalik yaxshi boʼlmaydi, ishtahasi yomonlashadi, ish qobiliyati pasayadi.

Gastritda bemor qusishga moyil boʼlib qoladi. Yaʼni, yeyilgan ovqat yo ichilgan suyuqlik meʼdaning harakat vazifasi susaygani sababli oshqozonda turib qoladi. Аyniqsa koʼp ovqat yeyilib oshqozon toʼlib ketganda uning mushaklari siqilishga uchraydi va antiperistaltika (teskari harakat) paydo boʼladi. Shunda ovqat qiziloʼngachning pastki qismiga oʼtib tashqariga otilishga shay turadi.

Kasallik surunkali kechganda toʼsh osti sohasida ogʼriq boʼlishi bilan til usti qavati oqimtir karash bilan qoplanadi. Bemorni davolashda shifokor mehnat va turmush tarzini meʼyorga keltirishdan boshlaydi. Har bir bemor uchun shaxsiy davo choralarini shifokor belgilaydi. Bemor kuniga 6-5 marta oz-ozdan ovqatlanishi kerak. Jismoniy va ruhiy zoʼriqishlardan saqlangani maʼqul. Ogʼriq bezovta qilganda qorniga iliq suvli grelka qoʼyib yotishi va dam olishi lozim. Kasallikning remissiya (tinch) davrida bemor ambulatoriyada oilaviy shifokor nazoratida davo olishi kerak.

Аyrim hollarda shifokor meʼdani uy sharoitida, zondsiz yuvishni tavsiya qiladi. Yaʼni toʼsh ostida ogʼirlik sezilsa, koʼngil aynab soʼlak oqsa meʼdada koʼp miqdorda toʼplangan shilimshiqni qayt qilib chiqarib yuborishi ham mumkin. Baʼzi hollarda meʼdani xona haroratidagi gazsiz maʼdanli suv bilan ertalab va kechqurun uyqudan oldin yuvish ham mumkin.

Parhez yordam beradi

Gastritni davolab tuzatishda parhezning oʼrni alohida. Chunki gastrit tufayli meʼda zaiflashadi, dagʼal ovqatlar unga qattiq botadi, demak isteʼmol qilinadigan taomlar yengil boʼlsa hazm osonlashadi. Bemor oz-ozdan tez-tez ovqatlanib, koʼproq guruchli yoki manniy boʼtqalar, kartoshka yoki sabzi pyuresi, bugʼlangan sabzavotli taomlar isteʼmol qilib, oʼta shirin yoki nordon boʼlmagan meva sharbatlari ichib yurgani maʼqul.

Gastritga chalingan bemorlar har galgi ovqatlanishda taom miqdorining koʼp boʼlmasligiga alohida ahamiyat qaratishlari kerak. Baʼzida bemor yarim tunda ichi achishib ketayotganidan uygʼonsa ilgaridan tayyorlab qoʼyilgan bir stakan sut yoki meva sharbatini ichib yotishi kerak yoki shirin suyuq choyga oq nondan tayyorlangan pechenьe yoki suxarili nonni ivitib yegan maʼqul.

Аsosiy maslahatlarimiz quyidagicha:

Kuniga 6-8 mahal oz-ozdan yangi pishirilgan ovqat yeb turilsa hazm aʼzolari bir maromda ishlaydi, meʼda shirasi faol ravishda ajraladi.

Yangi uzilgan shirin hoʼl meva va sabzavotlar, shuningdek yongʼoq, turshak va mayiz dasturxonda boʼlishi lozim. Qisqa fursatda tayyorlanadigan yeguliklar (gamburger, chizburger, xotdog, pitstsa, lavash) ni biroz cheklagan maʼqul. Tibbiy koʼrikdan oʼtmagan, koʼcha-kuyda qoʼlda tayyorlab sotilayotgan ovqatlarni yemagan yaxshi.

Kamqonlikning oldini oling, vitaminga boy ovqatlar, xususan koʼkatlar, qatiq, suzmalar temir moddasining organizmga soʼrilishini tezlashtiradi. Ovqatlanish vaqtida choy ichmang. (Choyni ovqatlangandan ikki soat keyin ichganingiz maʼqul) Qaynagan suv yoki maʼdanli gazsiz ichimliklar ovqatlanish paytida choy oʼrnini bosadi.

Yangi uzilgan oshkoʼkatlar va sabzavotlardan tayyorlangan salatlar, meva sharbatlari organizm quvvatini oshiradi. Oʼta issiq yoki oʼta sovuq ovqatlarni yeyish oshqozon-ichak tizimlariga zarar keltiradi. Har kuni bir xil vaqtda ovqatlanishga odatlangan yaxshi.

Аkmal YuLDАShEV,

7-shahar klinik shifoxona bosh shifokori.

Dilbar GʼULOMMАHMUDOVА,

diagnostika-tashxis boʼlimining mudiri.