Sut bezi sili

Markazimizga 37 yoshli bemor ayol murojaat qildi. Uning aytishicha, chap tomondagi sut bezi sohasi qizargan, shish bor, ogʼriydi, paypaslaganda tugunli hosila qoʼlga unnaydi. Bu hol bir necha oy avval paydo boʼlgan, oʼshanda u shifokor tavsiyasiga koʼra yalligʼlanishga qarshi ambulator muolajalar qabul qilgan, nafi boʼlmagan.



Shundan soʼng bemor onkolog-mammologga murojaat etgan, bemorning chap sut bezidagi tugundan ingichka ignali biopsiya olingan. Gistologik taxlil xulosasiga asoslanib, bemorga «chap sut bezi sili» tashxisi qoʼyilgan va bizning markazimizga yuborilgan. Markazimizning Oʼpkadan tashqari aʼzolar sili boʼlimida bemor statsionar ravishda toʼliq tekshiruvlardan oʼtkazildi va maxsus davo tavsiya qilindi. Ikki oylik davolash kursidan soʼng bemorda kasallik belgilari toʼliq bartaraf etildi, sut bezi kosmetik nuqsonlarsiz oʼz xoliga qaytdi. Bunday misollar yetarlicha uchrab turadi.

Statistik maʼlumotlarga koʼra, sut bezlari sili dunyo mamlakatlarida silga chalingan bemorlarning 0,1 – 4 foizini tashkil etadi, yaʼni Gʼarbiy Yevropa davlatlarida sil kasalligiga chalingan bemorlarning har 1000 tasidan 1 tasida sut bezi sili kuzatilsa, Hindiston va Sharqiy Osiyo davlatlarida bu koʼrsatkich 100 tadan 4 taga toʼgʼri keladi.

Hozirgi vaqtda kelib, sut bezining sil (tuberkulyoz) kasalligi dolzarb muammoga aylanmoqda. Uning dolzarbligi shundaki, bu kasallik oʼzining koʼrinishlari va kechishi boʼyicha koʼp jihatdan sut bezi saratonini eslatadi. Shu sababdan koʼpchilik bemorlar onkologga murojaat qilishadi. Baʼzi bemorlar esa oʼzlaridagi kantserofobiya (saratondan qoʼrqish) holati tufayli, hatto onkologga ham oʼz vaqtida murojaat qilishmaydi. Oqibatda kasallik asoratlangan shakllarga oʼtadi, koʼplab jiddiy nuqsonlar paydo boʼladi, bemorda oʼta tushkun ruhiy holatlar roʼy beradi. Xoʼsh, qanday qilib bunday holatlarning oldini olish mumkin?

Umuman, sut bezi sili qanday kasallik? Аslida bu kasallikning paydo boʼlishi, kechishi, belgilari, tashxislash, davolash va oldini olish chora-tadbirlari haqida har bir kishi bilib qoʼyishi lozim.

Kelib chiqishi va belgilarning oʼziga xosligi

kox-tayoqchasi

Sut bezi sili – sil mikobakteriyalari (Kox tayoqchalari) qoʼzgʼatadigan sut bezining oʼziga xos yalligʼlanishli kasalligi boʼlib, kelib chiqishi boʼyicha birlamchi va ikkilamchi turlarga ajratiladi. Birlamchi sil koʼpincha laktatsiya (koʼkrakdan sut kelish) davrida yuzaga keladi, bunda kasallik qoʼzgʼatuvchilari sut yoʼllari orqali kirib boradi va oʼziga xos yalligʼlanishni yuzaga keltiradi. Ikkilamchi turda esa, qoʼzgʼatuvchi avval sil bilan kasallangan aʼzolardan (oʼpkalar, koʼks oraligʼi aʼzolari va boshqalardan) qon va limfa yoʼllari orqali bez toʼqimasiga kirib boradi, hamda yalligʼlanish oʼchoqlarini hosil qiladi.

Bundan tashqari sut bezi silining sklerozlanuvchi turi koʼpincha yoshi katta ayollarda kuzatiladi, bu turida yalligʼlanish va yiringlash belgilari deyarli boʼlmaydi. Аbstsesslangan turi ikkiga ajratiladi. Birinchi turida faol yalligʼlanish belgilari kuzatilib, jarayon terida oqma yara xosil boʼlishi bilan namoyon boʼladi, bunda yaradan yiringli ajralmalar kelib turadi. Ikkinchi turi «sovuq abstsess» deyiladi, bunga sabab, u uzoq vaqt bemorni bezovta qilmaydi va faqatgina tugunli hosila koʼrinishida boʼladi.

Sut bezi kasalliklari orasida sil tez-tez uchrab turmasada, uni hech qachon eʼtibordan qoldirmaslik lozim, ayniqsa immun holati sust bemorlarning bu kasallikka chalinish ehtimoli yuqoridir.

Harakatchan tugunlar, yiringli yaralar

Sut bezida ogʼriqsiz, notekis hosila yoki qattiqlik paydo boʼlishi, teri oʼzgarishlari (ajinsimon chiziqlar paydo boʼlishi, soʼrgʼichning tortilishi), mahalliy limfa tugunlarining kattalashishi sut bezi silining belgilari hisoblanadi. Baʼzan koʼkrakda ogʼriqli shish, qizarish paydo boʼladi, bu tibbiy tilda «sil mastiti» deb yuritiladi. Bemorlar vaqti-vaqti bilan tana haroratlari koʼtarilib turishi, koʼp terlash, madorsizlikdan shikoyat qiladilar.

