Bolalarning sogʼlom oʼsishida tish-jagʼ tizimi aʼzolari: tishlar, ular atrofidagi jagʼ suyaklari va pastki jagʼni harakatga keltiruvchi mushaklar alohida rol oʼynaydi. Tish-jagʼ tizimi aʼzolari ovqatni uzib olish, maydalash bilan birga soʼlak va meʼda shirasi ajralishini tezlashtirib, ovqatni meʼdada hazm boʼlishini osonlashtiradi. Bundan tashqari, tish-jagʼ tizimi aʼzolari nafas olishda, soʼzlarni talaffuz qilishda faol ishtirok etadi. Аgar u kasallikka chalinsa, bolalik va oʼsmirlik davrida notoʼgʼri rivojlansa yoki tish tushib ketgan boʼlsa oʼz vazifasini toʼla bajara olmaydi.
Tugʼilgandan boshlab 7 yoshga kirguncha bolaning ogʼirligi 7-8 marta, 15 yoshlarda 12-13 marta oshadi. Tananing bunday zoʼr berib oʼsishi yosh organizmning oziq moddalarga boʼlgan talabini bir necha marta oshirib yuboradi. Bu esa oʼz navbatida bola tish-jagʼ tizimi aʼzolari yaxshi ishlashini talab qiladi. Ovqat yaxshi chaynalganda, ogʼiz boʼshligʼi soʼlak bilan yetarli namlanganda uglevodlar yaxshi parchalanib, uning organizmga singishi yana ham ortadi. Bordi-yu ovqat yaxshi chaynalmasa va ogʼiz boʼshligʼida soʼlak bilan yetarlicha namlanmasa, meʼdada yaxshi hazm boʼlmaydi, bu bola organizmining oʼsishi bilan birga jismonan rivojlanishini susaytirib qoʼyadi.
Baʼzi bolalarning tish-jagʼ tizimi aʼzolari meʼyorida rivojlanmay qoladi (anomaliya), deformatsiya (shaklini oʼzgartirish) holatlari kuzatiladi. Bunday oʼzgarishlar bola kichik yoshida uncha bilinmaydi, oʼsa borgan sayin esa sezila boshlaydi, yaʼni yuz-jagʼ shakli oʼzgarib, qiyshayadi va xunuklashib qoladi.
Tish-jagʼ tizimi aʼzolari anomaliyalari va deformatsiyalari turlicha kechib, tishlar, tish qatorlari, jagʼlar, yuqori va pastki tish qatorlarining oʼzaro munosabati tishlam (okklyuziya) prikus mushaklar nomutanosibligi (anomaliyasi)da koʼzga tashlanadi. Bunda tishlarning soni, shakli, ularning katta-kichikligi, jagʼ suyagida joylashishi oʼzgaradi.
Nutq buzilishiga sabab boʼladi
nutq
Baʼzan tishlar soni 32 tadan kam boʼlishi yoki ayrimlari chiqmay qolishi mumkin. Bunga tish kurtagining yoʼqligi yoki tishning jagʼ suyagini oʼz vaqtida yorib chiqa olmasligi sabab boʼladi. Jagʼda chiqmagan tish oʼrni boʼsh qoladi. Baʼzi vaqtlarda odatdan tashqari “ortiq” tishlar chiqadi. Tishlar notoʼgʼri chiqqanda bola ovqat chaynashga qiynaladi, unda tovush hosil qilish funktsiyasi buziladi, tish va milklari kasallanadi. Аyniqsa lab tomonidan chiqqan tishlar labni koʼtarib yuz husnini buzsa, til tomondan yoki tanglay tomondan chiqsa nutqni buzilishiga sabab boʼladi.
Odatda oldingi (frontal) tishlar pastki oldingi tishlarning toj sohasining uchdan bir qismini qoplab turadi. Ogʼiz yumilganda oldingi tishlar jipsligi, ogʼir hollarda yon tishlarning jipslashmasligi kuzatiladi, bu “ochiq” yoki kesishgan prikus deyilib, ovqatni uzib olish mumkin boʼlmay qoladi, burun orqali nafas olish buzilib, ogʼiz bilan nafas olinadi.
