Koʼz gimnastikasi glaukoma rivojlanishini bartaraf etadi

Koʼzning umumiy ahvolini yaxshilash uchun muntazam ravishda maxsus gimnastika mashqlarini bajarish kerak. Gimnastika mashqlarini oʼtirib yoki turib bajarish mumkin. Bunda televizor yoki kompьyuter ekraniga tikilmasdan, bir meʼyorda ravon nafas olib, koʼzni qunt bilan harakatlantirish lozim. Koʼzlarda glaukoma kelib chiqishining oldini olishga moʼljallangan mashq komplekslari juda koʼp. Sanitar qoidalar va meʼyorlar asosida maʼqullangan mashqlar quyidagi tartibda bajariladi.


Koʼz mushaklarini qattiq zoʼriqtirib koʼzlaringizni yumib turing va 1 dan 4 gacha sanang. Soʼng 1 dan 6 gacha sanab, koʼz mushaklarini boʼshashtirib koʼzlaringizni oching va uzoqlarga tikiling. Bu harakatlarni 4-5 marta takrorlang.

Nigohingizni burun qanshariga qaratib, 1 dan 4 gacha sanang. Soʼng toʼgʼriga qarab, uzoqlarga tikiling va 1 dan 6 gacha sanang. 4-5 marta takrorlang. Harakatlarni ohista bajaring, koʼzlaringiz toliqishiga yoʼl qoʼymang.


Boshingizni burmasdan nigohingizni oʼng tomonga qarating va 1 dan 4 gacha sanab ushlab turing. Soʼng toʼgʼriga qarab, uzoqlarga tikiling va 1 dan 6 gacha sanang. Xuddi shu tarzda nigohingizni chapga, tepaga va pastga qaratib mashq qiling. 3-4 marta takrorlang.

Nigohingizni tezlik bilan diagonalь boʼylab – oʼng tomon tepaga, chap tomon pastga yurgizing. Soʼng toʼgʼriga qarab, uzoqlarga tikiling va 1 dan 6 ga qadar sanang. Endi esa nigohingizni yana diagonalь boʼylab – chap tomon tepaga, oʼng tomon pastga yurgizing va uzoqlarga tikilib 6 ga qadar sanang. Mashqni 4-5 marotaba bajaring.

Boshingizni toʼgʼri tutib, yon tomonlarga burmasdan, koʼzlaringizni soat mili yoʼnalishida aylantiring. Soʼng koʼzlaringizni soat mili yoʼnalishiga qarama-qarshi yoʼnalishda aylantiring. Keyin 1 dan 6 gacha sanab, uzoqlarga tikiling. 4-5 marotaba bajaring.

Boshingizni qimirlatmasdan nigohingizni tepaga qarating va 1 dan 4 gacha sanab ushlab turing. Soʼng nigohingizni toʼgʼriga qaratib birdan oltiga qadar sanang. Shu kabi nigohingizni pastga toʼgʼriga, oʼngga toʼgʼriga, chapga toʼgʼriga qaratib mashq qiling. Koʼzlaringizni ikkala tomonga diagonalь boʼylab harakatlantirib, soʼng 1 dan 6 gacha sanab ham mashq bajaring. 3-4 marta takrorlang.

Koʼz ichi bosimini oshiradigan holatlarning oldini olishga harakat qiling. Masalan, issiq hammomda uzoq boʼlish, boshni pastga egib biror yumush bajarganda koʼz ichi bosimi oshishi mumkin.

Ogʼir boʼlmagan, meʼyoriy jismoniy harakatlar va mashqlar koʼzlar holatiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi degan fikrlar mavjud. Toza havodagi sayrlar, tez qadam tashlab yurish, suzish, fitnes bilan shugʼullanish, yoga va boshqa faolliklar har bir odam uchun foydali. Faol jismoniy hayot tarzi glaukoma rivojlanishiga turtki berishi mumkin boʼlgan stressdan qutulishda yordam beradi.

Ovqat ratsioningizga eʼtibor qarating. Unda yetarli miqdorda meva-sabzavotlar, yogʼsiz goʼsht va baliq boʼlishi lozim. Tuzlangan, oʼtkir va yogʼli ovqatlarni iloji boricha kamroq isteʼmol qilish kerak. Kuniga 1,5-2 litrdan koʼp suyuqlik ichmang. Tanovvul qilayotgan mahsulotlaringiz sifati va yangiligini nazorat qiling.

Xonada oʼtirganda uning yetarlicha yoritilishiga ahamiyat bering. Kunning qorongʼu vaqtida xonada yorugʼlik manbai boʼlishi lozim, chunki shunday qilinsa glaukoma bilan ogʼriydiganlar uchun koʼz qorachigʼi kengayishining oldi olinadi.

Dunyoning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari glaukomani davolash uchun moʼljallangan dori vositalarini yaratish ustida ishlamoqdalar. Lekin hozirgi kunda yoʼqotilgan koʼrish quvvatini ortga qaytarishning iloji yoʼq. Faqatgina bemorning oʼz koʼrish qobiliyati va salomatligining umumiy ahvoli haqida doimo qaygʼurishi, profilaktik koʼriklardan oʼtib turishi va oʼzidagi xavfli kasalliklarni barvaqt aniqlashigina koʼrish oʼtkirligining yoʼqotilishini sekinlashtirish yoki toʼxtatishda yordam beradi.

Nilufar SOBIRJONOVА, mutaxassis.