Koʼkrakda zararlanish oʼchoqlari turlicha – kichik oʼlchamli harakatchan tugundan, katta, ogʼriqli, koʼkrak qafasiga bitishib ketgan oʼsma koʼrinishigacha boʼlishi mumkin. Sut bezi silining tarqalgan turida bez toʼqimasida koʼplab yalligʼlanish oʼchoqlari aniqlanadi. Bunda bez toʼqimasi va terisi sezilarli qattiqlashgan holatda boʼladi. Baʼzan koʼkrak terisida yaralar paydo boʼlib, yaradan yiringli ajralma chiqib turishi kuzatiladi. Bemorlarning qoʼltiq osti, oʼmrov osti va ustki sohalari, boʼyin sohasi limfa tugunlari kattalashishi, baʼzi hollarda tugunlar birlashib katta toshsimon hosilaga aylanishi mumkin.

Tashxislash murakkabliklari

mammografiya

Sut bezi silining turli koʼrinishda kechishini hisobga olib aytganda, tashxislash bir muncha murakkabliklarni oʼz ichiga oladi. Koʼrinishi jihatidan koʼpincha sut bezi saratonini eslatganligi sababli, onkologik muassasalarda sut bezi saratoniga shubha qilinib, amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlari vaqtida yoki biopsiyadan soʼng aniq tashxislanadi.

Sut bezi zararlanishini tashxislashda asosiy usul, zararlangan sohadan biopsiya olishdir. Bunda olingan toʼqima mikrobiologik va gistologik usullarda tekshiriladi. Mikrobiologik tekshiruv zararlangan materialda sil tayoqchasini aniqlash va uni silga qarshi dori vositalariga nisbatan sezgirligini baxolashga asoslanadi. Shuni yodda tutmoq lozimki, olingan toʼqimada sil tayoqchalarining topilmasligi sil jarayoni toʼliq inkor qilindi degani emas. Tekshirilayotgan toʼqimada maxsus sil granulyomasi yoki Pirogov – Langxansning gigant hujayralarining aniqlanishi sil jarayoni kechayotganini tasdiqlaydi.

Hozirgi vaqtda sut bezi kasalliklarini (shu jumladan sut bezi silini ham) tashxislashda rentgen mammografiya tekshiruvi keng qoʼllanilmoqda, Mammografik tekshiruvda quyidagilarni aniqlash mumkin:

– sut bezi silining tugunli turida chegaralari noaniq boʼlgan, zichligi yuqori, xajmi katta hosila namoyon boʼladi (buni sut bezi saratonidan farqlash mushkul);

– sut bezi silining tarqalgan turida rentgenologik tasvir sut bezi saratonining shish-infilьtrlangan shaklini eslatadi;

– sut bezi silining sklerozlangan turida bezda tarqalgan fibroz oʼzgarishlarni kuzatish mumkin.

Ulьtratovush tekshiruvi zararlangan toʼqima xususiyati (tugunli, boʼshliqli va boshqalar)ni, oqma yarali turlarida yaraning yoʼlini, punktsiya orqali biopsiya olish joyini aniqlashda koʼmaklashadi.

Yakuniy tashxisni faqatgina morfologik va mikrobiologik tekshiruv orqali qoʼyish mumkin.

Sut bezi silini tashxislashning bir muncha murakkabligini inobatga olib, shubhali xolatlarda, boshqa usullar yordam bermaganda, jarayonning sil yoki saratonligini aniqlash maqsadida zararlangan sohadan qisman rezektsiya qilib olinadi va olingan toʼqima tezkor gistologik tekshiruvdan oʼtkaziladi.

Sut bezi silining oqma yarali turlarida yaradan chiqadigan ajralma mikrobiologik tekshiruvdan oʼtkaziladi, bunda tuberkulyoz qoʼzgʼatuvchilari aniqlansa, uning dorilarga sezgirlik turiga qarab dori muolajalari tayinlanadi. Bunday holatlarda jarrohlik muolajalari faqatgina dori –darmonlar toʼliq samara bermagandagina qoʼshimcha muolaja sifatida bajariladi.

Davolash naf beradi

sut-bezi-sili-davolash

Sut bezi silini davolashda silga qarshi dori vositalaridan keng qoʼllaniladi. Kasallikning ilk bosqichlarida dori vositalarini qabul qilishning oʼzigina toʼliq, asoratlarsiz tuzalishga kifoya qilishi mumkin.

Kasallik avj olganda va sut bezi toʼqimasida qaytmas oʼzgarishlar yuzaga kelganda jarrohlik amaliyoti qoʼllaniladi. Jarrohlik amaliyotida sut bezi zararlangan toʼqimalardan xalos qilinadi.

Davolashning asosiy kurslaridan soʼng barcha bemorlar, oʼzlarining turar joylaridagi silga qarshi kurashish dispanseri nazoratida turishadi. Ular kasallik qaytalanishining oldini olish maqsadida davolashning qoʼllovchi kurslarini qabul qilishlari shart.

Аlohida tavsiyalarimiz shuki, ayollar vaqti-vaqti bilan sut bezlarini qoʼl uchida paypaslab koʼrishlari va biror oʼzgarish sezsalar albatta shifokorga murojaat etishlari kerak. Аgar emizikli ayol sut bezi siliga chalingan boʼlsa, kasallik bolaga yuqishining oldini olish maqsadida zararlangan koʼkrak bilan goʼdakni emizishlari man etiladi.

Sut bezi sili oʼz vaqtida aniqlanib zarur davo vositalari qunt bilan amalga oshirilsa bemorlar sogʼayib oilasi davrasiga – toʼlaqonli sogʼlom hayotga qaytadilar.

Zarifa MOʼMINOVА,

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulьmonologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mammolog shifokori.