Аyrim hollarda yuzning pastki qismi kalta boʼladi, burun-lab, iyak teri burmalari (chuqurlashib) bilinib turadi. Pastki lab osilib, ogʼiz burchaklari bichilib yotadi, ayrim hollarda bir jagʼdagi oldingi tishlar koʼrinmaydi va nihoyat, pastki oldingi tishlar qirrasi bilan tanglayning oldingi tomonini jarohatlashi mumkin. Bunda ovqat faqat yon tishlar bilan uzib olinadi, oldingi tishlar bilan uzib olib boʼlmaydi. Bu turdagi anomaliyani “chuqur” prikus deyiladi.
Baʼzan yuzning bir tomoni botiq boʼlib qoladi. Tishlarning oʼzaro mosligi buziladi, yaʼni pastki jagʼ yoki yuqori jagʼning bir tomoni oʼsmay qoladi, ular qarama-qarshi yon tomonga surilgan boʼladi. Ovqatni chaynash funktsiyasi buziladi, bu “qiyshiq” prikus deyiladi. Baʼzi bolalarda lablar birikmay, yuqori oldingi tishlar koʼrinib turadi, ayrim hollarda bu tishlar lab tomonga ogʼib, pastki labni bosib turadi. Yuqori jagʼ pastki jagʼga nisbatan oldinda turadi, yon tishlar jipslashganda oldingi tishlar jipslashmaydi. Natijada tovush hosil boʼlishi buziladi.
Yuz-jagʼ sohasida nuqsoni bor bolalar, oʼsmirlar va hatto katta yoshli odamlar koʼp gapirmaslikka, kulmaslikka harakat qiladilar, iymanib koʼpchilikka qoʼshila olmaydilar. Bu esa ularning asab tizimi ishiga salbiy taʼsir koʼrsatadi.
Аytish mumkinki, homilador ayolning koʼp kasal boʼlishi, ogʼir yuk koʼtarishi, homiladorlik taomnomasida bolaning oʼsishi uchun kerakli ozuqa moddalari va mineral elementlarning yetishmasligi, chaqaloqni notoʼgʼri yoʼrgaklash yoki uni doim bir xil holatda yotqizib qoʼyish, bolaning yuqumli kasalliklarga koʼp chalinishi, avitaminoz, havo va quyosh nurining yetishmasligi, sunʼiy ovqatlantirish (yoki bolani soʼrgʼichga oʼrgatish), tish kasalliklari, sut tishlarning doimiy tishlar bilan oʼz vaqtida almashmasligi, kasal tishlarni davolatmaslik yoki uni erta olib tashlash, yuz-jagʼ sohasidagi yalligʼlanish jarayonlari, bolaning zararli odatlari (yaʼni qoʼlni soʼrish, oʼtirish va yurish vaqtida qomatni notoʼgʼri tutish) bolalarda yuz-jagʼ tizimi va tishlar nuqsonlarini keltirib chiqarishga sabab boʼladi.
Zararli odatlardan voz kechilsa…
Barmoqni, labni, lunjni va har qanday narsalarni soʼrish va tishlash, soʼrgʼich soʼrish, tishlarni gʼijirlatish, notoʼgʼri yutinish va til bilan tishlarni itarish, ogʼiz orqali nafas olish, notoʼgʼri – soʼzlarni talaffuzi, pastki jagʼ va tilni tinch holatda notoʼgʼri tutish singarilar zararli odatlar boʼlib, bolalar bunday holatni asosan 1,5-2 yoshli boʼlganda oʼrganadi. Аgar soʼrish odati 3 yoshgacha yoʼqolib ketsa, paydo boʼlgan deformatsiya oʼz-oʼzidan tuzalib ketadi. Bola bu odatini 4-5 yoshgacha davom ettirsa deformatsiya zoʼrayib ketadi. Barmoqni soʼrish natijasida pastki jagʼ yuqori jagʼga nisbatan orqada qoladi (prognatik prikus), pastki va yuqori oldingi tishlar jipslashmaydi (ochiq prikus), pastki jagʼ bir tomonga surilib qoladi (qiyshiq prikus). Lunjni soʼrish odati tufayli yon tishlar ichkari tomonga ogʼadi. Ruchka, qalam tishlaganda oldingi tishlar sohasidagi suyak oʼsmay qoladi, natijada bu tishlar jipslashmaydi.
Ovqatni toʼgʼri chaynaganda, yaʼni ikkala tomonda galma-gal chaynalganda tish-jagʼ tizimi toʼgʼri rivojlanadi. Ovqatni har doim bir tomonda chaynaganda “qiyshiq prikus paydo boʼlishi” agar ovqat doim oldingi tishlar bilan chaynalsa, ochiq prikus paydo boʼladi. Bu tishlar meʼyordan ortiq bosim tufayli qimirlab, qiyshayib qoladi. Ovqatni erinchoqlik bilan chaynash tufayli tish-jagʼ faoliyati meʼyorda kechmay, sekin rivojlanadi. Bolalarda ovqat chaynalgan tomonda tishlar tezroq chiqadi, jagʼ, mushaklar oʼsib rivojlanadi, chaynalmagan tomonda esa buning aksi roʼy beradi.
Ovqatni toʼgʼri yutish ham katta ahamiyatga ega. Goʼdak sunʼiy ovqatlantirilganda yutish jarayoni buzilishi mumkin. Bunga koʼpincha uzun soʼrgʼich, ona sutining koʼp boʼlishi, soʼrgʼich teshigining kattaligi sabab boʼladi. Notoʼgʼri yutishga bolani uzoq vaqt suyuq va yarim suyuq ovqatlar bilan ovqatlantirish, burun yoʼllari kasalliklari, surunkali tonzillit, soʼrgʼichni doim soʼrib yurish, barmoqni ogʼizga solib yurish kabi odatlar sabab boʼlishi mumkin. Bu holat uzoq vaqt davom etganda tish-jagʼ yoyi va boshqa yuz suyaklari notoʼgʼri shakllanishi mumkin.
Ogʼiz bilan nafas olish bir qancha oʼzgarishlarni keltirib chiqaradi. Bu vaqtda jagʼ va yuz skeletining shakli oʼzgaradi, tish-jagʼ anomaliyalari paydo boʼladi, yuqori jagʼ tish yoyi torayib qoladi, talaffuz buziladi, pastki jagʼ yuqori jagʼga nisbatan orqada turib qoladi va ochiq prognatik prikus paydo boʼladi.
Gavdani notoʼgʼri tutishga odatlanish, qaddi-qomatning oʼzgarishiga olib keladi. Boshni notoʼgʼri qoʼyib uxlash, chalqancha yotish, qorin yoki bir yonbosh bilan, qoʼlni bosh ustiga qoʼyib, baland yoki past yostiqda yotish odati jagʼ-yuz suyaklarining nosimmetrik rivojlanishiga, ularning torayishiga, bir-biriga nisbatan surilib qolishiga, tez yoki sekin oʼsishiga sabab boʼladi.
Bola yomon odatlarga oʼrganmasdan turib oldi olinsa, oʼz-oʼzidan nuqsonlar toʼgʼrilanib qoladi. Shuning uchun homilador ayollar, emizikli onalar, yasli va bogʼcha bolalari tarbiyalovchilari, oʼqituvchilar oʼrtasida bolalar stomatologi yoki pediatr mutaxassislar tomonidan suhbatlar oʼtkazilib turilishi lozim. Bu suhbatlar yomon odatlar natijasida paydo boʼlgan anomaliyali va deformatsiyali bolalarning rasmlari, yomon odatlarini yoʼqotishda koʼrgazmali qurollarni namoyish qilish bilan birgalikda olib borilsa yaxshi natija beradi. Аgar bolaning yuz tuzilishida, tishlarida, jagʼida, nafas olishida, gapirishida, chaynashida biror kamchilik sezilsa, tezda oila shifokoriga keyinchalik stomatolog mutaxassisga koʼrsatish zarur.
Muhammadjon АZIMOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi
“Bolalar yuz-jagʼ xirurgiyasi” kafedrasi professori.